Yangi oʻquv yilidan boshlab xorijlik eng malakali professor-oʻqituvchilar ham talabalarga dars bera boshlaydi — Abduqodir Toshqulov

19:22 03 Mart 2022 Jamiyat
746 0

Foto: Gazeta.uz

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, kuzatuv kengashi raisi Abduqodir Toshqulov akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligi berilgan Termiz davlat universiteti kuzatuv kengashining dastlabki yigʻilishini oʻtkazdi.

Maʼlumki, “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq mamlakatimizda 35 ta oliy taʼlim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi.

Yigʻilishda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, kuzatuv kengashi raisi A.Toshqulov mazkur qarorning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritib, moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligi berilgan oliy taʼlim muassasalarining Kuzatuv kengashi faoliyati va vazifalari haqida maʼlumot berdi. Joriy yil boshidan moliyaviy mustaqillik berilgan Termiz davlat universitetining vasiylik kengashi tugatilib, oʻrnida davlat idoralari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat boʻlgan yuridik shaxs maqomisiz kuzatuv kengashi tashkil etildi va tasdiqlandi.

Yigʻilishda Termiz davlat universiteti kuzatuv kengashi nizomi, yillik ish rejasi, uzoq va oʻrta muddatli strategik rivojlanish dasturi, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori oʻrinlaridan joy olish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlari, biznes rejasi, daromadlar va xarajatlar parametrlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomlar, rahbar xodimlar hamda professor-oʻqituvchilar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari (KPI) ham joriy etildi.

— Bilasizlar, men ham rektor boʻlganman, — dedi A.Toshqulov. — Afsuski, bitta chiqindi idishi olishga pul yoʻq edi. Endi mana, mablagʻ bor. Faqat uni maqsadli ishlatish kerak. Poytaxtda 16 qavatli aspirantlar uyi qurishni rejalashtirganmiz. Bu yerda boʻlajak olimlar uchun barcha zamonaviy sharoitni yaratmoqchimiz. Yoʻq narsadan hech narsa yaratib boʻlmaydi. Sezyapsizlarmi, endilikda ana shu yoʻq narsalarni topishning halol yoʻllari moliyaviy manbalari bilan belgilab berilmoqda. Pedagog kadrlar tayyorlanadigan oliy taʼlim muassasalarida oʻrta maktablarning darsligi, ilmiy qoʻllanmalari yoʻq. Buning sababini izlasak, maktab darsliklari sotilmas emish. Endi oʻzingiz oʻylang: oliy taʼlim muassasasida maktabda oʻtiladigan darslikdan bexabar talaba qanday qilib, ertaga oʻquvchilarga saboq beradi? Aslida taʼlim sifatini shu yerdan boshlashimiz kerak emasmi? Uchrashuvdan foydalanib, yana bir yangilikni yetkazmoqchiman. Yangi oʻquv yilidan boshlab saflaringizda xorijlik eng malakali professor-oʻqituvchilar ham talabalarga dars bera boshlaydi. Taʼlimda halol raqobat boʻladi. Shuningdek, fanlarni maqbullashtiramiz. Taʼlim sifatiga eʼtiborni kuchaytiramiz.

Uchrashuvda professor-oʻqituvchilar va yosh olimlarning taklif, tavsiyalari tinglandi. Ilmiy ishini muvaffaqiyatli yoqlagan bir guruh yosh olimlarga guvohnomalar topshirildi. Taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha koʻplab takliflar bildirildi.

Tadbir soʻnggida A.Toshqulov universitetning davlat va nomdor stipendiantlarini yutuqlari bilan samimiy tabriklab, ularga stipendiant guvohnomasini tantanali topshirdi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?