Yangi oʻquv yilidan OTMda oʻqitish boʻyicha shartnomalar elektron shaklda tuziladi

14:59 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
504 0

“Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–6313-son, 14.09.2021-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmonga koʻra, 2021-yil 1-dekabrdan quyidagilar bekor qilinadi:

- banklarga yetkazilgan mahsulot uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiq;

- davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida toʻlovni oldindan belgilashga doir talab;

- qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.

Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida oʻzaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat beriladi.

2022-yil 1-yanvardan:

➖ sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn auksionda sotuvga qoʻyilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablagʻlari hisobidan auksion gʻolibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi;

➖ shartnoma tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma majburiyatlarini bajarishni qabul qilganda, uni keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqli emas;

➖ davlat xaridlari bilan bogʻliq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlar belgilanadi;

➖ tadbirkorlar soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni toʻlamaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka qarzdorlikka teng pulni muzlatib qoʻyish va uni 30 kundan soʻng undirish toʻgʻrisida farmoyish yuboradi va bu haqda toʻlovchini xabardor qiladi;

➖ kommunal, energiya, aloqa xizmatlari, yoʻlovchi va yuklarni tashishga oid tabiiy monopoliyalar ishlab chiqqan shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishiladi.

Farmonga koʻra, elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdi qilinganda va boshqa bitimlar tuzishda eskrou tizimi joriy etiladi.

2022/2023 oʻquv yilidan OTMda oʻqitish boʻyicha shartnomalar elektron shaklda tuziladi.

Farmonga koʻra shuningdek:

- xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qoʻllash uchun tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlar ishlab chiqiladi;

- shartnomalar namunalari “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?