Yangi Oʻzbekiston strategiyasi mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini tubdan kuchaytiradi

19:01 09 Sentyabr 2021 Jamiyat
897 0

Barchamizga maʼlumki, joriy yilning 23-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi. Bunga qadar esa saylov qonunchiligida xalqimiz kutgan katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Birinchi marotaba Oʻzbekiston Respublikasining Saylov Kodeksi asosida oʻtadigan Prezident saylovini xalqimiz oʻzgacha ishtiyoq va qiziqish bilan kutmoqda. Ular orasida ayniqsa, yoshlarimizning koʻpligi quvonarli.

Mamlakat uchun munosib rahbar saylashda ishtirok etish - yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini his etish albatta, barchamiz uchun ahamiyatlidir. Prezident – Oʻzbekistonda ichki va tashqi siyosatning asosiy bunyodkori, qonuniylik, ijro, davlat mustaqilligi, xavfsizligi, hududiy yaxlitligi muhofazasi, yurt tinchligi, xalqning farovon turmushini taʼminlovchi birinchi masʼul shaxs hisoblanar ekan, ushbu yirik tadbirga hozirlik koʻrish - barchamizning fuqarolik vazifamizdir.

Yaqinda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Ishbilarmonlar va tadbirkorlar harakati liberal demokratik partiyasining qurultoyiga Fargʻona viloyatdan delegat sifatida saylanishim mening oldimga viloyat ahli, uning zahmatkash dehqonlari, qoʻli gul hunarmandlari, fidoiy fermerlari, mehnatkash bogʻbonlariyu saxiy tadbirkorlari oldidagi yuksak burchlarimni ado etish vazifasini qoʻyadi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, partiyalar xususida soʻz ketganda, Oʻzbekiston Ishbilarmonlar va tadbirkorlar harakati liberal demokratik partiyasining “Yangi Oʻzbekiston” tarixida bosib oʻtgan yoʻli haqida alohida eʼtirof etish joiz. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi tadbirkorlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ishlab chiqarish sohasi vakillari, fermerlar kabi turli aholi qatlamlarini oʻz elektoratiga aylantira oldi va yildan yilga, saylovdan - saylovga qadar takomillashib borgan Saylovoldi dasturida qayd etgan vazifalarni xalqimizning koʻz oʻngida bajara oldi.

Amaliy harakatlari va jonkuyar deputatlari bilan xalqning ishonchini qozongan partiya - eng yosh partiyalardan biri boʻlishiga qaramay, tez orada respublikadagi yetakchi va salohiyatli siyosiy kuchga aylandi. Shu bois oʻz dasturiy maqsadlaridan ogʻishmay intilgan partiya mamlakat parlamentida munosib oʻrin egalladi.

Demak, mamlakatdagi tadbirkorlar, ishbilarmonlar, xalqimizni rizqini oʻylab tinim bilmayotgan mehnatkash fermerlar, oʻz biznesini tashkil etayotgan oilalar manfaatlarini milliy qonunchilikda ifoda etish imkoniyati partiyada yuqori oʻringa koʻtarildi. Natija esa, barchamiz koʻrib turganimizdek, oʻz samarasini koʻrsata boshladi. Yillab mahallalardan chiqa olmagan hunarmandlarimiz, bogʻbonu savdogarlarimiz bugun mamlakat sarhadlaridan ortib, kerak boʻlsa xorij bozolari bilan raqobatlashmoqdalar.

Yaqin oʻtmishda yurtdoshlarimiz uchun tadbirkorlik bir orzu boʻlib, ularga qoʻyilgan toʻsiqlar soha istiqboliga yoʻl bermadi.

Endilikda-chi? Tahillarga qaraydigan boʻlsak, oxirgi beshyilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi. Koʻp ishbilarmonlar oʻzining yirik biznesiga ega boʻlib, hozirda minglab ish oʻrinlari yaratmoqda hamda nufuzli xalqaro kompaniyalarning hamkorlariga aylanmoqda.

Ahamiyatlisi, davlatimiz tarixidagi muhim siyosiy jarayon boʻlgan bu yilgi saylovda OʻzLiDePning saylovoldi dasturi mohiyatini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbus va takliflari asosida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida tashkil etadi. Bu esa Prezident tanlagan partiyaning maqsad-mohiyati bugungi Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish tamoyillari bilan naqadar mushtarak ekanligini koʻrsatadi.

