Voyaga yetmaganlar oʻrtasida sodir boʻlayotgan jinoyatlar barchamizni tashvishga soladi

17:41 27 Noyabr 2020 Jamiyat
281 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish ortidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy sudning bir qator masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, hozirgi paytda fuqarolar tomonidan sovuq qurol yordamida bir qator jinoyatlar sodir etilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida jamoat joylarida harakatlanayotgan 14 957 nafar fuqaroda oʻtkir tigʻli, kesuvchan yoki zarb beruvchi predmetlar aniqlangan. Bularning 57 foizi koʻchada, 22 foizi bozorlarda hamda 24 foizi taʼlim muassasalariga toʻgʻri keladi. Albatta, oʻquv dargohlarida kuzatilayotgan bu kabi holatlar masalaning naqadar jiddiy ekanligidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston qonunchiligida fuqarolar tomonidan sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan ashyolarni maqsadsiz jamoat joylarida hamda barcha turdagi jamoat transportlarida olib yurishga va maqsadli olib yurganda uni gʻilofsiz olib yurganlik uchun javobgarlik belgilanmaganlik sababli yuqoridagi holatlarga taʼsirchan chora koʻrish imkoniyati boʻlmagan.

Shu bois “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan maʼqullanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan.

Shu va yana bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar tufayli endilikda fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Aytaylik, fuqaro oshxona pichogʻini charxlash uchun gʻilofda olib ketayotgan boʻlsa, bu qonunga zid emas, aksincha boʻlsa, ichki ishlar organlari xodimlari uni toʻxtatib sovuq qurolni nima maqsadda olib yurganligi toʻgʻrisida tegishli tartibda xatti-harakatlar olib borishi mumkin.

Shuningdek, taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida axborotlar berildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?