Yangi qonun — vijdon erkinligining huquqiy kafolati

21:28 06 Iyul 2021 Jamiyat
504 0

Oʻzbekiston — huquqiy demokratik davlat. Shu bois yurtimiz fuqarolarining barcha huquqlari qatori vijdon erkinligining huquqiy kafolatlari hamda uning amaliyotda toʻla-toʻkis taʼminlanishini eʼtiborga olish zarur. Zero, diniy eʼtiqod bu fuqarolarning nozik tuygʻulari boʻlib, uning oʻziga xos hassos jihatlari mavjud.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunini imzoladi. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kirdi.

Yangi qonun avvalgilaridan ancha takomillashgan, eng muhimi, vijdon erkinligi borasidagi inson manfaatlari va huquqiy kafolatlari qamrab olingan. Chunonchi, yangi qonun bilan diniy taʼlim muassasalarida diniy taʼlim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi, diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi, diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yigʻinlari roziligini olish talabi bekor boʻldi.

Shuningdek, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi ham yengillashtirildi, yaʼni:

– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirildi;

– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yigʻilish oʻtkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlandi;

– taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqardi;

– roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron koʻrinishda amalga oshirilishi joriy etildi;

– diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilandi;

– roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish asoslari aniq belgilandi.

Yangi qonunda fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yoʻl qoʻyilmasligiga oid cheklov bekor qilindi.

Taʼkidlab joiz, mamlakatimiz aholisining mutlaq koʻpchiligi islom diniga eʼtiqod qiladi. Vijdon erkinligi borasida boshqa dinlar va diniy tashkilotlar faoliyati ham qonun asosida bir xil belgilandi va voqelikda shunday ijro qilinadi.

Vijdon erkinligi – bu fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Islom dini biror insonni dinga zoʻrlab kiritishga, oʻz eʼtiqodini boshqalarning xohishiga qarshi oʻlaroq tiqishtirishga yoʻl qoʻymaydi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan boʻlur edilar. Bas, Siz odamlarni moʻmin boʻlishlariga majbur qilasizmi?!» (Yunus surasi, 99-oyat).

Bosh Qomusimizning 31-moddasida: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”, deb belgilab qoʻyilgan.

Bu Qurʼoni karimning Baqara surasi 256-oyati mazmuni bilan hamohangdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Dinda zoʻrlash yoʻq, zero, toʻgʻri yoʻl yanglish yoʻldan ajrim boʻldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir”, deyilgan.

Oyati karimaning nozil boʻlishiga ushbu voqea sabab boʻlgan: «Madinalik Abul Husayn deb ataluvchi bir musulmon kishi nasroniy dinidagi ikki oʻgʻlini islom dinini qabul qilishga majbur etgan. Lekin ular koʻnishmagan. Shunda ota va oʻgʻillar bu muammoni hal qilib berish uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamga murojaat qilishgan. U zot oʻgʻillarini Islomga majburan kiritishdan otani qaytarganlar» («Madorik at-tanzil va haqoiq at-taʼvil»).

Barcha zamon va makonlarda turli din va millatlarga mansub aholi orasida oʻzaro totuvlikning mavjudligi barqaror rivojlanish omili va kafolatlaridan biri boʻlib kelgan. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyatda hayotiy muhim boʻlgan huquqlarning, xususan, diniy erkinliklarning taʼminlanganligiga va milliy oʻziga xos madaniyatlarning himoyalanganligiga asoslangan.

Xulosa qilib aytganda, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi qonunda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning izchil davomi sifatida har bir insonning vijdon erkinligini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qoʻllash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu esa, 130 dan ziyod millat va elat yashayotgan Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?