Yangi muzey xalqlar doʻstligi va diniy bagʻrikenglikni targʻib etmoqda

12:03 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
446 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand doʻstlik va diniy bagʻrikenglik shahri. Shu bois ham Shanxay hamkorlik tashkilotining 22 sammiti oʻtkazilishi arafasida Samarqand shahrida “Xalqlar doʻstligi va diniy bagʻrikenglik” muzeyi tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbarining Samarqand shahrida “Muzeylar maydonini” tashkil etish borasidagi koʻrsatmasiga asosan ochilgan mazkur maskan koʻp millatli mehmondoʻst xalqimizning yillar davomida qadriyatga aylangan yuksak insoniy fazilatlarining namoyishi boʻlib xizmat qilmoqda.

Maʼlumki, qadimiy va saxovatli diyorimizda necha asrlardan buyon 130 dan ortiq millat va elatlar, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda. Yurtimizda ularning erkin yashashlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, 144 ta milliy madaniy markaz faoliyat koʻrsatib keladi. Xalqlarning oʻziga xos mentaliteti Vatanimizda tinch-osoyishta hayotning muhim manbasiga aylandi. 

Muzeyda Samarqand hududida qadim zamonlardan buyon amal qilib kelinayotgan turli din va dinlarga oid buyumlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, Samarqand, Buxoro muzeylari va Toshkent sanʼat muzeyi fondlaridagi eksponatlar ham mavjud. Bular turli dinlarni ifodalovchi turli materiallar, kiyim-kechak, uy-roʻzgʻor buyumlari, muqaddas kitoblardir.

Muzeyga kiraverishda buyuk siymolar, olimlar, yozuvchi va shoirlarning diniy bagʻrikenglikka daʼvat etuvchi fikrlarini oʻqish mumkin.

— Yekspozitsiya markazida Shoahmad Shomahmudovlar oilasi misolida Ikkinchi jahon urushi yillarida oʻzbek xalqining insonparvarligiga oid eksponatlar oʻrin olgan, — deydi Oʻzbekiston madaniyati va tarixi davlat muzeyi boʻlim mudiri Sanjar Abdurahimov. — Shuningdek, muzeyda Samarqandning turli davrlardagi pochta otkritkalarga joylashgan boʻlimi kishida qiziqish uygʻotadi. Samarqandning turli xil koʻrinishlarini fotogalereyada yosh ijodkorlarning ijodiy ishlarida koʻrish mumkin.

Samarqand azaldan turizm markazi boʻlgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Bu nafaqat tarixiy obidalar, balki dunyoning turli burchaklaridan keladigan musulmonlar uchun ziyoratgoh sifatida ham qiziq. Ushbu mavzu alohida boʻlimdan iborat.

Muzeyda siz koʻp millatli Oʻzbekiston, xususan, Samarqand xalqlari hayotiga oid koʻplab qiziqarli narsalarni oʻrganishingiz mumkin. Koʻrgazma maydoni tarixni yorqin aks ettiradi, bu hatto eng kichik tashrif buyuruvchilarni ham qiziqtirishi tabiiy.

Abdulaziz Yoʻldoshev, "Xalq soʻzi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?