Yangi Oʻzbekiston: Orzular voqelikka aylanadi

08:21 05 Avgust 2021 Jamiyat
328 0

Bugungi kunda “Yangi Oʻzbekiston”, “Uchinchi Uygʻonish davri” degan iboralar barchaning eʼtiborida. Oʻzaro suhbatlarda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda kimdir bu gapga astoydil ishonganiga, kimlardir esa shubha bilan qarayotganiga, hatto kinoya qilayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Munosabatlardagi bunday farqlanishning boisi nimada, degan savol kishini oʻylantirib qoʻyadi.

Mustaqillikka erishganimizdan keyingi dastlabki oʻn yilliklarda ijobiy oʻzgarishlarni uzoq kutgan, berilgan qanchadan qancha vaʼdalar bajarilmaganini koʻrgan kishilar, albatta, ishonmaydi. Baravar mustaqillikka erishgan, resurslari haminqadar koʻplab davlatlar oʻtgan yillar davomida rivojlanishda bizdan ancha oʻzib ketdi. Bu ochiq koʻrinib turgan haqiqat. oʻoyat boy resurslarga ega Oʻzbekiston esa taraqqiyotda orqada qolib ketdi? Buning sabablari ancha chuqur. Ulardan baʼzilari haqida fikr yuritishga jazm qildik.

Biz yutqazdik, boshqalar yutdi

Rivojlanayotgan davlatlar uchun chet el investitsiyasi, yangi texnika va texnologiyalar — iqtisodiyotni ravnaq toptirishning eng muhim omili, lokomotividir. Yurtimizda istiqloldan keyin chet el sarmoyadorlari bu ishga jalb qilingan, lekin ularning faoliyatiga turli toʻsiqlar qoʻyilgani uchun rivoj topmagan edi. Chet ellik sarmoyadorlar fabrikalar qurdi, yangi texnika va texnologiyalar olib keldi. Ammo korrupsiyaga botgan baʼzi amaldorlar davlat manfaatini emas, oʻz choʻntagini oʻylagani uchun ularga taʼma koʻzi bilan qaradi, bermasa ishlagani qoʻymadi. Konvertatsiyaga sunʼiy ravishda toʻsiq qoʻyildi. Bunday sharoitda millionlab valyuta olib kelgan sarmoyadorlar mavjud vaziyatga moslashish yoʻlini tutishi, kimlarningdir “ogʻzini moylab”, pullarini “qora bozor”da valyutaga aylantirib, yashirincha olib chiqib ketishga urinishi turgan gap edi. Qonunlarni buzgan, chetlab oʻtgan odamlar qilmishiga yarasha javob berdi ham, javob berishi ham kerak.

Lekin ularni shunga kim majbur qildi, qonunni buzishga ataylab yoʻl qoʻyib berilmadimi? Fabrikani qurguncha qanchadan-qancha sarmoya, mehnat kerak. Fabrika bitib, foyda keltira boshlaganidan keyin u kimlargadir zarur boʻlib qoldi, “egasi” chiqdi. Oxir-oqibat bularning hammasi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsiga putur yetkazdi, investorlar mamlakatimizda ish qilish mumkinligiga ishonmay qoʻydi.

Hozirgi kunda ham ayrim davlat idoralaridagi byurokratizm, sansalorlik ishning beliga tepayotgani sir emas. Mamlakatni orqaga tortayotgan jihatlardan biri — korrupsiya boʻlsa, ikkinchisi — byurokratik sansalorlikdir. Ammo turli boʻgʻindagi amaldor va amaldorchalar buni tushunib yetmaydi yoki tushungisi kelmaydi.

Bir misol keltiray. Prezidentning tashabbusiga amaliy javob sifatida Turkiyadan Daniel Gochitidze ismli bir sarmoyador Oʻzbekistonga keldi. Uning firmasi, asosan, elektr energiyasi ishlab chiqaradigan korxonalarni barpo etadi, bundan tashqari, temir yoʻl, asfalt yoʻllar ham quradi. Elektr energiyasi taqchilligi mavjud boʻlgan bizning sharoitimizda bunday sarmoyadorni quchoq ochib kutib olish kerak. Xullas, Energetika vazirligiga (u vaqtda agentlik edi) masalani oʻrganish uchun murojaat qildik. Vazir ish bilan bir joyga ketgan ekan, oʻrinbosarlari nimalarnidir bahona qilishdi va boshqarma boshligʻiga yoʻllashdi. U boʻlsa, boʻlim boshligʻiga... Boʻlim boshligʻi ayol kishi ekan. Javob nima boʻldi dersiz: “Siz bizga bir hafta yoki bir oy oldin yozma ravishda murojaat qilishingiz kerak edi. Koʻrib chiqib, javobini aytardik”. Ey, singiljon, respublikaga sarmoya kerak, sarmoyador oʻz oyogʻi bilan kelib turibdi, mamlakat ravnaqi uchun oʻn daqiqa vaqtingizni darigʻ tutasizmi? Shundan keyin yangi investitsiya sharoiti oʻrnatilganini, yangi yoʻlni eslatishga toʻgʻri keldi. Ayol darrov oʻzgardi, past tushdi va yangi yilning birinchi choragida tanlov oʻtkazilishini va shunda qatnashishi kerakligini aytdi. Bu ham gʻalati. Chunki tanlov davlat loyihalari uchun oʻtkaziladi. Loyihaga pulni davlat ajratadi. Bu yerda boʻlsa, sarmoyador oʻz pulimga shamol yoki quyosh elektr stansiyasi quraman, tavakkal oʻzimga oid, faqat ishlab chiqaradigan energiyamni davlat bahosida sotib olishga kafolat bersangizlar, bas, deb turibdi-ku! Unga faqat yer maydoni ajratib berilsa, sharoit yaratilsa, kifoya. Xullas, bu byurokratik sansalorlikni koʻrgan sarmoyadorning ixlosi qaytdi va yurtiga joʻnab ketdi. U hozir Gruziyada faoliyat olib bormoqda. Kim yutdi? Biz yutqazdik, boshqalar yutdi. Bir byurokrat, konservator xodimning muomalasi tiklanayotgan ishonchni yoʻqotadi.

Yana bir misol: oʻn yillar oldin Niderlandiyadan bir ishbilarmon yuk mashinalari shinalarini sovuq usulda taʼmir qiladigan fabrika qurish taklifi bilan keldi. Bizda oʻshangacha shinalar issiq usulda taʼmirlanar, biroq shinalar uzoqqa bormasdi. Sovuq usulda taʼmirlansa, shinalar 60 ming kilometrga chidab berar, bir shinani toʻrt marotaba qayta taʼmirlash mumkin edi. Buning nechogʻli foyda berishini hisoblab chiqish unchalik qiyin ish emas. Xullas, niderlandiyaliklar bilan muzokaralar boshlandi. Zangiota tumani hokimi mehmonlarni juda yaxshi qabul qildi, qoʻllab-quvvatladi. Samarqand yoʻli ustida joylashgan va boʻsh yotgan avtoparkni ijaraga olish shartnomasi tuzildi. Ishlar binoyidek borayotgan edi. Shartnomalar tuzilgani, tuman rahbariyatining qoʻllab-quvvatlashiga ishongan ishbilarmon Niderlandiyadagi stanoklarini yigʻib, qutilarga joylashtirdi va vaqtinchalik saqlash uchun omborga topshirdi. Saqlash xarajatlarini ham toʻlab turdi, albatta. Nihoyat yuqori doiradan ruxsat olishga kelganda ish choʻzilib ketdi. Uch oycha sarson boʻlgan niderlandiyalik bir kuni bu ishdan voz kechganini aytdi. Sababini soʻraganimda, yuqoridagi amaldorning katta miqdorda pora istaganini aytdi. “Sizning amaldorlaringiz mamlakat foydasini emas, choʻntagini oʻylar ekan”, dedi u. Xullas, ular Qozogʻistonga ketishga qaror qilishdi va u yerda uch kun ichida firmani roʻyxatdan oʻtkazib, bir oyga qolmay ish boshlab yuborishdi. Savol tugʻiladi: kim yutdi? Yana biz emas, boshqalar yutdi.

“Bizga ishlaydigan qonun kafolati kerak”

Turkiyadan kelgan bir sarmoyador bilan suhbatlashganimda u Oʻzbekistonda fabrika qurish niyatida ekanini, mablagʻlari ham yetarli ekanini aytdi. Maʼlum boʻlishicha, bu sarmoyador viloyat rahbari bilan uchrashgan, hokim unga ish boshlayvering, men kafilman, degan. Bu gapni eslar ekan, u kuldi va “Hokimning kafolat bergani koʻp yaxshi. Lekin ertaga u boshqa ishga oʻtib ketishi mumkin. Yangi hokim u aytgan kafolatni tan oladimi, yoʻqmi, bu menga qorongʻi. Bizga ishlaydigan qonun kafolati kerak. Oʻzbekiston shu jihatdan oqsamoqda, bu esa ishbilarmonlarni hurkitmoqda”, degan edi. Binobarin, sarmoyadorga amaldorning kafolati emas, davlatning kafolati darkor. Uning huquqlari davlat tomonidan qoʻriqlanishi, faoliyati qonun yoʻli bilan kafolatlanishi zarur.

Oʻzbekistonga xalqaro miqyosda ishonchni tiklash uchun ayni davlat kafolati mexanizmi oqsamasdan ishlashi kerak. Yangi davrda bu ishonchni qayta tiklash uchun gʻayrat qilinmoqda, sarmoyadorlarga kafolat berilmoqda. Konvertatsiyani ham bemalol yoʻlga qoʻyish mumkin ekan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev birinchi kunlardanoq chetdan investitsiya keltirish masalasini oʻrtaga qoʻydi va ochiq eshiklar siyosatini yurgiza boshladi. Endilikda chet elda Oʻzbekistonga ishonch tiklanmoqda, sarmoyadorlar kela boshladi. Bu — yangi davrning, yangi siyosatning mevasi.

Oʻzbekiston aholisining deyarli 60 foizi qishloqda yashaydi. Binobarin, yurtimizda yer islohoti gʻoyat dolzarb vazifadir. Istiqloldan keyin koʻp oʻtmay jamoa xoʻjaliklari — kolxozlar tugatildi va fermer xoʻjaliklari tashkil topdi. Lekin bu ishda ham shoshmashosharlikka yoʻl qoʻyildi, sobiq kolxozchining hayotiy manfaatlari hisobga olinmadi. Bir vaqtlar, aniqrogʻi, oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida oʻsha kolxozchining ota-bobolari kolxoz tuzilayotgan vaqtda yeri, hoʻkizi, omochi, xullas, ishlab chiqarish vositalarini umumlashtirish asosida jamoa xoʻjaligiga aʼzo boʻlib kirgan. Biroq jamoa xoʻjaliklari tugatilgan vaqtda aʼzolar hech narsasiz qoldi. Fermerga yer ajratish borasida ham toʻxtovsiz oʻzgarishlar qilindi, ijaraga berilgan yer maydoni goh kengaytirildi, goh qisqartirildi. Tajribalardan bezgan dehqon kimga ishonishini bilmay qoldi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida yer egasiga — dehqonga qaytarilishi, xususiylashtirilishi kerak. Davlat yoki xaridor oʻziga kerak mahsulot, chunonchi, paxta, don ekinlari va hokazolar uchun yil boshidan unga buyurtma berishi, shartnoma tuzishi, kredit ajratishi, oʻgʻit hamda yonilgʻi-moylash materiallari va boshqalar bilan taʼminlashi, mahsulot yigʻib olingandan keyin hisob-kitob qilishi darkor. Keyingi ikki-uch yil ichida bu borada ham yangilanish koʻzga tashlandi — klaster tizimi joriy etilmoqda.

Banklar dehqondan olgan krediti foizini darhol, oyma-oy toʻlashni talab qiladi. Bu ish hosilni yigʻib olgandan keyin boʻlgani yaxshi. Aks holda, u moddiy jihatdan qiynalib qoladi. Dehqonga beriladigan kredit shartlarini takomillashtirish kerak.

Dehqondan mahsulot sotib olishda ham raqobat muhitini yaratish gʻoyat muhim. Oluvchi bitta emas, bir nechta boʻlsa, dehqon yaxshi baho bergan xaridorga molini sotadi. Shunda unda moddiy manfaatdorlik paydo boʻladi, iqtisodi, turmushi yaxshilanadi.

Mamlakatni korrupsiya toʻri chulgʻab olgan bir sharoitda rivojlanish haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Birgina iqtisodiyotda emas, mamlakatning huquq tashkilotlari, oʻquv va sogʻliqni saqlash muassasalarida ham ahvol shunday edi. Hozirgi kunda ahvolni oʻnglash uchun qatʼiy choralar koʻrilmoqda, qoʻlga tushgan poraxoʻrlar jazoga tortilmoqda, yangi, yosh kadrlarga ishonch bildirilyapti. Lekin oʻylab qoladi kishi: korrupsiyaga oʻzimiz, oddiy yurtdoshlarning oʻzi ham sabab boʻlmayotirmi?

Ayolimiz xastalanib, pullik shifoxonaga yotqizishimizga toʻgʻri keldi. Arzon emas, kuniga falon soʻm. Shifoxona pullik boʻlgani uchun vrachlar ham shu hisobdan yaxshi maosh olishadi, haloli boʻlsin. Shifoxonaning sharoiti yaxshi, kamyob dori-darmonlar bor. Lekin meni ajablantirgan narsa, falon pul toʻlab, barcha xarajatni qoplab qoʻygan ayrim bemorlarning oʻzi vrachlarning choʻntagiga pul tiqishtirdi. Boshqacha aytganda, bemorning oʻzi doktorni yoʻldan urmoqda. Pullik shifoxonada xizmati uchun katta maosh olib turgan boʻlsa-da, vrach pora bermagan kasalga yaxshi qaraydimi? Gumon! Albatta, men shifokorlarning hammasini poraxoʻrga chiqarish fikridan yiroqman. Ularning orasida chinakamiga fidoyi, halol, jonkuyarlik bilan ishlaydiganlari koʻp. Lekin nafs bir balo, unga qul boʻlsangiz, yoʻldan ozasiz.

Hamma narsani kadrlar hal qiladi

Darvoqe, “hamma narsani kadrlar hal qiladi”, degan gap bor. Lekin doʻppini olib qoʻyib oʻylab koʻrsak, yigirma — yigirma besh yil ichida ilm-fan, maorif, taʼlim sohamiz qattiq oqsaganini, orqaga ketganini koʻrishimiz mumkin. Bu davrda oliy oʻquv yurtini bitirganlarning ancha-munchasi pul, pora evaziga diplom olgani sir emas. Albatta, chinakamiga riyozat chekib, haqiqiy mutaxassis boʻlib yetishganlar bor, ular mustasno. Tanish-bilish, pul hisobiga oʻqishga kirgan, bitirgan kadr agar rahbar boʻlib qolsa, qobiliyatli xodimlarga aslo yoʻl bermaydi, toʻgʻanoq boʻladi. Bu esa korxona, sohaning, oxir-oqibat jamiyatning orqaga ketishiga sabab boʻladi, xalq ishonchiga putur yetadi.

Malakali, bilimli kadr tayyorlash bobida qaysi oliy oʻquv yurtimiz jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan bellasha oladi? Ijobiy javob berish mushkul. Internetdagi maʼlumotlarga qaraganda, jahon oliy taʼlim dargohlari reytingida Oʻzbekistonning bironta universiteti eng peshqadam 1000 talik ichida yoʻq. Eng nufuzli Oʻzbekiston Milliy universitetimiz 4080-oʻrinda. Holbuki, Qozogʻistonning 10 ta universiteti mingtalikka kirgan, bu yil bittasi 200 talikdan oʻrin oldi. Nimamiz kam? Bilimli professor-oʻqituvchilarimiz qayoqqa ketdi? Oliy oʻquv yurtlariga yangi binolar qurib berilmoqda, kompyuterlar bilan taʼminlanmoqda. Universitet va institutlarimizning moddiy-texnika bazasini yangilashni davom ettirishimiz kerak. Bir vaqtlar faqat Oʻzbekiston va qoʻshni respublikalargagina emas, butun jahonga malakali, bilimli kadrlar yetkazib bergan institutlarimizning moddiy-texnika bazasi hozirgi davr talablariga javob bermaydi.

Millatga, yangilanayotgan Oʻzbekistonga bilimli kadrlar suv va havodek zarur. Bu esa maktab, oliy oʻquv dargohining moddiy-texnika bazasi zamonaviy boʻlishidan tashqari, ishlayotgan oʻqituvchilarning ilmli, vatanparvar, halol boʻlishini taqozo etadi. Maʼnaviyati boy oʻqituvchi maʼnaviyatli shogird tarbiyalaydi. Talabaning qoʻliga qaraydigan tamagir domlada maʼnaviyat nima qilsin? Shogird ham oʻsha yoʻldan ketmaydimi?!

Bugungi kunda bilimli, vatanparvar, halol kadrlar yetishmayotgani yaqqol bilinib qoldi. Shu bois davlatimiz rahbari kadrlar tayyorlashni birinchi galdagi vazifalardan biri sifatida oʻrtaga qoʻydi va bu sohada tub burilishlarni boshlab berdi. Albatta, bu ish oson boʻlayotgani yoʻq, chigalliklar, ochiq va yashirin qarshiliklarni sabot bilan bartaraf etish evaziga amalga oshirilmoqda. Ammo muhimi, yangilanish, oʻzgarish yoʻliga oʻtildi. Oʻqituvchilarning oylik maoshi bir necha marta oshirildi. Ularning maoshi hozircha chet ellik hamkasabalarinikidan kam, lekin yaqin kelajakda tenglashishi aniq. Bu yoʻlda sobitqadam boʻlinsa, qoʻyilgan maqsad qatʼiyat bilan amalga oshirilsa, albatta, kutilgan natijaga erishiladi. Iqtisodiyotda boʻlgani kabi maʼnaviy sohada, oʻqish-oʻqitishda ham sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish muvaffaqiyat garovidir. Raqobat — taraqqiyot lokomotivi. Mamlakatimizning rahbari sogʻlom raqobat muhitini yaratishga urgʻu berayotgani bejiz emas.

Oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod qilib, eʼtiborini malakali bilim berishga yoʻnaltirish chorasini koʻrish darkor. Ularga maosh, mukofot toʻlashda reyting sistemasini qoʻllash ijobiy natija berishi turgan gap. Yaxshi oʻqitgan, halol mehnat qilgan domla hamkasbidan kattaroq maosh, mukofot, unvon olsin. Buni koʻrib-bilib turgan boshqa oʻqituvchilar ham shunday ishlashga harakat qila boshlashi ravshan. Bu oʻrinda oʻqituvchilarning reytingini aniqlashda tanish-bilishchilik, oshna-ogʻaynigarchilik emas, halollikka rioya etilishi lozim, albatta. Binobarin, faqat taʼlim emas, barcha sohada xodimlarning bilim, malaka reytingini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish galdagi muhim hamda dolzarb masaladir.

Maʼnaviyat bobida natijalar nimaga bogʻliq?

Maʼnaviyat haqida koʻp va xoʻb gapirdik, turli tadbirlarga millionlab pullar sarfladik, ammo kutilgan natijaga lozim darajada erisholmadik. Aksincha, yoshlarimiz orasida ajdodlarimizdan meros qolgan buyuk madaniyatdan, qadriyatlarimizdan uzoqlashish, chet elga koʻr-koʻrona sajda qilish koʻrinishlari kun sayin koʻpayib bormoqda. oʻarbning “ommaviy madaniyat”i ijtimoiy hayotga, turmushimizga tobora chuqurroq kirib borayotgani kishini tashvishlantirmay qolmaydi. Chunonchi, toʻylarimizda kelinning orqaga gul otishi, qizlar qiyqirishib ilib olishga harakat qilishi, ilib olgan omadli qizning “Erga tegish navbati meniki ekan” qabilida qiyqirishi qaysi milliy anʼanalarimizga toʻgʻri keladi? Oʻzbekona hayo qayerda qoldi?!

Piramida shaklida terilgan qadahlarga vino yoki araq quyilishi, kelin-kuyovning doʻstlari “otish”da boshqalarga “namuna” boʻlishi ham odat tusiga kirib qoldi. Bunday paytda oʻzbekona andisha, odob-axloq, imon-eʼtiqod unutiladi.

Koʻpchilik yoshlar bugun “Tugʻilgan kuning bilan tabriklayman!” soʻzlarini oʻzbekcha aytishga orlanadigan boʻlishdi. Inglizcha aytish madaniyatlilik nishonasi emish.

Bularning hammasi milliy qadriyatlarimizni qadrlovchi har bir kishining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Bular mayda gapdek tuyulishi mumkin. Lekin mayda gap bora-bora yirikka aylanadi, uchqundan alanga chiqadi. Beeʼtibor boʻlmaslik kerak. Bularning hammasi milliy qadriyatlarimizning yemirilishiga olib boradi.

Yoshlarimizni maʼnaviy-ruhiy boy kishilar qilib tarbiyalashda ikkita kuchli vosita — kino va kitobning jamiyatda tutgan oʻrni beqiyos. Tomoshabinga yillar davomida jiddiy ijtimoiy masalalarni koʻtarib chiqadigan, fikr uygʻotadigan filmlar emas, (baʼzi filmlarni istisno qilganda) asosan, siyqasi chiqqan, yengil-yelpi, maishiy mavzulardagi narsalar film deya taqdim qilindi. Qaynona-kelin mojarosi, buzuq kelin asosiy mavzu boʻldi. Toʻgʻri, qaynona-kelin mojarosi orqali ham muhim ijtimoiy masalalarni koʻtarib chiqish mumkin. Ammo masalaning bu jihati doim eʼtibordan chetda qoldi. Tomoshabin ham shunaqa badiiy sayoz filmlarga oʻrgandi, jiddiy kinolarni koʻrmas boʻldi.

Bir telekoʻrsatuvda taniqli aktyorlarimizdan biri bilan bahslashib qoldik. “Siz qobiliyatli aktyorlarimizdansiz. Nega yengil-yelpi, tomoshabinda fikr uygʻotmaydigan filmda rol oʻynashga rozi boʻldingiz?” deb savol bersam, “Bu filmlarni davlat emas, xususiy shirkatlar suratga oldi, ssenariyni oʻshalar yozgan”, deya javob qaytardi. “Avvalo, oʻsha xususiy shirkat egasiga ijtimoiy fikr uygʻotadigan, davrning muhim, kerakli masalalarini koʻtarib chiqadigan ssenariylar taklif qilsangiz, yoʻq deyishmasdi-ku, axir xususiymi, davlat buyurtmasimi, siz filmni xalqqa beryapsiz-ku”, degan eʼtirozimga aktyor javob topolmay jim qoldi. Oxiri “Biz ham yashashimiz kerak, bola-chaqamiz, roʻzgʻorimiz bor”, dedi zoʻrgʻa xijolat boʻlib.

Bu yerda kino sohamizning ogʻriqli nuqtalari oʻz aksini topib turibdi. Bir taniqli aktyorimiz ijtimoiy tarmoqda kino artistning kunlik ish haqi bir eshakning ijara haqidan arzonligi toʻgʻrisida kuyinib yozdi. Aktyor xonanda emaski, “otar”ga borib, mullajiring ishlasa. Teatrlarimizda mehnat qilayotgan aktyorlarimiz orasida boy boʻlib ketganlar yoʻq hisobi, koʻpchiligi roʻzgʻoriga yetadigan pul topsa, boshi osmonda. Hozircha aktyorlarga chet eldagiday haq toʻlash imkoni yoʻq. Ammo filmga ajratilgan mablagʻ toʻgʻri sarflansa, “ol-ol”, “uzat-uzat”larga barham berilsa, ularning ish haqini muayyan darajada koʻpaytirish mumkin. Kino sohamiz jiddiy islohotlarga muhtoj ekani oy va kundek ravshan.

Keyingi davrda bu sohada ham oʻzgarishlar sodir boʻlayotir. Kino xodimlari ish sharoiti yaxshilanmoqda, ijodiy jarayonlarda foydalanish uchun yangi texnikalar sotib olinmoqda, eng muhim tomonlaridan biri — sohada raqobat paydo boʻlmoqda. Madaniyat vazirligi “Oʻzbekkino” (hozirgi Kinematografiya agentligi)ga raqobatchi sifatida Turkiyaning “Boʻzdagʻfilm” shirkati bilan koʻp seriyali “Mendirman Jaloliddin” filmini suratga olgani bu sohada raqobat, oʻzgarish, yangilik paydo boʻlganiga dalolatdir. Bugungi kun vazifalariga mos ravishda tomoshabinga oʻrnak boʻladigan qahramon obrazini yaratish gʻoyat muhim vazifa boʻlib turibdi. Mazkur serial shu yoʻldagi dastlabki qadamlardan biri boʻldi. Bu serial haqida turli: yaxshi fikrlar ham aytildi, bir taniqli professional rejissyorimiz yuksak baho berdi, ayni chogʻda tanqidiy mulohazalar ham bildirilmoqda. Hatto bir taniqli jurnalist ijtimoiy tarmoqda “Bu kinoni hech kim koʻrmaydi”, deb ham yozdi. “Milliy” telekanali rahbarlaridan bir soʻrab koʻring, qancha iltimoslar, takliflar tushgan ekan? Oʻsha talab va takliflar asosida serial qayta namoyish qilingani bejiz emas. Bu serialni nafaqat Oʻzbekiston, balki Rossiya, Arab oʻlkalari, Pokiston, Malayziya va boshqa bir qancha mamlakatlarning tomoshabinlari ham iliq qarshiladi. Hozircha serialni 8 ta mamlakat, jumladan, Pokiston va Malayziya xarid qilishga talabgor boʻlib chiqdi. Bu muvaffaqiyat emasmi? Oʻzbek degan nom dunyoga chiqmoqda, oʻzbek oʻgʻloni, milliy qahramonimiz Jaloliddin Manguberdini jahon tanimoqda. Filmda kamchiliklar boʻlishi mumkin. Ish bor joyda kamchilik boʻladi, xatodan qoʻrqqan ishlamaydi. Turli fikrlar aytilishi tabiiy, shunday boʻlishi ham kerak. Xolis fikrlar serialning keyingi mavsumlarini suratga olishda eʼtiborga olinadi, albatta.

Gʻoyat kuchli moʻjiza — kitob

Maʼnaviyatni shakllantiradigan gʻoyat kuchli moʻjiza — kitobdir. Oʻtish davri mushkulliklari sababli kitobga eʼtibor susaygani, kitob oʻqish havasi soʻngani sir emas. Ota-onalarning oʻzlari kitob oʻqimaganidan keyin bolalar kitob oʻqirmidi?! Bozor iqtisodiyotini pul topishdan iborat deb bilib, moddiyat ketidan quvganlar maʼnaviyatni unutishdi, pirovardida jabrini ham tortishdi.

Maʼnaviy qashshoq kimsa, ezgulikdan uzoq boʻladi, har qanday razillikdan toymaydi. Bolasining ota-onani hurmat qilmasligidan, turli ofatlarga — giyohvandlik, ichkilikbozlik, fahshga mubtalo boʻlganidan, hatto jinoyatdan toymasligidan shikoyat qiladiganlar mundoq tanasiga bir oʻylab koʻrmaydimi: farzandi kitob oʻqidimi, uqdimi, bu borada avlodiga oʻzi oʻrnak boʻldimi? Xudbinlik inqilobi sodir boʻlayotgan bizning davrimizda kitobga mehr uygʻotish turli illatlarning oldini olishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Baʼzi kishilar “Kitob qimmat boʻlib ketdi, sotib olishga pulimiz yetmaydi”, degan bahonani roʻkach qilishadi. Fargʻonada kitobxonlar bilan oʻtkazgan bir uchrashuvimizda zalda oʻtirgan oʻrta yashar yigit “Kitob olishga pulimiz yoʻq”, deya eʼtiroz bildirgani esimda. Shunda gap orasida unga murojaat qildim: “Uka, bugun siznikiga mehmonga borsak, nima deysiz?” “Bosh ustiga, juda xursand boʻlaman”, dedi yigit. Shunday javob berishi tabiiy edi, chunki fargʻonaliklar mehmondoʻstligi bilan tanilgan. Davom etdim: “Taom bilan ichishga bir-ikki shisha araq ham qoʻyasizmi?” Savoldan zaldagilar hayron: bu qanaqa surbet mehmon boʻldi, araqni soʻrab olyapti? Ukamiz dedi: “Bu haqda gap ham boʻlishi mumkin emas, ikki shisha emas, bir yashik araq sizdan aylansin!” Kuldim. Soʻngra dedim: “Uka, bizni siznikiga mehmonga bordi, deb hisoblang. Ovqatni qoʻya turaylik, oʻsha ikki shisha araqning puliga hech boʻlmasa bir yaxshi kitob beradi. Bolangizga olib bering”. Zaldagilar qarsak chalib yuborishdi.

Eʼtirozlarda jon bor, kitob qimmat. Chunki qogʻoz, matbaa xarajatlari, adadning ozligi tannarxga taʼsir oʻtkazmay qolmaydi. Ammo qidirgan imkon topadi. Noshirchilik sohasida yuzaga kelgan muammolar va ularni hal qilish yoʻllari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtish joiz. Poytaxt nashriyotlarida yaxshi kitoblar, jahon adabiyotining durdonalari nashr etilmoqda, lekin koʻp hollarda ular viloyatlarga yetib bormayapti. Bir vaqtlar kitob savdosiga masʼul alohida tashkilot boʻlardi, u yerda rahmatli Sotvoldi Yoʻldoshev kabi oʻz ishining professionallari ishlar, qaysi kitob qayerda koʻproq sotilishini besh barmoqday bilar, shu asosda nashriyotlarga buyurtma berar edi. Bundan tashqari, toʻqqiz mingdan oshiq maktab kutubxonasi, oʻn mingtacha qishloq kutubxonalari bittadan kitob talab qilguvchi edi. Har bir viloyat markazida ikki qavatli kitob doʻkoni, har bir tumanda bittadan kitob doʻkoni bor edi.

Sohadagi oʻpirilish ayni kitob savdosini yoʻq qilishdan boshlandi. Oʻsha vaqtdagi qoʻmita rahbari kitob savdosidagi professional kadrlarni quvgʻin qildi, bu borada alifni kaltak deya olmaydigan tanishlarini ishga joyladi, barcha kitob doʻkonlarini turli bahonalar ostida sotib, pul qildi. Islohot niqobi ostida muayyan sohaga yoʻnaltirilgan nashriyotlarni tugattirdi. Holbuki, bu nashriyotlar xoʻjalik hisobida ishlab turgan, oʻzini oʻzi boqayotgan, davlatga hech qanday ziyon keltirmayotgan edi. Vaholanki, hatto zarar keltirgan nashriyotni ham foydaga chiqarish yoʻllari bor. Nashriyotni aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish, birinchi navbatda, nashriyot jamoasiga, keyin istovchilarga aksiyalarni sotish orqali vaziyatdan chiqish mumkin edi. Lekin bunday qilinmadi.