Bugun Xalqaro kongress markazida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz saylovoldi dasturi – Yangi Oʻzbekiston strategiyasining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maʼruza qildi. Davlat rahbari dastlab oʻtgan besh yilda erishilgan natijalarga qisqacha toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingani, uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilingani alohida taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyevning oliy taʼlimdagi oʻzgarishlar rejasi haqida fikr-mulohazalarini tinglab, tizimning ertangi istiqboliga qaratilgan eʼtibordan behad shod boʻldik. Oʻz navbatida davlat rahbari yangi islohotlar joriy etishni koʻzda tutgan mazkur tizim rivoji uchun bevosita masʼullik, mustahkam daxldorlik hissi qalbimizda joʻsh urdi.

Muhtaram Prezidentimiz oʻz maʼruzasida oliy taʼlimga qamrov darajasini 50 foizga yetkazilishi, 2026-yilga qadar kamida 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglarga kiritilishini taʼkidladi. Davlat oliygohlari bosqichma-bosqich mehnatga haq toʻlash, xodimlar soni, toʻlov kontrakt miqdori va taʼlim shaklini mustaqil belgilashi, ularning moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida, ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 25 foizdan 12 foizga tushirilishi, bu orqali boʻshagan mablagʻlar taʼlim muassasalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilishiga alohida urgʻu berdi. Shuningdek, kelgusida xususiy oliygohlarda taʼlim olayotgan talabalarga ham 7 yillik taʼlim kreditini olish tartibi joriy etiladigan boʻldi.

Prezident tizimdagi yana bir muhim masala -talabalarning yashash sharoitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratdi. Buning uchun kelgusi besh yilda qariyb 100 ming oʻrinli talabalar yotoqxonalari barpo etilishini maʼlum qildi. Maʼruzada taʼkidlanganidek, mamlakatimizda 2026-yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkazilishi oliy taʼlimda raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ahamiyatlisi, Prezident nutqidagi har bir fikr muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega masalaga qaratilgan. Shavkat Mirziyoyev “Xalqchil davlat” milliy dasturiga toʻxtalib, milliy taraqqiyotimizning bugungi yangi bosqichida ixcham, professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish eng muhim vazifa ekanligini taʼkidladi. 2026-yil yakunigacha kambagʻallikni kamida 2 barobar qisqartirish uchun lozim boʻlgan ishlarni batafsil bayon etar ekan, barchasida xalqimiz turmush darajasini koʻtarish, islohotlarning amaliy ifodasi aynan bugun, odamlarning hayot farovonligida toʻla aks etishi shart ekanligini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev maʼruzasida butun xalqimizning yuksak orzu-maqsadlariga hamohang tarzda rivojlanib borayotgan Yangi Oʻzbekiston – kuchli qonunchilik, ijro va sud hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlari samarali faoliyat koʻrsatadigan, “Davlat – xalq xizmatchisi” tamoyili amal qiladigan demokratik davlat boʻlishiga katta ishonch bildirilgani barchani hayajonlantirdi.

Mamlakatimiz hayotidagi tarixiy nutq sifatida eʼtirof etilgan mazkur maʼruza davlat rahbarining xalq roziligi, mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish va barcha sohalarda eng namunaviy muhit, barqaror oʻsish surʼatlariga ega boʻlish borasidagi muhim qadamlar, amalga oshirilajak yangi-yangi islohotlarning munosib taqdimoti boʻldi. Qolaversa, Prezidentimiz jonkuyarlik va qatʼiy ishonch bilan taʼkidlagan soʻzlari butun xalqimizga, xususan, barcha delegatlar, biz -oliy taʼlim tizimi masʼullariga katta ruh baxsh etdi. Yangi Oʻzbekistonimizning buguni, ertangi porloq kunlari koʻz oldimizda gavdalanib, yurak-yuragimizdan shukronalik, mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini tuydik.

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida mamlakatimiz taqdirini eng baland miqyosda, muhim taklif va tashabbuslar bilan belgilar ekan, har bir hayotbaxsh islohotning amalga oshishi va munosib natija berishi, xalqimiz, yoshlarimiz hayotida oʻz ifodasini topishi uchun masʼul ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Zero, davlat rahbariga yelkadosh, kuchli demokratik davlat —  Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida ishonchli yoʻldosh boʻlish, tanlagan yoʻlidan dadil ilgarilab borayotgan Vatanga munosib mehnat qilish barchamiz uchun muqaddas vazifadir.

Bahodir SHERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер