Yangi Oʻzbekiston – inson hayoti, huquq va erkinliklari hamma narsadan ustun

10:30 23 Fevral 2021 Siyosat
221 0

Insonni eʼzozlash, uning huquq va erkinliklarini amalda taʼminlash – eng muhim va dolzarb masala hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash sohasida ulkan ishlar amalga oshirilyapti. Negaki, Oʻzbekistondagi islohotlarning zamirida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan hayotbaxsh gʻoya mujassam.

Bu borada Oʻzbekiston bugungi kunda jahonning koʻplab mamlakatlari va yirik xalqaro tashkilotlari bilan turli sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, davlatimizning BMT bilan hamkorlik aloqalari yana-da mustahkamlanib, kundan-kunga yana-da faollashib bormoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida soʻzlagan nutqida inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan oʻtkir va dolzarb tashabbuslarni ilgari surganiga barchamiz guvoh boʻldik. Ushbu tarixiy nutq keng jamoatchilik, xalqaro ekspertlar tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Oʻzbekistondagi islohotlarda eng muhim oʻrinda turishini aytib, 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni koʻzda tutadigan “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini bildirdi.

Bu oddiy va balandparvoz gaplar emas. Haqiqatdan ham, insonni ulugʻlash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda har tomonlama kamol toptirish Konstitutsiyaning asosiy gʻoyasiga aylantirilgan. Sababi inson huquqlarini, qadr-qimmatini eʼzozlagan, hurmat qilgan barcha davlatlar bugun taraqqiyot sari odimlamoqda. Bu borada Prezidentimiz tomonidan muhim va asosli takliflar ilgari surilgani ayni muddaodir.

Mamlakatimiz rahbari gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qatʼiy davom ettirilishi, joriy yilda Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini oʻtkazish rejalashtirilayotgani qayd etdi.

OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi bu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatlab, mamlakat ravnaqi, xalq farovonligi va innovatsion loyihalar amalga oshirilishiga salmoqli hissa qoʻshayotgan faol, tadbirkor xotin-qizlar va fermerlarni ragʻbatlantirishga, ularning faoliyati va ilgʻor ish tajribasini ommalashtirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda — yangi Oʻzbekistonda yoshlarga munosabat butunlay oʻzgardi. Yoshlarga doir davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini taʼminlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas takomillashib bormoqda.

Ushbu tarixiy nutqda joriy yilda BMT shafeligida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasini oʻtkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini taqdim etish, shuningdek, Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik koʻrilayotgani aytildiki, bu butun Oʻzbekiston yoshlarini toʻlqinlantirib yubordi, ularni qiziqish va ishtiyoqini yana-da kuchaytirdi. Ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirib, ezgu maqsadlar sari yetakladi.

Maʼruzada Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida soʻz yuritilar ekan, bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri boʻlgani qayd etildi. 2021-yilda yaʼni, Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilinishi haqiqatdan tarixiy voqea boʻldi.

Oʻtgan yilning oʻzida 50 ming nafar vatandoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilingani hammamizga yaxshi maʼlum. Bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega boʻladi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatlashi mamlakatimizda inson huquqlari sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomidir.

Bular hali hammasi emas. Inson huquqlari boʻyicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini koʻrib chiqish taklif etilib, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga bundan buyon mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi taʼkidlandi. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qatʼi nazar, ular uchun jazo muqarrardir.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qatʼiy sodiq qoladi. Inson qadr topsa, hurmat qilinsa va erkinlikka ega boʻlsa, unda yaratuvchanlik, izlanish, oʻz ustida ishlash va hayotdan rozilik kayfiyati boʻladi. Zero, ilgari surilgan takliflar bugungi kunda insoniyatni oʻylantirib kelayotgan dolzarb va oʻtkir muammolarni hal etishga qaratilgan muhim chaqiriqdir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?