Yakkayu yagona najotimiz – ilm – Shavkat Mirziyoyev Andijondagi xususiy maktab faoliyati bilan tanishdi

20:44 29 Sentyabr 2021 Siyosat
845 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “Yangi avlod” xususiy maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Ming oʻrinli mazkur umumtaʼlim maktabi bu yil ilk oʻquvchilarini qabul qildi. Uch qavatli ikkita oʻquv binosida 55 ta sinfxona, 3 ta laboratoriya, fan kabinetlari bor. Ular zamonaviy oʻquv jihozlari va uskunalar bilan taʼminlangan.

Maktab chet tillariga ixtisoslashtirilgan boʻlib, ingliz, xitoy, arab tillari chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitiladi.

Shuningdek, aniq fanlarni ingliz tilida interfaol tarzda oʻqitish, mental arifmetika, axborot texnologiyalari, robototexnika toʻgaraklari tashkil etilgan. Oshxona, ochiq va yopiq sport maydonlari, gimnastika va xoreografiya xonalarida zarur sharoitlar yaratilgan.

Prezident maktab oʻquvchilari bilan suhbatda ularning intilishlarini qoʻllab-quvvatladi.

– Sizlar eng toʻgʻri yoʻlni – bilim yoʻlini tanlagansizlar. Hech qachon oʻqishdan, izlanishdan toʻxtamanglar. Vaqt tez oʻtadi, ertaga hayotda munosib oʻrin topishingiz, zamonga mos mutaxassislar boʻlib yetishishingiz uchun bugun oʻqishingiz kerak. Men ishonaman, sizlar mutlaqo yangi avlod yoshlari boʻlib ulgʻayasizlar, ota-onangiz, el-yurtingiz orzusini roʻyobga chiqarasizlar. Chunki sizlarda bilim boʻladi. Bilim esa, koʻp bor aytganimdek, oʻtda yonmaydi, suvda choʻkmaydi. Yakkayu yagona najotimiz – ilm, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda maktabgacha taʼlim muassasasi va universitet barpo etish loyihasi taqdimot qilindi. Unga koʻra, maktab yonida 150 oʻrinli bogʻcha, 500 oʻrinli axborot texnologiyalari universiteti qurilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa bogʻcha, maktab va universitet taʼlim klasteriga aylanadi. Ularda bolalar bogʻcha yoshidan chuqurlashtirilgan bilim olib, axborot texnologiyalari boʻyicha yetuk mutaxassislar boʻlib yetishadi.

Davlat rahbari shu yerda jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?