Yangi Oʻzbekistonning yangi saylovlari adolatli va shaffof tarzda oʻtkazilishida mustahkam huquqiy asosga ega

11:03 22 Fevral 2021 Siyosat
742 0

Shu yilning 8-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasining «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Xoʻsh, ushbu hujjat bilan milliy saylov qonunchiligimizda qanday yangiliklar joriy etilmoqda? Umuman, Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati hamda hayotiy zarurati nimalarda namoyon boʻladi?

Shular xususida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonovning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

— Har bir qonun, avvalo, xalqning xohish-istaklari inobatga olingan holda ijtimoiy hayotdagi u yoki bu munosabatlarni huquqiy tartibga solish, takomillashtirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish maqsadida qabul qilinadi. “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham uchta muhim hayotiy ehtiyoj va zaruriyat asnosida qabul qilindi.

Jumladan, milliy saylov qonunchiligini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi, xususan, saylov jarayonlardagi faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratish va saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda saylovchilarga qulayliklar yaratish shular jumlasidandir.

Aytish kerakki, qonun ijodkorligi juda murakkab jarayon boʻlish bilan bir qatorda, oʻta masʼuliyatli hamdir. Shu bois hujjat loyiha vaqtida deputatlar, ekspertlar, saylov sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar, olimlar bilan birgalikda koʻp izlanishlar olib borildi. Muhokamalar jarayonidan oʻtkazildi. Uning har bir normasi jiddiy va sinchkovlik bilan oʻrganilib, tahlil qilindi va takomiliga yetkazildi.

Eʼtiborlisi, ilk marotaba mazkur qonun loyihasi boʻyicha Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan “Qonun loyihasining inson huquqlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertiza”si amalga oshirildi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Qonunlarning yagona va birdan-bir manbai xalq boʻlishi lozim”. Shu bois hujjatni ishlab chiqish jarayonida jamoatchilikning takliflari va munosabati oʻrganildi. Qonun loyihasi yuzasidan bir necha marotaba jamoatchilik muhokamalari tashkil etildi.

Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsam, unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilandi. Sababi saylovlarning qish oyida, yaʼni dekabrda oʻtkazilishi fuqarolarga qator noqulayliklarni yuzaga keltirayotgan edi.

Saylovlarni oʻtkazishning saylovchilar, nomzodlar va xalqaro kuzatuvchilar uchun qulay boʻlgan yangi va samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur oʻzgartirish Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining tavsiyalariga ham toʻliq mos.

Tahlillarga koʻra, rivojlangan mamlakatlar — AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Iordaniya, Moldova davlatlarida saylovlar oktyabr-noyabr oylarida boʻlib oʻtadi. Bundan koʻrish mumkinki, saylovlarni oʻtkazish muddatining kuz fasliga (oktyabr oyiga) koʻchirilishi xorijiy davlatlar tajribasida oʻzini har jihatdan oqlagan va sinovdan oʻtgan ijobiy tajriba hisoblanadi.

Yana bir muhim masala bor. Bu saylov jarayonlarini moliyalashtirish bilan bogʻliq. Ushbu holatlarning ochiqligini taʼminlash, mablagʻlarning sarflanishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtayi nazardan Qonunda belgilangan siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirok etishini moliyalashtirish bilan bogʻliq normalarning ijobiy jihatlarini quyidagicha izohlash oʻrinli:

 siyosiy partiyalar uchun ajratilgan mablagʻlarning ishlatilish yoʻnalishlari aniq belgilanishi ularning maqsadli sarflanishini taʼminlashga xizmat qiladi;

— davlatning saylovlarda ishtirok etuvchi siyosiy partiya nomzodlarigagina mablagʻ ajratishi — davlat mablagʻlarini tejashga, nomzodlar faoliyatiga ajratilgan mablagʻlar siyosiy partiyalar tomonidan toʻliq yoʻnaltirilishini taʼminlaydi;

— ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi boʻyicha siyosiy partiyalarning moliyaviy intizomini yana-da oshiradi;

— soliq toʻlovchilar hisoblanmish xalqning saylovlar uchun ajratilgan mablagʻlarning sarflanish holati haqida xabardor boʻlishiga erishiladi.

Bu hali hammasi emas. Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muhim masalalarni oʻzida ifoda etgan ikkita yangi modda kiritildi. Mazkur yangi moddalar oʻz ijro mexanizmiga ega boʻlgan normalar sirasiga kiradi.

