Yangi Oʻzbekistonning yana bir obod manzili

15:02 06 Iyun 2022 Jamiyat
213 0

Foto: Халқ сўзи

Mahallalarda iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni bosqichma-bosqich hal etish borasida Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman va shahar markazlaridan olis hududlarni obodonlashtirishga jiddiy kirishildi.

Qoʻshni Tojikiston davlati chegarasiga yaqin joylashgan “Yoshlik 2” mahalla fuqarolar yigʻini Bekobod tumani chekka qishloqlaridan biri sanaladi. Uch ming nafardan oshiq aholi istiqomat qiluvchi bu manzil bor-yoʻgʻi uch oy oldin yashash sharoiti ogʻir hududlardan edi. Taʼmirtalab ichki yoʻllar loyga qorishib yotardi. Mavjud xonadonlarda ichimlik suv muammosi yildan-yilga ortga surilib, aholining oqova suvga boʻlgan ehtiyoji ham eʼtiborsiz qoldirilayotgandi. Yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalasi esa ogʻriqli nuqtalardan hisoblanardi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 19-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida bugun “Yoshlik 2” MFY qayta chiroy ochdi. Yangi mahalla guzari, Otalar choyxonasi, novvoyxona, shaxmat-shashka toʻgaragi, kutubxona, maktabgacha taʼlim muassasasi, oziq-ovqat doʻkonlari, sartaroshxona, un tegirmoni, avtoxizmat shoxobchasi, goʻzallik saloni, kichik futbol oʻyingohi, “work-out” maydoni singari oʻnlab inshootlar qad rostladi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturi asosida ushbu bunyodkorlik ishlariga orttirilgan byudjet mablagʻlari hamda tadbirkorlar tashabbusini qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli bank kreditlari yoʻnaltirildi.

— Bu yerdagi ijtimoiy muammolarning jiddiyligi respublika miqyosida ham taʼkidlangandi. Qoʻshni davlat bilan chegara hududidagi bu manzil tuman markazidan qariyb 40 kilometr uzoq boʻlib, “qizil hudud”lardan biri edi. Birinchi bor bu yerga tashrif buyurganimda, toʻgʻrisi, holatni koʻrib oʻzim ham ajablanganman. Koʻchalar loy, uylar qarovsiz, odamlar ishsiz, aholiga xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan darak ham yoʻq... Mahalla koʻchalarini aylanarkanman, deyarli har uch-toʻrt xonadondan biri darvozasiga «Uy sotiladi» degan yozuvni koʻrdim. Qariyalar bilan suhbatlashib, ular qalbidagi dardlarini, orzu-umidlarini teranroq anglay boshladim. Bizni ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti deyarli yoʻq boʻlgan bu hududda juda katta koʻlamdagi ishlar, sinovlar kutardi. Shu bois tezda barcha sektor rahbarlarini jalb etib, mavjud ahvolni oʻnglash choralarini belgiladik. Kechayu kunduz faoliyat yurituvchi ishchi guruhi va maxsus shtab tashkil etildi, — deydi Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev. — Eng asosiysi, barcha jabhalardan uzilib qolgan chekka bir hudud aholisida kelajakka boʻlgan ishonch va umidni tiklay oldik. Kechagidek yodimda, keksalar qarshimga chiqib, “Siz bizga obodonchilik uchun zarur boʻlgan jihozlar va qurilish materiallarni yetkazib bering, qolganiga biz kafilmiz, hamma ishni ota-bobolarimiz oʻrgatishganidek, hashar yoʻli bilan bajaramiz”, deyishdi. Toʻgʻrisi, oʻshanda bu soʻzlarni balandparvozlikka yoʻygandim, yanglishgan ekanman, aholi keksalar chaqirigʻiga uyushqoqlik bilan javob qaytardi. Odamlar xalq hashariga ommaviy ravishda kela boshladi. Har kuni tongda boshlangan ishla, qosh qorayguncha davom etdi. Natijani hammamiz koʻrib turibmiz. Qisqa vaqtda obod bir manzil barpo etildi. Mahalla koʻchalari asfalt qilinib, tozalangan ariq va zovurlardan oqova suv oqa boshlandi. Toʻrt yuzga yaqin xonadonlar esa ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Mahallada xizmat koʻrsatish uylari, xotin-qizlarga kasb oʻrgatuvchi oʻquv markazi barpo etildi. 300 metr masofada “Salomatlik yoʻlagi” qurildi. Hozir bu mahallada koʻp joyda unut boʻlgan xizmat — pichoq, qaychi, oʻroq va ketmonlarni charxlash va kosiblik xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan. Yoshlar boʻsh vaqtini shaxmat-shashka toʻgaragi, mini-futbol maydonida oʻtkazyapti. Nuroniylar Otalar choyxonasida hordiq chiqarmoqda. Bu tajribani viloyatning boshqa hududlarida ham ommalashtirmoqchimiz.

— Birinchi navbatda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilganlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratildi, — deydi “Yoshlik 2” MFY hokim yordamchisi Zafar Ostonqulov. — Aholiga ajratilgan 0,20 sotix yer maydonlari hamda yengil konstruksiyali issiqxonalarda bozorgir qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish orqali oilalarning moddiy sharoitini tiklashga koʻmaklashildi. “Har bir oila - tadbirkor” davlat dasturi doirasida mahallada yashovchi ishsiz fuqarolarga imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilib, qoʻychilikni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. “Yashil makon” dasturi doirasida 12 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Qator yillardan buyon bu yerdagi har bir xonadonda 0,4 sotixdan 0,20 sotixgacha tomorqa maydoni qaqrab yotardi. Oqova suv kelgach, har bir xonadonga serhosil uzum qalamchalari, bulgʻor qalampiri, pomidor koʻchatlari yetkazib berildi. Kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga homiylik yordamlari koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan ham muayyan ishlar qilindi. Bugun “Yoshlik 2” MFY hududidagi 35-umumtaʼlim maktabi qoshida xotin-qizlarga kasb oʻrgatuvchi oʻquv markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Oldin bu imkoniyat qishloqdan 35-40 kilometr uzoqlikdagi tuman markazida boʻlgan, xolos. Endi mahalla ayollari kunduz soat 11 dan 16 gacha boʻlgan oraliqda oʻquv kurslariga qatnab, pazandalik, qandolatchilik, oshpazlik, tikuvchilik, bezakchilik, bichuvchilikdan saboq olmoqda. Keyinchalik Oqqoʻrgʻon tumanidagi monomarkazda xotin-qizlarga Yevropa talablari darajasidagi kiyim-kechaklar tikish sirlarini oʻrgatayotgan turkiyalik mutaxassislarni bu yerga ham jalb etish rejalashtirilmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер