Yangi imkoniyatlar yangi muvaffaqiyatlarga yoʻl ochmoqda

15:02 24 Yanvar 2023 Jamiyat
306 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda yetishtiriladigan paxtaning salmoqli qismi Qashqadaryo viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Biroq atigi 6-7 yil avval viloyatda paxta tolasini chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy quvvatlar yoʻq, sohaga ixtisoslashgan ikki-uchta korxonaning ham texnologiyalari eskirgan, shu bois faoliyat koʻrsatmas yoki xomashyoni dastlabki qayta ishlash bilan cheklanar edi.

Sohada amalga oshirilgan qator islohotlar natijasida viloyat yengil sanoatida oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirildiki, natijada bugungi kelib paxta xomashyosining aksariyat qismi mahalliy korxonalarda chuqur qayta ishlanmoqda. Bu esa yuzlab yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beryapti, hudud iqtisodiyotiga salmoqli daromad keltiryapti.

Birgina Koson tumanidagi “Bunyodkor” masʼuliyati cheklangan jamiyatini olaylik. Besh yil avval ushbu korxona iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan, deyarli faoliyat koʻrsatmas edi. Hukumatimiz tomonidan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatiga qaratilgan eʼtibor, sohaga tatbiq etilgan imtiyozlar jamiyat taʼsischilarini ham yangi tashabbuslarga ilhomlantirdi.

Natijada korxonaga 2018-yilda xorijdan qariyb 4 million AQSH dollari hisobiga yiliga 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkonini beradigan yangi texnologiya olib kelib oʻrnatildi. Ushbu loyihaning yoʻlga qoʻyilishi natijasida hududdagi 150 nafar kishi ish bilan taʼminlangan boʻlsa, 2021-yilda korxona tasarrufida mato toʻqish va tikuv sexidan iborat yana ikkita yirik loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 190 milliard soʻmdan oshiqni tashkil etgan ushbu loyihalar natijasida 200 tadan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgani eʼtiborga molik. Oʻtgan yildan korxonada paxta yogʻi ishlab chiqarish ham boshlandi. Yiliga 10 ming tonna paxta yogʻi ishlab chiqarish imkonini beradigan mazkur loyihaning yoʻlga qoʻyilishi evaziga yana 70 kishi doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.

Kitob tumanidagi “Kitob ip yigiruv” korxonasi ham xuddi shunday tarixga ega. Bir paytlar yaroqsiz holga kelib qolgan korxona bugun toʻliq texnologik yangilanib, yiliga 3 ming tonna paxta tolasini qayta ishlamoqda. Shu bilan bir qatorda korxona tasarrufida tikuv-trikotaj sexi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Yoki soʻnggi yillarda Qarshi shahrida Sulton Tex Group xususiy korxonasi, Qarshi tumanida “LT Textile International” xorijiy korxonasi, Shahrisabz shahrida «Oqsaroy Group” kompaniyasi va boshqa shu kabi subyektlar tomonidan tekstil yoʻnalishida ishga tushirilgan oʻnlab yangi quvvatlarni olaylik. Ularda paxta xomashyosini saralashdan tortib, tayyor mahsulot holida ichki va tashqi bozorga yoʻnaltirishgacha boʻlgan jarayonlar qamrab olingan. Minglab yigit-qizlarimiz ushbu zamonaviy korxonalarda mehnat qilishmoqda.

Koson tumanida faoliyat yuritayotgan “Koson baxt tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham tarmoqda ish boshlagan yangi korxonalardan biri. Bu yerda 2020-yilda paxtani dastlabki qayta ishlash boshlangan boʻlsa, 2021-yilning oktyabr oyidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yaponiya texnologiyasi asosida jihozlangan ushbu zamonaviy fabrikada hududdagi besh yuz nafarga yaqin xotin-qizlar ish bilan band.

— Fabrika ishchilarining koʻpchiligini “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftariga” kirganlar tashkil etadi, — deydi korxona masʼul xodimi Elyor Tursunov. ؙ— Ularga qulay sharoitlar yaratilgan, ishga kelib-ketishlari uchun transport biriktirilgan. Tushlikda issiq ovqat bilan taʼminlangan.

— Ilgari mana shunday zamonaviy korxonalarda ishlayotgan xotin-qizlarni televizorda koʻrib, havasim kelardi, — deydi trikotaj fabrikasi ishchisi Dilrabo Qodirova. — Mana, tumanimizda “Koson Baxt tekstil” MCHJ tashkil etilib men kabi yuzlab xotin-qizlar doimiy ish oʻrniga ega boʻldik. Biz ishchi-xodimlar uchun korxona rahbariyati tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan.

Ha, bu kabi loyihalarning ishga tushirilishi natijasida bir paytlar deyarli eʼtibor qaratilmagan soha bugun hudud iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biri desak, yanglishmaymiz.

Jahongir BOYMURODOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?