Vodiy nihollari Qashqadaryoda kurtak yozadi

17:30 30 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
220 0

Illyustrativ foto

Prezidentimiz Qashqadaryoga tashrifi chogʻida viloyatda bogʻ va tokzorlarni koʻpaytirish, hosildorligini oshirishda vodiy tajribasidan unumli foydalanish haqida mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar bergan edi. Shu asosda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi tomonidan “Vodiy tajribasini Qashqadaryoga keng yoyish” loyihasi doirasida ishlar boshlab yuborildi.

Ayni paytda mazkur loyiha asosida Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi bogʻdorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavot mahsulotlar yetishtirishda katta tajriba toʻplagan sohibkoru dehqonlar, sohani yaxshi biladigan olim hamda yetuk mutaxassislar Qashqadaryo viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari hamda aholi xonadonlari egalariga intensiv bogʻ yaratish, issiqxonada ekin parvarishlash va tomorqadan unumli foydalanish sir-asrorlarini oʻrgatishmoqda.

— Vodiylik olimlar, mutaxassislar, sohibkoru bogʻbonlardan tuzilgan ishchi guruhi Qashqadaryoning Shahrisabz, Kitob, Yakkabogʻ, Qamashi, Gʻuzor va boshqa tumanlarida boʻlib, aholiga koʻchat ekish texnologiyasi, daraxtlarga shakl berish, issiqxonalardan foydalanish, intensiv bogʻlarni joriy etish kabi masalalarda koʻmak beryapti, — deydi Fargʻona viloyatidagi Quva ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Hamidjon Usmonov. —Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Qashqadaryo viloyatida bir yilda xorijga 90 million AQSH dollari miqdorida meva, uzum, sabzavot poliz mahsulotlari eksport qilinayotgan boʻlsa, birgina bu koʻrsatkich Quva tumanining oʻzida 1 yilda 60 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Ahamiyatli tomoni shundaki, Quvada ana shu eksport qilinayotgan mahsulotlarning 40 foizi aholi tomorqalarida yetishtirilmoqda. Bizning maqsadimiz Qashqadaryoda aholi tomorqalarida eksportbop mahsulotlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Buning uchun biz 15 ming tubdan ziyod olma, behi, shaftoli, oʻrik, gilos, yongʻoq va boshqa koʻchatlarni olib kelib, aholi tomorqalarida oʻz qoʻlimiz bilan ekib koʻrsatyapmiz.

Quva ilmiy-amaliy markaz rahbari Zafarjon Mamasoliyev fikrlariga koʻra, Qashqadaryoda intensiv bogʻlarni koʻpaytirish orqali viloyatda meva yetishtirish va eksportga chiqarish hajmini 60 foizga koʻpaytirish imkoniyati mavjud.

— Biz Qashqadaryoga safarimiz chogʻida juda koʻp xonadonlarni oʻrgandik,judayam koʻp tajribali bogʻbonlar borligiga guvoh boʻldik, — deydi Zafarjon Mamasoliyev. — Lekin hozirgi kunda Prezidentimizning talabi intensiv bogʻdorchilikni koʻpaytirish, yerlardan unumli foydalanishga qaratilgan. Mana, masalan, oldingi eski bogʻlarda 1 gektar yerda 350-400 tup koʻchat ekilgan boʻlsa, intensiv bogʻlarda 1 gektar yerga 1250-2000 tupgacha koʻchat joylashtiriladi. Navi yaxshi, hosildorligi yuqori, hosili eksportga ketadigan ana shu koʻchatlar ilmiy markazimizda yetishtiriladi va qashqadaryolik bogʻbonlarga yetkazib beramiz.

— Bu hamkorlik albatta oʻz samaralarini beradi, — deydi Qashqadaryo viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bosh mutaxassisi Ruslan Nazirov. — Toʻgʻri, bizda yer koʻp, faqat tomorqa madaniyatini yuksaltirish lozim. Mana, masalan, viloyatimizda 462606 tomorqachi qoʻlida 55964 gektar tomorqa yerlari mavjud boʻlib, shundan 15 ming gektariga takroriy ekinlar, 45 ming gektariga erta bahorgi va 14 ming gektariga toʻqsonbosti ekinlar parvarishlanmoqda. 2019-yilda tomorqalardan 900 ming tonna, 2020-yilning 9 oyida 1 million 173 ming tonna mahsulot olindi. Joriy yilda tomorqada yetishtirilgan bor-yoʻgʻi 96950 tonna mahsulot eksport qilindi. Bu 3 million AQSH dollardan koʻproqni tashkil etadi. Vodiy tajribasini viloyatimizga joriy etish orqali bu koʻrsatkichlarni yana-da yuksaltirish mumkin. Buni vodiydan kelgan mutaxassislarning oʻzlari ham eʼtirof etishmoqda.

Vodiy viloyatlaridan kelgan olimu sohibkorlar vohaning barcha tumanlari fermerlari, bogʻbonlari, aholi xonadonlari va tomorqachilari oʻrtasida oʻz tajribalarini keng yoyish borasida ish olib borishmoqda.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?