Oʻtgan oʻtdi, boʻlgan boʻldi, endi boʻladigan ishlar toʻgʻrisida bosh qotirish xayrlidir. Shavkat Mirziyoyev kitobdan uzoqlashish maʼnaviy qashshoqlikka yetaklashini yaxshi bilgani uchun ham Prezidentlikka saylanganidan keyinoq tashlagan birinchi qadami kitob va kitobxonlik haqida maxsus farmoyish chiqarish boʻldi. Uning tashabbusi bilan bir necha yil boʻldiki, eng koʻp kitob oʻqigan yoshlar yengil avtoulov bilan taqdirlanmoqda. Dunyoning qaysi mamlakatida kitob oʻqigani uchun avtoulov berishadi? Qatʼiy aytish mumkinki, hech bir mamlakatda. Lekin kitob oʻqishdan maqsad moddiy tama emas, maʼnaviy dunyosini boyitish, fikrini chuqurlashtirishga qaratilsa, nur ustiga nur!

Noshirlik ishini takomillashtirish, bosilayotgan kitoblarni arzonlashtirish, ularning viloyatlarga yetib borishini taʼminlash zamona talablaridan kelib chiqqan holda shoshilinch choralar koʻrishni taqozo qilmoqda. Avvalo, Oʻzbekistonning qogʻoz mustaqilligiga erishish kerak. Bizda qogʻoz ishlab chiqarishda asosiy material boʻlgan yogʻoch, oʻrmon yoʻq. Lekin sholipoya, gʻoʻzapoya istagancha topiladi. Bir vaqtlar hisob-kitob qilganimizda, respublikada 300 ming tonna sholipoya nobud boʻlib ketishini aniqlagan edik. Sholipoyadan bemalol qogʻoz ishlab chiqarish mumkin. Binobarin, respublika ehtiyojini toʻliq qondiradigan, hatto qoʻshnilarga sotish imkonini beradigan zamonaviy qogʻoz fabrikasini barpo etish muhim. Bu borada ayrim ishlar boshlangandek edi, lekin, bilishimcha, negadir yarim yoʻlda toʻxtab qoldi. Xitoy, Turkiyadan bu ishga sarmoyadorlarni jalb qilsa boʻladi.

Ikkinchidan, kitob mahsulotidan olinadigan soliqlar, qoʻshimcha qiymat soliqlarini toki soha oʻzini oʻnglab olishi mumkin boʻlgan oʻn yilgacha bekor qilish yoki minimal darajaga tushirish kerak. Bunday tajriba bor: hunarmandlarga nisbatan shunday imtiyozlar joriy etilgan va bu soha oʻzini oʻnglab olgan edi. Axir millat uchun kitobning ahamiyati hunarmandchilik mahsulotlaridan kam emas-ku!

Noshirlarga bunday imtiyoz berilishi kitob tannarxini arzonlashtirishga, adadini koʻpaytirishga, pirovardida arzon narxdagi kitobning egasiga tezroq yetib borishiga xizmat qilishi turgan gap.

Uchinchidan, sohani professional, bilimli kadrlar bilan mustahkamlash zamon talabidir.

Toʻrtinchidan, kitob savdosi sohasini tubdan yaxshilash lozim. Hozir bu ish chakana savdo qiluvchilar qoʻlida. Bu yomon emas, lekin zamon talablari darajasida emasligi ayon. Nashriyot narxi ustiga kitob sotuvchilar 40 foizgacha ustama narx qoʻyishadi. Tushunish mumkin, naqliyot xarajatlari, xodimlarning ish haqi va hokazo. Agar kitob savdosi markazlashtirilsa va muayyan yengilliklar berilsa, kitob narxi arzonlashadi.

Yaqin kelajakda iqtisodiy taraqqiyot natijasida biz ham rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetib olamiz deb aytish uchun asoslar bor. Uchinchi Uygʻonish davri poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinmoqda. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda qilinayotgan oʻzgarishlarni koʻrmaslik yoki koʻrib koʻrmaslikka olish gumrohlikdir. Soʻngan umidlar bugun ishonchga, ishonch esa voqelikka aylanayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Oʻtmishdan qolgan muammolar bisyor, ularni bartaraf qilish, Oʻzbekistonni taraqqiyot yoʻliga olib chiqish hammamizning bir yoqadan bosh chiqarishimizni, jipslikni, sabr-bardoshni taqozo etadi. Internetda, ijtimoiy tarmoqlarda, suhbatlarda kamchilik va nuqsonlarni hadeb pesh qilib, noliyverish oʻrniga bunyod etilayotgan yangi Oʻzbekiston binosiga hech boʻlmasa, bitta gʻisht qoʻyish mardning ishidir. Ana shunda bugun orzu boʻlib turgan uchinchi Uygʻonish davri voqelikka aylanadi.

Boboxon MUHAMMAD SHARIF,
yozuvchi, noshir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?