Yangi ishga kirayotgan chet tili oʻqituvchilariga V2 darajadagi sertifikat talabi 2023/2024 oʻquv yilidan kiritiladi

15:40 03 Noyabr 2022 Jamiyat
545 0

Foto: Xalq taʼlimi vazirligi

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga asosan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat taʼlim muassasalarining xorijiy tillar oʻqituvchisi lavozimiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozim.

Mazkur qoidaning amaliyotga joriy etilishi natijasida ayrim hududlarda chet tili fani oʻqituvchilarining umumtaʼlim maktablariga ishga qabul qilinishida muammolar yuzaga kelishi va oʻqituvchilarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Koʻplab murojaatlarni inobatga olib, shuningdek, maktablarda xorijiy tillarni oʻqitish jarayoni davomiyligini taʼminlash maqsadida Hukumat tomonidan V2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan cheti tili fani oʻqituvchilarining umumtaʼlim maktablariga ishga qabul qilinmasligi xususidagi talab 2023/2024 oʻquv yilidan kuchga kirishi yuzasidan topshiriq berildi.

Hurmatli ustozlar, oliy oʻquv yurti talabalari!

Maktablarda taʼlim sifati va pedagoglarning bilimiga belgilangan talablarga toʻliq javob berish uchun oʻz ustingizda ishlash va malakangizni oshirish choralarini koʻrishingizni soʻraymiz. Maktab taʼlimi sifatini oshirishda pedagoglarning malaka va koʻnikmalari yuqori darajada boʻlishi kerak.

Eslatib oʻtamiz, 2024/2025 oʻquv yilidan maktabdagi har qanday chet tili fani oʻqituvchisi V2 darajadagi sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi. Oʻz navbatida S1 darajadagi xalqaro sertifikatga ega oʻqituvchilar ham ayni vaqtda oylik ish haqlarini 50 foizga oshirish imkoniyatiga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?