Xususan, 271-moddaga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, unda chet davlatdagi fuqarolarning saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi boʻyicha barcha bosqichlar, xususan, chet eldagi fuqarolarning saylovchilar roʻyxatining qanday tuzilishi, chet eldagi saylovchilarning saylovchilar roʻyxati bilan tanishishning qanday usullar bilan taʼminlanishi, saylovchilar roʻyxatiga kiritish boʻyicha murojaat qilish tartibi va vaqti, saylovchilar roʻyxatiga kiritishning tashkil etilishi kabi jarayonlarning barchasi aniq va sodda tilda ifoda etilgan.

561-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va boshqa vakolatxonalari huzurida tuziladigan uchastka saylov komissiyalari tomonidan xorijdagi saylovchilarning turgan joylarida ovoz berishlarini taʼminlash tartibi, ovoz berish vaqti va joyi haqida saylovchilar va kuzatuvchilarni xabardor qilish usullari, ovoz berish jarayonini oʻtkazish va rasmiylashtirish kabi bosqichlar barcha uchun tushunarli tarzda belgilangan. Shu sababli, xorijdagi saylovchilar saylovda ishtirok etish bilan bogʻliq barcha savollariga javoblarni aynan mazkur Qonun va Saylov kodeksidan topishlari mumkin.

Yana bir jihat shundaki, saylovoldi tashviqoti jarayoni saylovlarning natijasiga taʼsir koʻrsatuvchi eng muhim bosqichdir. Buni toʻgʻri tushunishimiz kerak. Shu bois mazkur jarayonni turli taʼsirlar, xususan, siyosiy va diniy qarashlardan holi ravishda oʻtkazilishini taʼminlash dolzarbdir. Shundan kelib chiqib, Qonun bilan Saylov kodeksining 44-moddasiga saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlangan toifalar va xatti-harakatlarning roʻyxatini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritildi.

Unga koʻra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari, saylov komissiyalarining aʼzolari, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari, sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, harbiy xizmatchilarning saylovoldi tashviqotida ishtirok etishi taqiqlandi.

Shuningdek, Qonunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning va nomzodning foydasiga yoki unga qarshi foydalanishi taqiqlanishi ham belgilandi.

Mazkur normalar saylovoldi tashviqotida, avvalo, saylovlarning xolisona va mustaqil jarayon sifatidagi maqomini saqlagan holda oʻtkazilishi, nomzodlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari taʼminlangan holda ular uchun teng imkoniyatlarning yaratalishi hamda siyosiy partiyalarning oʻz dasturlarida belgilab olgan ustuvor vazifalarini saylovchilarga yetkazishda turli taʼsirlarning oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur masala yuzasidan ham xorijiy davlatlar tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Ispaniya, Shveysariya, Qozogʻiston, Italiya kabi davlatlarda saylovoldi tashviqotini olib borishda ishtirok etishi taqiqlangan shaxslar va amalga oshirishi mumkin boʻlmagan xatti-harakatlarning roʻyxati aniq belgilangan.

Umuman, kiritilgan oʻzgartirishlar saylovlar, tom maʼnoda, “davlatning ertasini belgilab beruvchi siyosiy jarayon” sifatidagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuni ham aytish kerakki, Qonunni qabul qilishda nafaqat ilmiy, nazariy va xorijiy tajriba, balki oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda saylov sohasida toʻplangan boy amaliy tajribaga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Mantiqan qaralganda xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish uchun okrug saylov komissiyalarini tuzish shart emas. Tahlillarga koʻra, har bir okrug oʻrtacha 1-3 ta saylov uchastkalari doirasi bilan cheklangan boʻlib, amaliyotda bir necha yillardan beri samarasiz faoliyat yuritib keldi.

Shu bilan birga, Davlat byudjetiga qoʻshimcha xarajatlarni ham koʻpaytirdi. Jumladan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazishda okrug saylov komissiyalarining tuzilmasligi 54 mingdan ziyod aʼzodan iborat boʻlgan 5 ming 739 ta okrug saylov komissiyalari faoliyati uchun ajratiladigan 33,2 milliard soʻm mablagʻning tejalishiga ham imkoniyat beradi. Mazkur mablagʻlarni saylovlarda boshqa muhim jarayonlarni moliyalashtirishga sarflash oqilona yechim hisoblanadi.

Endi saylovlarda ovoz berish bilan bogʻliq oʻzgartirish haqida ham tushuntirish berib oʻtsam. Qonunning oʻziga xos yangiliklaridan biri shundaki, unda xorijiy davlatlarda ovoz berishda mahalliy vaqt inobatga olinmoqda. Avvallari, saylov qonunchiligimizda mazkur normaning aniq belgilanmaganligi turli fikrlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlar edi. Bilamizki, Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida vaqt biznikidan 4-5 soatlab farq qiladi, boshqa davlatlarda ham vaqt borasida kattagina tafovut mavjud. Shu sababli, saylovlarda ovoz berish vaqtining oʻsha davlat mahalliy vaqtiga muvofiq tarzda oʻtkazilishi xorijiy davlatlardagi saylovchilarimizda ortiqcha savollar tugʻilishining oldini oladi va ularga koʻplab qulayliklar yaratib beradi.

Yana bir jihat. Oldinlari saylovlarda jonbozlik koʻrsatgan va sidqidildan mehnat qilgan saylov komissiyalari aʼzolariga kompensatsiya toʻlash masalasi qonun darajasida mustahkamlanmagan edi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, avvalari ham kompensatsiya toʻlash tartibi bor ediyu, biroq bu qonunda emas, aksincha, qonunosti hujjatida belgilangan edi.

Shu sababli saylovlarda mehnat qilgan fidoyi insonlar, yaʼni saylov komissiyalari aʼzolarini ragʻbatlantirish masalasida Qonunda muhim oʻzgartirishlar belgilandi. Saylov komissiyalari aʼzolarining mehnatini ragʻbatlantirish masalasining Qonun darajasida ifodalanishi, ularning saʼy-harakatlarini yana-da qadrlash va eʼtirof etishni anglatadi. Xususan, endilikda, saylov komissiyalarining aʼzolariga saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasida koʻrsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlari va boshqa xarajatlarning oʻrni toʻliq kompensatsiya qilinadi.

Saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega boʻlmagan aʼzolari, shu jumladan, pensionerlarga mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi toʻlanadigan boʻldi.

Bundan keyin saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda mehnat qilgan saylov komissiyalari aʼzolarining mehnatlari munosib baholanadi. Xullas, hech kimni norozi qilmagan holda, siyosiy jarayon uyushqoqlik va birdamlik bilan oʻtkazilishida oʻz hissasini qoʻshgan zahmatkash insonlar chin maʼnoda eʼtirof etiladi.

Shu bilan birgalikda, qoʻshimcha sifatida aytish joiz, Qonun bilan Markaziy saylov komissiyasi aʼzolarining transportdan foydalanishlarida ham qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi. Endilikda, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari ham temir yoʻl vokzallari, stansiyalari, aeroport va aerovokzallarning rasmiy shaxslar va delegatsiyalariga xizmat koʻrsatish zallaridan tekin foydalanish, shuningdek, xizmat guvohnomalari asosida transport xizmatidan foydalanishda ulardan “navbatsiz foydalanish” borasida ham qoʻshimcha huquqlarga ega boʻladi.

“Qonun ijrosi bilan kuchli” degan ibora bor. Aytish kerakki, mazkur Qonunning barcha moddasi oʻz ijro mexanizmiga ega boʻlib, ularni amalga oshirishda ortiqcha savollarni tugʻdirmaydi. Qonunni ishlab chiqayotgan vaqtda uning Norma ijodkorligi konsepsiyasida belgilangan ustuvor talablarga muvofiqligini taʼminlashga harakat qilindi va buning uddasidan chiqildi, deb aytaolamiz.

Qonun ijrosini taʼminlashda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar ham yoʻq emas. Jumladan, barcha mutasaddi tashkilotlar, xususan, Markaziy saylov komissiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, siyosiy partiyalar, ilmiy tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari Qonun mohiyatini xalqqa toʻgʻri hamda tushunarli tarzda yetkazishga jiddiy ahamiyat berishi kerak. Oʻz navbatida, tegishli idoralar tomonidan saylov qonunchiligining asoslari boʻyicha maxsus seminar-treninglar, oʻquv kurslar tashkil etilishi hamda natijasi muntazam baholanib borilishi zarur. Qonunning amaldagi ijro holati boʻyicha parlament va keng jamoatchilik nazorati oʻrnatilishi lozim.

Qisqa aytganda, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun inson huquq va manfaatlarini taʼminlashga hamda yangi Oʻzbekistonning yangi saylovlari qonuniy, adolatli va shaffof tarzda oʻtkazilishi uchun mustahkam huquqiy asos boʻlishi, shubhasiz.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер