Yangi Oʻzbekistonning yangi tashabbuslari dunyo taraqqiyotiga xizmat qiladi

11:08 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
953 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasidagi chiqishi, yuksak minbarda ona tilimizda yangragan nutqi barchamizning qalbimizni gʻururga toʻldirdi. Nutqni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tingladi, oʻqidi. Bu tarixiy voqea ona tilimizga boʻlgan cheksiz hurmat, milliyligimizni, oʻzligimizni qadrlashga boʻlgan yuksak ehtirom belgisidir.

Zamonaviy tahdidlarga qarshi konstruktiv takliflar

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari sessiyaning yalpi qismida soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etdi hamda Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Muhokamalarning asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish hamda kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib oʻtish masalalariga urgʻu berdi.

Oʻzbekiston rahbari mintaqada va global miqyosda tinchlik hamda barqarorlikni mus­tahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish hamda kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xataru tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Ularning birinchisi koronavirus bilan bogʻliq. Bunday global ofat sayyoramizda soʻnggi yuz yilda kuzatilmagan. Qisqa muddatda dunyoni chirmovuqdek oʻrab olgani, koʻplab davlatlarning sogʻliqni saqlash xizmatlarini falajlab qoʻygani, kasallikka yoʻliqqanlar soni 36 milliondan oshib, vafot etganlar soni 1 milliondan koʻpaygani hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat Yer yuzidagi barcha davlat hamda xalqlar oʻzaro bogʻliq ekanini, muammoni muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlikdagina yechish mumkinligini koʻrsatyapti. Shu sababli Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Oʻz navbatida, davlat rahbari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifini qoʻllab-quvvatladi. Nega? Chunki BMTning bashoratiga koʻra, yil oxirigacha global ocharchilikning oʻsishi kutilayotir. Hozirgi vaqtning oʻzidayoq 820 million kishi, yaʼni dunyodagi har 9 kishidan biri yetarli miqdorda yegulikka ega emas. Qolaversa, bu yil COVID-19 inqirozi tufayli yana 49 million kishi oʻta qashshoqlik ­domiga tushish ehtimoli mavjud.

Ortga qaytmaydigan islohotlar

Bundan uch yil muqaddam Oʻzbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekistonning tub islohotlarni amalga oshirish boʻyicha qarori qatʼiy ekanini taʼkidlagan va bu xalqaro hamjamiyat eʼtirofiga sazovor boʻlgan edi.

Darhaqiqat, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar natijasida yangi Oʻzbekiston shakllanmoqda. Demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi. Aholi hamda siyosiy partiyalarning faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshdi. Gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni oshdi. Yangi parlamentda ayol deputatlar soni ikki barobar koʻpaydi. Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay oʻzgardi. Majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatildi. Oldingidek, oʻqituvchi hamda shifokorlarni koʻcha tozalashga chiqarish, bolalarni paxta terimiga safarbar etish qonunan taqiqlandi. Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi. BMTning fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban shu yilning oʻzida 50 ming yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi.

Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Eʼtibor berayotgan boʻlsangiz, keyingi yillarda qator mamlakatlar, tashkilotlar, nufuzli ommaviy axborot vositalari Oʻzbekistonni “Yil mamlakati” deb eʼtirof etyapti. Uzoqqa bormaylik. “The Economist” dunyoning ikki yuzga yaqin davlatlari orasidan Oʻzbekistonni “Yil mamlakati”, deb topdi. Haftalik Oʻzbekistonni 2019-yili dunyoda eng koʻp yaxshi tarafga oʻzgargan mamlakat, deb eʼtirof qilgan. Holbuki, mustaqil Oʻzbekiston tarixida bunaqasi hali kuzatilmagan edi. Ushbu yangilik shu kunga qadar Markaziy Osiyoning biror-bir davlati bunday eʼtirofga loyiq koʻrilmagani bilan ham oʻziga xos ahamiyatga ega. Qolaversa, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya va Yevropadagi qator nashrlar ham Oʻzbekistonning yutuqlarini keng eʼtirof etdi.

Yopiqlikdan ochiqlik sari

Vaholonki, toʻrt yil ilgari, aksariyat tahlilchilar tomonidan Oʻzbekistonga dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri, deb taʼrif berilgan. Shu oʻrinda bir misol. 2017-yil apreldan mamlakatga bir oygacha muddatga keladigan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, ­Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari uchun viza tartibi bekor qilindi. 2019-yil fevral ­oyida bu roʻyxatga yana 45 mamlakat qoʻshildi, ayni damda 39 davlat fuqarolari uchun sayyohlik vizalarini rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, shuningdek, elektron vizalar ham joriy etildi. Yaqin-yaqinlargacha amalda deyarli chet elga chiqishi cheklangan Oʻzbekiston fuqarolari 2020-yildan boshlab dunyoning 58 mamlakatiga oldindan rasmiylashtiriladigan vizasiz yoʻl olmoqda.

Xuddi shu bois ham Oʻzbekiston bilan bogʻliq kutilmagan bu yangilik olamshumul aks sado berdi. Xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat ­Mirziyoyev oʻzining ichki va tashqi ­siyosati bilan bor-yoʻQi toʻrt yilning oʻzida dunyoni tan oldirdi, deb eʼtirof etmoqda. Endilikda aksariyat ­xalqaro ekspertlar hamda xorijiy ­siyosatchilar fikricha, bugun Oʻzbekiston oʻzining misli koʻrilmagan ochiqligi va jadalligi bilan ajralib ­turgan izchil, aniq hamda konstruktiv siyosat yuritmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda oʻtgan toʻrt yil mobaynida yuz bergan oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyatda ham iqtisodiyotni liberallashtirish, ham inson huquqlari sohasida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar nuqtayi nazaridan eʼtirof etilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Prezident­ Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yuritayotgan ochiq, oqilona va konstruktiv tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda shakllangan mutlaqo yangi, oʻzaro ishonch hamda yaxshi qoʻshnichilik muhiti xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilayotgan muhim jihatlardan biridir. Xorijiy siyosatshunos va ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qoʻshnichilik hamda doʻstlikka asoslangan ochiq siyosati Oʻzbekiston rahbari murosa qilish va yillar davomida toʻplanib, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish yoʻlida gʻov boʻlib kelayotgan eng murakkab masalalarga yechim topish qobiliyatiga ega ekanidan dalolat bermoqda, degan yakdil fikrda.

Yoshlar manfaatlari hamisha ustuvor

Mintaqada eng koʻp aholiga ega mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, uning asoslarini diversifikatsiya qilish va chetdan koʻproq sarmoya jalb etish saʼy-harakatlariga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Bu kabi oʻzgarish hamda yangilanishlar, asrlarki, iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligiga asoslangan Oʻzbekistonda kambagʻallik va ishsizlik hanuz dolzarb muammoligicha qolayotgan bir manzarada kuzatildi. Necha oʻn yillarki, tirikchiligi tashqi mehnat migratsiyasi orqasidan oʻtayotgan millionlab ­fuqarolarini ishli qilish — mam­lakatning oʻzida yangidan-yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha tub oʻzgarishlar ham eʼtiborga loyiq.

Zero, bu mamlakat nufusining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etayotgan bir sharoitda oʻta dolzarb hisoblanadi.

Shunday ekan, respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekistonda Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatmoqda. Avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Binobarin, davlat rahbari yuksak minbardan turib dunyo hamjamiyatini Yoshlar huquqlari toʻQrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Qoʻshnichilik — ming yilchilik

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston saʼy-harakatlari evaziga qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal qilish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Jumladan, 2017-yilda suv resurs­laridan oqilona foydalanish, chegaralarni belgilash, nazorat-oʻtish punkt­larini ochish, transport qatnovini tiklash hamda kengaytirish kabi koʻplab nozik masalalar boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi va bu jarayon davom etmoqda. Oʻzbekiston bilan qoʻshni mamlakatlar oʻrtasida odamlarning bordi-keldi qilishiga yoʻl ochildi, mintaqalararo hamda chegaraoldi hududlar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Bularning barchasi mintaqa ­davlatlari oʻrtasida doʻstlik va ishonchni mustahkamlamoqda, hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh ­Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ulkan marra boʻldi. Buning isboti oʻlaroq, oxirgi toʻrt yilda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi salkam besh barobar oʻsdi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa kun tartibida turibdi. U ham boʻlsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga oid chuqur integratsiyasini taʼminlashdir. Shu bois ham davlatimiz rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif etildi. Boz ustiga, Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2021-yilda YUNESKO hamkorligida qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forumni oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Reja amalga oshsa, bu mintaqa davlatlarini yana-da jipslashtiradi.

Olis, ammo sharafli yoʻl

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, xavfsiz va barqaror mintaqaga ega boʻlish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan ­biridir.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. 2018-yil mart oyida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afQon muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich boʻldi. Ushbu anjuman Afgʻoniston masalasida turlicha qarash hamda pozitsiyaga ega boʻlgan yirik va qoʻshni davlatlar mavqelarini yaqinlashtirishga xizmat qildi. Eng quvonarlisi, nihoyat Afgʻoniston hukumati hamda Tolibon Qatar poytaxtida tinchlik muzokaralarini boshladi. Mamlakatimiz rahbari Doha shahrida afgʻon siyosiy kuchlari oʻrtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini toʻla qoʻllab-quvvatladi. Bular jafokash afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlik oʻr­natishga xizmat qilishiga umid bildirildi.

Ammo tinchlik oʻrnatishning yoʻli olis va murakkab. Aholining ijtimoiy muammolari qalashib yotibdi. Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon ­xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy fao­liyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish tashabbusi ilgari ­surildi.

Iqlim oʻzgarishi ham eʼtibordan chetda qolmadi

Zamonamizning oʻtkir muammolaridan yana biri global iqlim oʻzgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy taʼsirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday oʻzgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf ­tugʻdiryapti.

BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz xalqaro hamjamiyat eʼtiborini yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratdi. Mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tuzildi. Bunga ham­ohang tarzda Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyu­siyasini qabul qilish taklifi ilgari surildi. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sananing Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlanishi esa global miqyosda ekologiya muammolariga eʼtibor qaratishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Xullas, Oʻzbekiston jahon mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun ­doimo tayyor.

Prezidentimiz maʼruzasida ilgari surilgan tashabbuslar, Qoya va takliflar amaliy jihati bilan ajralib turadi. Inson manfaatlari, ularning huquqlarini himoya qilish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xalqaro maydonda tinchlik hamda barqarorlik oʻrnatishdek ezgu harakatlarni yana-da jadallashtirishga xizmat qiladi.

Mahmudjon BOLTABOYEV,
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?