Yangi darsliklarning saviyasi pastmi? Soha vakillarining munosabati qanday?
Foto: XTV huzuridagi Respublika taʼlim markazi
Yangi oʻquv yili boshlanishi bilan milliy oʻquv dasturi asosida xalq taʼlimiga taqdim etilgan maktab darsliklari xalqimiz oʻrtasida keng muhokama qilinmoqda. Bunga birinchi navbatda, yangi oʻquv yili avvalida kutilmaganda maktab darsliklari ijarasi sezilarli darajada qimmatlashgani sabab boʻldi. Ijara narxiga boʻlgan munosabat davlat rahbarigacha yetib borib, joriy oʻquv yilidan darslik ijarasi toʻliq davlat tomonidan qoplanishi belgilandi.
Ammo hali muammo shu bilan tugagani yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlarda yangi oʻquv darsliklarini ishlab chiqarishda masʼul tashkilot manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgani aytilmoqda. Prezident Administratsiyasi bu boʻyicha tekshiruv boshlagani ham keng jamoatchilikka oshkor etildi.
Muhokama maydonida turgan darsliklar tuzilishida haqiqatdan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganmi? Ushbu savolga albatta mutasaddi idoralar javob beradi.
Biz esa yangi yaratilgan darsliklar haqida oʻqituvchi hamda oʻquvchilarning munosabatlari bilan qiziqdik.
Darsliklarning koʻpchiligi maktablarga yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin yuborildi. Albatta, fan oʻqituvchilarida darsliklarni qiyoslash imkoniyati ham paydo boʻldi. Sababi, darsliklardagi oʻzgarishlarni pedagoglardek yaxshi his qiladigan soha xodimlari boʻlmasa kerak. Xususan, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Jizzax shahar 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Dilafruz Bobojonova shunday deydi:
— Ancha yillardan buyon ona tili va adabiyot fanidan dars berib kelaman. Bu yil yangilangan darsliklar haqiqatdan ham ancha oʻzgargan. Oʻquvchilarni tanqidiy fikrlashga, har bir narsani toʻgʻri qabul qilishga moslashtirilgan topshiriqlar xuddi maktab bolasi tomonidan oʻylab chiqilgandek, ularning yoshiga juda mos. Ona tili darsliklarida ham qoidalardan ancha voz kechilgan. Buni men oʻqituvchi sifatida toʻgʻri deb oʻylayman. Sababi biz har yili butun bir xalq taʼlimidan faqat filolog yoki tilshunos chiqarmaymiz. Zotan, bunday iqtidorlarni kashf etuvchi ijod maktablari ochilgan. Biz oʻquvchilarga hayotida kerak boʻladigan narsalarni oʻrgatishimiz kerak. Yangi darsliklar esa xuddi koʻnglimdagidek, oʻquvchida aynan shu jihatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Darsliklar maktab oʻquvchilarida ham ijobiy natija qoldirmoqda. Oʻquvchilar darsliklarga kiritilgan oʻzgarishlarni his qilishmoqda.
— Avval zerikarli qoidalar boʻlardi va nima uchun qoidani yodlashim kerakligini, uni qachon qoʻllashga qiynalardim. Yangi darsliklarda jadvallarni qiyoslash, oʻzimga yoqqan mavzulardagi rasmlarga qarab matn tuzish, virtual yozishmalarimizdagi xatoliklarni adabiy tilda tuzatish, ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy va salbiy jihatlari haqida fikr yuritish kabilarni koʻrib, ona tilini bilish nima uchun muhimligini bildim», — deydi umumtaʼlim maktablaridan birining 7-sinf oʻquvchisi.
— Yangi oʻquv darsliklari xalqaro miqyosda oʻrganilib tuzib chiqilgan, — deb taʼkidladi Milliy oʻquv dasturi asosida “Adabiyot” darsligi tuzuvchilaridan biri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Mirzayeva. — Keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtgan darsliklar bir necha bor tayanch maktablarda sinab koʻrildi. Men faqat umumiy oʻrta taʼlim maktablariga darslik tuzibgina qolmay, avvalroq Prezident maktablariga ham adabiyot fanidan darslik tayyorlaganman. Oʻzim ham shaxsan Yurtboshimiz bilan ikki marta uchrashdim. Prezidentimiz tomonidan bevosita aytilgan, sohaga kiritilishi kerak boʻlgan innovatsion oʻzgarishlar aynan mana shu darsliklarda oʻz aksini topgan. Biz bu ishni boshlashdan oldin dunyo tajribasini ham oʻrgandik. Jahon va milliy tajribani oʻzaro uygʻunlashtirgan jihatlarimiz ham boʻldi.
Darsliklar hamma davrda ham millat kelajagi boʻlgan yangi avlodni toʻgʻri tarbiyalash, taʼlim berishga zamin tayyorlaydi. Zero, Vatan ostonasiga qadam oiladan boshlansa, ilm yoʻliga maktabdan boshlanadi!
Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
- Insoniyat yangi rekordni qayd etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring