Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda — IIV axboroti

12:55 19 Mart 2022 Siyosat
1223 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Bugun, 19-mart kuni, Senatning yigirma toʻrtinchi yalpi majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi 2021-yil yakuni boʻyicha axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 4 615 nafar shaxs ushlangan, bedarak yoʻqolgan 507 nafar shaxs topilgan.

9 314 ta mahallada kriminogen vaziyat tahlil qilinib, mahallalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan.

Koʻrilgan choralar natijasida 2021-yilda 2 639 ta mahallada (28,3 foiz) jinoyatlar sodir etilmagan, 3 628 tasida (39 foiz) ularning sodir etilishi holatlari kamaygan.

Iqtisodiyot, boshqaruv va odil sudlov sohasida 1 313 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 1 018 ta jinoyat aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 86,1 mlrd soʻm miqdoridagi zarar undirilishi taʼminlangan.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan oʻrganishlar ichki ishlar organlari tomonidan eʼtibor qaratish lozim boʻlgan masalalar mavjudligini koʻrsatdi.

Xususan, 2021-yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga oʻrtacha 321,4 tadan toʻgʻri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021-yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga oʻz vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi
(8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Fargʻona viloyatlariga toʻgʻri keladi.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021-yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.

Oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.

Maktablarda yoʻlga qoʻyilgan “davomat tadbirlari” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholini ogohlikka chaqirish yoʻnalishidagi ishlar ham muntazam ravishda olib borilmagan.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, ushbu jinoyatlarning 65,2 foizi Fargʻona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlariga toʻgʻri keladi.

Bundan tashqari, 14 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan taʼminlash masalalari samarali hal etilmayotganini koʻrsatadi.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi oʻrtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, bundan buyon masʼul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi taʼminlanmagan yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabablari
va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralari koʻriladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?