Yangi Oʻzbekiston “Yashil makon”ga aylanadi

15:24 25 Noyabr 2021 Jamiyat
399 0

Suvi zar, tuprogʻi zar yurtimizga yashillik, bogʻ-rogʻ va oʻrmonlar yarashadi. Ajdodlarimiz “tayoq suqsa koʻkaradigan” yerimizning ayni jihatidan foydalanib, “toza havo fabrikasi” boʻlgan daraxtzorlarni koʻpaytirishga alohida  eʼtibor qaratishgani bejiz emas. Biroq ishlab chiqarish, texnika taraqqiyoti, qishloq xoʻjaligiga nisbatan biryoqlama yondashuv yirik oʻrmonzorlar, uzoq yillik daraxtlarga qiron keltirdi. Buning isboti sifatida uzoqqa borib oʻtirmay, kimlarningdir notoʻgʻri tashviqoti bilan asr tengdoshi boʻlgan chinorlar ayovsiz kesib tashlangan kechagi kunlarni eslash kifoya. Ularning gʻorat qilinishi natijasida bogʻ va xiyobonlar, koʻcha boʻylaridan soya qochdi. Masalan, azim chinorlar maskani  boʻlgan Namangan shahrida ham shunday nomaqbul  ishlardan soʻng  yozning jaziramasida oʻzini qayerga olishni bilmay odamlarning soya joy izlashi bor gap. Toʻgʻri, yoʻqotilgan chinor va boshqa manzarali daraxtlar oʻrnini toʻldirish mazmunidagi ishlar tashkil qilinganidan koʻz yumib  boʻlmaydi. Afsuski, ularning koʻpi nomigagina, xoʻjakoʻrsinga qilinganini koʻpchilik yaxshi biladi. Noqulay joyga oʻtqazilgani, parvarishi unutilgani tufayli koʻchatlar avj olmadi, katta qismi bir yilga yetmay quridi. Xaqli ravishda taʼkidlanayotganidek, agar keyingi chorak asr ichida ekilgan nihollar toʻla koʻkarganida edi, bugun shahar va qishloqlarimiz sersoya boʻlib, koʻchat ekishga aslo joy qolmasdi.

Hayriyat, atrof-muhit musaffoligiga salbiy taʼsir koʻrsatib ulgurgan jiddiy xato tuzatiladigan boʻldi. Xususan, joriy yilning 2-noyabr kuni  oʻtkazilgan videoselektorda davlatimiz raxbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ilgari surilib, shahar va qishloqlarda koʻkalamzorlashtirilgan maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga yetkazish tashabbusi orqali mazkur sohada yuzaga kelgan boʻshliqni toʻldirishning real imkoniyatlari oʻrtaga tashlandi. Loyiha doirasida 200 million tup mevali, manzarali daraxt va butalar oʻtqaziladi. Bu hazilakam ish emas va bu yumushni umumxalq harakatiga aylantirish yoʻli bilangina uddalash mumkin. Oldinda turgan vazifani kattayu-kichik hamma birday toʻgʻri qabul qilgani koʻchat ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” boshlangan dastlabki kunlardanoq butun respublika va viloyatimiz ahli ezgu harakatga chin dildan qoʻshilganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Ummumilliy loyihaga muvofiq, Namangan viloyatida 15 million 397 ming tup koʻchat oʻtqazish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi 62,5 gektar yerda tashkil etiladigan 29 “jamoat parki”, 83,1 gektar yerdan oʻrin oladigan 30 ta “yashil maydon” hamda koʻcha boʻylari, bogʻ va xiyobonlar, boshqa boʻsh yerlarga joylashtiriladi.

