Yaxshidir achchiq haqiqat — Tunda goʻristonni eslatadigan vatanparvarlik bogʻida kartoshka, piyoz yetishtirilmoqda

17:39 14 May 2021 Jamiyat
444 0

Bundan bir necha oy muqaddam Jondor tuman markazida vatanparvarlik bogʻi barpo etilib, unga xalq qahramoni Mahmud Torobiy nomi berilgan, salkam besh gektar maydonni egallagan oʻziga xos maskanning ochilish marosimi ham oʻtkazilgandi.

Oʻziga xos deyishimiz bejiz emas. Goʻshada harbiy-texnika vositalari — tank, zirhli transportyorlar, vertolyot, samolyot, turli kalibrli artilleriya qurollari koʻrgazmali vosita sifatida oʻrnatilgan. Muzey uchun bino qurilgan. Bogʻ toʻrida esa Mahmud Torobiy haykali qad rostlagan.

— Viloyatimizning sobiq hokimi, rahmatli Oʻktam Isoyevich Barnoyev bu xayrli ish tashabbuskori boʻlgan, u Jondordan chiqqan xalq qahramonining xotirasini abadiylashtirishdek ezgu yumushga jiddiy kirishgandi, — deydi mehnat faxriysi Bahodir Soliyev. — Tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda bu bogʻni yana-da kengaytirish, xususan, bolajonlar uchun qulayliklar yaratish zarurligini taʼkidlagan edi. Basseyn barpo etish, attraksionlar oʻrnatilishi haqida gapirgandi.

Ammo boshlangan ezgu ishlar keyinchalik oxiriga yetkazilmay qoldi. Shunga qaramay, tumanda harbiy-vatanparvarlik bogʻi barpo etilgani haqida toʻrt tomonga jar solindi.

Vaqt oʻtgan sayin hovuzdagi suv tiniqlashgani kabi bogʻdagi ishlarning ancha-munchasi koʻzboʻyamachilikdan boʻlak narsa emasligi bilinib qoldi.

— Kechqurun bu boqqa kirgani birovning yuragi betlamaydi, — deydi Bahodir aka. — Chunki yoritish tizimi yoʻq. Bogʻ tunda naqd goʻristonni eslatadi. Ochilish marosimi boʻladi, viloyat hokimi kelar emish, degan gap-soʻzlar tarqadi-yu, mana bu uch-toʻrtta chiroqni xoʻjakoʻrsinga oʻrnatib qoʻyishdi. Ammo ular ham yonmaydi. Elektr tizimi tarmogʻiga ulanmagan.

Bu fikrni shu yerda qorovul vazifasida ishlovchi Ibragim Elniyozov ham tasdiqladi. Uning aytishicha, bundan tuman obodonlashtirish idorasi (bogʻ shu tashkilot tasarrufida) rahbari ham xabardor.

Binobarin, yozning jazirama kunlarida, kech tushganda nabirasining qoʻlidan tutib boqqa dam olgani yoʻl olgan jondorlik otaxonlarning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas.

— Bogʻda taʼmirlash ishlari boshlanishidan avval tadbirkorlar ajratgan mablagʻ evaziga ming kvadrat metr bruschatka yotqizilgan, darvoza oʻrnatilgan edi, — davom etadi B. Soliyev. — Keyin shu bruschatka va darvoza izsiz yoʻqoldi. Vaholanki, ular “kimoshdi” savdosi orqali sotilganida tushgan mablagʻ bogʻ kamu koʻstini toʻldirishga sarflangan boʻlur edi.

Yana bir muammo shundaki, bogʻning toʻrt tomoni ochiq. Toʻgʻri, maskan atrofini oʻrab olish uchun quruvchilar ish boshlashgan edi. Ammo ular anchadan buyon qoralarini koʻrsatmay qoʻyishdi. Ish chalaligicha yotibdi.

Bogʻdagi koʻkalamzorlashtirish ishlarini ham koʻzdan kechirdik.Ochigʻi, bu yerda atirgullar ochilib turganini, manzarali daraxt koʻchatlari avj olib oʻsayotganini koʻrish umidida edik. Ammo taajjublanarlisi shundaki, madaniyat va istirohat parkida, aniqrogʻi, harbiy-vatanparvarlik bogʻida kartoshka, piyoz, sabzi, urugʻlik piyoz va boshqa shu kabi sabzavot mahsulotlari yetishtirilayotgan ekan. Bunaqasi dunyodagi birorta dam olish bogʻida uchramasa kerak.

Ilmiy yondashuv yoʻqligi sabab daraxtlarga qurt tushayotgani, ularning bir nechtasi qurib qolganini-ku aytmay qoʻya qolaylik.

— Tashkilotimizda yuz nafarga yaqin ishchi-xodim ishlaydi, — deydi tuman obodonlashtirish idorasida brigadir vazifasida ishlovchi Oston aka ismli fuqaro. — Ular shu yerda yetishtirilayotgan mahsulotlardan bahramand boʻlishyapti. Gulzor, deysizmi? 70 tup atirgul koʻchatini ancha kech yetkazib berishdi. Oʻtqazdik. Bir qismi koʻkardi. Bizning maqsadimiz ham shu bogʻni obod qilmoq.

Taʼkidlanganidek, vatanparvarlik bogʻida muzey tashkil etish uchun kattagina mablagʻ evaziga bino ham qurilgan. Ammo u hozir oʻta qarovsiz ahvolda. Muzey binosidagi ahvolni koʻrib taajjubdan yoqa ushlaysan, kishi. Bu yerda nimalar yoʻq, deysiz. Supurgidan tortib, tarashagacha uyib tashlangan.

Jondorlik yoshlarning ona-yurtimizga mehru muhabbatini kuchaytirishga, ulardagi vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiluvchi bu maskandagi manzara nahotki, mutasaddilar nazaridan chetda qolgan? Axir, bu yerdan qoʻl choʻzsa yetgulik masofada tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi binosi joylashgan. Nahotki, bu yerdagi holatni koʻrib, tuman masʼullarining yuragi “jiz” etmaydi?

Oyogʻimizga tushov boʻlib turgan koʻzboʻyamachilik, oʻziboʻlarchilikdan qachon xalos boʻlamiz?!

Biz bu savolga tuman mutasaddilaridan javob kutib qolamiz.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?