Yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarni chiqindi toʻplash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish taqiqlanadi

10:05 15 Avgust 2022 Jamiyat
635 0

Foto: Arxiv surat

“Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–189-son, 11.08.2022-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, tadbirkorlik subyektlari – sanitar tozalash korxonalaridan (davlat unitar korxonalari bundan mustasno) undiriladigan quyidagi majburiy toʻlovlar bekor qilinadi:

— Sanitar tozalash boʻyicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasiga sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatganlik uchun undiriladigan toʻlovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar;

— sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlariga sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatganlik uchun undiriladigan toʻlovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar.

2026-yil 1-yanvargacha asosiy faoliyati chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik subyektlari uchun ushbu faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransportlar va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddati 7 yildan 10 yilga hamda bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.

Kichik tadbirkorlik subyektlari boʻlgan sanitar tozalash korxonalariga:

— investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklarning milliy valyutada ajratiladigan kreditlari boʻyicha 50 foizgacha (50 foiz ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafilliklar;

— 2024-yil 1-yanvargacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklarning milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha “2+1” tamoyili asosida kompensatsiyalar taqdim etiladi.

Farmonga koʻra,ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlariga Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan yuritiladigan “Yashil makon” va boshqa platformalardan foydalanish imkoniyatini yaratiladi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlariga mahallalarda ekologik nazoratni amalga oshirish boʻyicha quyidagi vazifa va vakolatlarni berish orqali “Ekologik patrul” ishlash tizimini kengaytiriladi:

— mahallalarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek, brakonyerlikka qarshi kurashish;

— ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar hamda brakonyerlikka qarshi kurashish boʻyicha bevosita maʼmuriy javobgarlikka tortish va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish.

Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik holatlarini aniqlashi va zarur choralar koʻrishi natijalariga koʻra pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi.

Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari, Patrul-post xizmati xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy javobgarlikka tortish choralari koʻrilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablagʻlarning 30 foizi miqdordagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

2023-yil 1-yanvargacha aholini uning qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi haqida foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritish billing tizimi orqali xabardor qilish tizimi joriy etiladi.

2023-yil 1-yanvardan yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarni chiqindi toʻplash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

2022-yil 1-oktyabrgacha aholiga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun toʻlovlarni barcha mavjud toʻlov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2022-yil 1-noyabrgacha qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?