Noyabrning dastlabki haftasidan start olgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari shahar mahallalaridan tortib, qishloqlargacha, korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalari, xonadonlargacha qamrab olgan. Ayniqsa, viloyatdagi mavjud 777 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarining barchasida oʻtkazilgan hasharlar chinakam ommaviy tus oldi. Joylarda tashkil etilgan  bogʻlarga koʻchat oʻtqazish uchun kattayu-kichik koʻtarildi hisob. Tabiiyki, savob ishning boshida odatdagidek nuroniylar hoziru nozir boʻlib, duoga qoʻl ochdilar. Birgina Davlatobod tumanida asos solingan “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”ga ikki mingdan ziyod odam ezgu ishga oʻz hissasini qoʻshish uchun keldi. Buning natijasida 68 gektar maydonni egallagan xudud dastlabki kunning oʻzida  22 ming tupga yaqin manzarali daraxt koʻchatlari va butalar bilan  toʻldi. Pop tumanida esa shunday bogʻ yonida zamonaviy Ekoshaharcha ham barpo etiladigan boʻldi. “Yashil makon”lar barpo etish boʻyicha loyihalar barcha tumanlarda ishlab chiqilgan boʻlib, ular ijrosi boʻyicha amaliy ishlar jadal  olib borilmoqda.

Koʻchat ekish boʻyicha oʻtkazilayotgan zarbdor kunlarda xalq taʼlimi xodimlarining faolligi kishini quvontiradi. Oʻtgan hafta Namangan shahridagi 85-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan hasharning ustidan chiqdik. Muallimlar, yuqori sinf oʻquvchilari tomonidan 15 tup pavloniya, 40 tup kashtan, 120 tup bodom, 100 tupdan olxoʻri koʻchatlari bilan toʻldirilgandan soʻng bu yerdagi moʻjaz bogʻ yanada kengaydi. Umuman olganda, taʼlim muassasalarining harakati yaxshi - mavjud 712 ta maktabda 186 ming tup koʻchat oʻtqazilib, hududlarni yashillikka burkashga qaror qilingan.

Xalqimiz yurt tarovati, gullab-yashnashi yoʻlidagi intilishlarni qadrlaydi. Atrof-muhit musaffoligiga xizmat qiladigan bu galgi katta ish ham barchaga birday maʼqul tushgani loyihani aholi barcha qatlami astoydil qoʻllab-quvvatlayotganida yorqin koʻrinadi. Koʻplab hamyurtlarimiz, xususan, tadbirkorlar hatto bogʻlar yaratish borasida oʻz mablagʻlari evaziga istiqbolli loyihalarni ham taklif qildilar. Fidoyilar orasida oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan yerlarni tanlab olganlar anchagina. Masalan, toʻraqoʻrgʻonlik ikki tadbirkor tumandagi Shohidon adirliklarining 50 gektarida bogʻ yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Ulardan biri – yetmish yoshli Abdugʻani ota Qozoqovning taklifi eʼtiborni tortadi. Keksa bogʻbon foydalanilmayotgan yerlarga suv chiqarib, 200 ming tup koʻchatli bogʻ qilishga bel bogʻlagan. Buning uchun 4,5 milliard soʻm mablagʻ  sarflamoqchi. Hisob-kitoblari joyida, oʻtqazayotgan koʻchatlarining katta qismini mevali daraxt nihollari tashkil etib, ular tez orada hosilga kiradi. Oʻrik, olma, shaftolining sara navlaridan yetishtirilgan hosil asosan eksportga yuboriladi. Shuningdek,  Chust, Kosonsoy, Yangiqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarining xar birida 3000 gektardan jami 15 ming gektar maydonda tok koʻchatlarining ekilishihxududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, ayniqsa, aholini ish bilan taʼminlash barobarida  keyingi ikki-uch yilda  eksport salohiyatini oshirish, tabiat va ekologiya sofligi,  inson sogʻligi va umrini uzaytirishga katta manba boʻlib xizmat qiladi.

Mana, umummilliy loyiha ijrosiga kirishilganiga ham uch hafta boʻlyapti. Shijoati baland namanganliklar xayrli ishning birinchi bosqichi boʻlgan “Dolzarb 40 kunlik”da 5 million 700 ming tupdan ortiq koʻchat oʻtqazishni koʻzlab turibdi. Shu kunga qadar qariyb ularning yarmi ekilib, parvarishini nazorat qilish mutasaddilarga topshirildi. Yaratilajak bogʻlar va “yashil maydon”larning oldi yaqin ikki-uch yil ichida boʻy koʻrsatadi, albatta. Chunki niyat xolis, amal ezgu, shijoat va ishtiyoq baland.

Ikromxon NAJMIDDINOV,

Namangan viloyat Nuroniylar kengashi raisi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?