Yangi qonunning Konstitutsiyaviy sud sudyasi mustaqilligini taʼminlashdagi ahamiyati qanday?

15:06 04 May 2021 Jamiyat
556 0

Konstitutsiyaviy sudni inson va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining qoʻriqchisi boʻlgan sudlov organi deb aytish mumkin. Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligini taʼminlash esa dolzarb ahamiyatga ega. Binobarin, Konstitutsiyaviy sud ishlarni faqat Konstitutsiyaga boʻysungan holda koʻrib hal qilishi uchun uning mustaqilligini taʼminlash zarur.

2021-yil 27-aprelda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Unda Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan quyidagi yangiliklar joriy etildi.

Birinchidan, Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati qayta koʻrib chiqildi. Avval Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati besh yilni tashkil etgan boʻlsa, yangi qonunga koʻra birinchi marta saylanganda besh yilni, navbatdagi saylanganda oʻn yilni tashkil etadi.

  • Taʼkidlash joizki, avvalgi qonunda ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emasligiga doir qoida yangi qonunda ham saqlanib qoldi. Bu shuni anglatadiki, avval Konstitutsiyaviy sudning sudyasi boʻlish muddatining eng koʻp uzoq muddati 10 yilni tashkil etgan boʻlsa, endilikda bu muddat 15 yilni tashkil etadi. Mamlakatimizda Konstitutsiyaviy sud sudyalarini uzoq muddatga saylash tizimini bosqichma-bosqich joriy etilayotgani Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mustaqilligini taʼminlashda ijobiy ahamiyatga ega.
  • Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari boʻlishga muddat nuqtayi nazaridan cheklov oʻrnatildi. Qonuning 18-moddasiga binoan endilikda ayni bir shaxs Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning oʻrinbosari etib ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Yuqorida taʼkidlanganidek, ayni bir shaxs Konstitutsiyaviy sud sudyasi sifatida faoliyat olib borish mumkin boʻlgan muddatning chegarasi 15 yilni tashkil etsa, ayni bir shaxsning Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borish mumkin boʻlgan muddatning chegarasi uzogʻi bilan 10 yilni tashkil etadi.
  • Bir shaxning Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning oʻrinbosari etib ikki muddatdan ortiq faoliyat olib bora olmasligi Konstitutsiyaviy sudning ichki mustaqilligini taʼminlaydi. Sud hokimiyatining mustaqilligi sudyalarning oʻzlari faoliyat olib borayotgan suddan tashqari boshqa organlar, tashkilot, muassasalar, ularning mansabdor shaxslari, fuqarolar hamda yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan bosim, aralashuv yoki taʼsirlardan holi qaror qabul qilishlarida emas, balki shu bilan birga oʻzlari faoliyat olib boradigan suddagi boshqa sudyalardan ham mustaqilligini nazarda tutadi. Bu ichki mustaqillik hisoblanadi. Joriy etilgan cheklov Konstitutsiyaviy sudning ichki mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
  • Uchinchidan, avvalgi qonunda Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanishi nazarda tutilib, ularning ushbu lavozimdan ozod qilinishi tartibga solinmagan edi. Yangi tartibga binoan Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari yozma arizalariga koʻra Konstitutsiyaviy sud tomonidan egallab turgan lavozimidan ozod qilinishlari mumkin.
  • Toʻrtinchidan, Konstitutsiyaviy sud sudyasi faoliyatining ijtimoiy-moddiy kafolatiga alohida eʼtibor qaratildi. Qonunning 17-moddasida vakolatlari muddati tugagan sudyani yangi vakolat muddatiga qayta saylash yoki boshqa ish taqdim etish toʻgʻrisidagi masala hal boʻlayotgan davrda, biroq uch oydan ortiq boʻlmagan muddatda oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
  • Beshinchidan, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining daxlsizligi kuchaytirildi. Umuman olganda, Konstitutsiyaviy sud sudyasi Konstitutsiyaviy sudning roziligisiz jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, shuningdek qamoqqa olinishi mumkin emas. Qabul qilingan qonunning 14-moddasiga koʻra endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlik yoki odamning oʻlimiga sabab boʻlgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik aybi qoʻyilgan hollardagina qoʻllanilishi mumkin. Bunday qoida Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudyasiga nisbatan ham qoʻllaniladi. Bu Konstitutsiyaviy sud sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi har qanday jinoyat yuzasidan qoʻllanavermasligini anglatib, Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizligini kuchaytiradi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mustaqilligi kafolatini yana-da kuchaytirib borish Konstitutsiyaviy sudning ishlarni faqat Konstitutsiyaga boʻysungan holda koʻrib chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunda aynan mana shu jihatning eʼtiborga olingani diqqatga sazovor. Konstitutsiyaviy sud sudyalarning mustaqilligi kafolatlarini bunday keyin ham kuchaytirib borish Konstitutsiyaviy sud oldiga qoʻyilgan vazifalarni adolatli amalga oshirish va hamda mamlakatimizda Konstitutsiyaning ustunligi prinsipining amaliy ifodasini taʼminlaydi.

Botirjon Qosimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
katta oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?