Yangi qurilish loyihalarida tadbirkorlar elektr va gaz taʼminotiga ulanishi uchun texnik shartlar olish tizimi raqamlashtiriladi

12:33 17 Iyul 2024 Siyosat
279 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yangi qurilish loyihalarida tadbirkorlar elektr va gaz taʼminotiga ulanishi uchun texnik shartlar olish tizimini raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.

Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion soʻm ajratildi.

Lekin, yilning yarmi oʻtgan boʻlsada, 824 milliard soʻmlik 88 ta loyihada qurilish ishlari boshlanmagani koʻrsatib oʻtildi va mutasaddilarga oqsoqlikni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berildi.

Ayniqsa, 147 ta shifoxonani tibbiy jihozlar bilan taʼminlash, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxonada, 618 ta maktab va 176 ta bogʻchada qurilish ishlarini belgilangan muddatda yakuniga yetkazish shartligi haqida masʼullar qatʼiy ogohlantirildi.

Yil yakuniga qadar 2 trillion soʻmlik ishlarni bajarib, 570 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash va beton qoplamali kanallar ulushini 39 foizga yetkazish, 13 ming kilometr yoʻl, 195 ta koʻprikni foydalanishga topshirish zarurligi qayd etildi.

Joriy yilda 2 ming 152 ta koʻp qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. Buning uchun 9 mingta xonadonli 195 ta uy-joy qurilishini tezroq boshlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilashga ajratilayotgan mablagʻlarning samarasini aholimiz kundalik hayotida his qilishi shartligi taʼkidlandi. Jumladan, hududlarda 2 ming kilometr tarmoq, 99 ta suv inshooti va 1 ta oqova suv nasos stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер