Vladimir Norov: Tojikiston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash — Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi

13:23 01 Iyun 2022 Siyosat
1545 0

Foto: president.uz

Oʻzbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmogʻiga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yoʻlida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qaygʻumizda ham doimo birgamiz.

Ajdodlar anʼanasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamogʻimiz darkor.

Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shu yilning 2-3-iyun kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Ushbu voqea oʻzbek va tojik xalqlari munosabatlarida alohida ahamiyatga ega boʻlib, ikki tomonlama muloqotlarning mutlaqo yangi bosqichini namoyon etishi shubhasiz.

Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar, uning rivoji xususida yaqindan bilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan suhbatlashdik.

— Vladimir Imamovich, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohada izchil rivojlanib bormoqda. Bilasiz, bundan sanoqli yillar avval oʻzaro aloqalarimiz haqida ijobiy fikr bildirish oson emasdi. Aytingchi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi “muzlar” qisqa vaqt ichida qanday eridi?

— Oʻzbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, uzviy maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turadi. Ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bilan bogʻlangan. Azaliy qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat anʼanalari davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda mustahkam asos boʻlib xizmat qilyapti.

Shunday vaqtlar boʻldiki, qon-qardosh, quda-anda xalqlar orasiga sunʼiy “devor”lar qoʻyildi. Oʻzaro bordi-keldi ushalmas orzuga aylandi. Oʻzbekiston hamda Tojikiston munosabatlari esa turli geosiyosiy va ayrim sabablar bois oʻtgan yillar davomida taranglashib ketgan edi.

1993-yil 4-yanvarda imzolangan Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda 2000-yil 15-iyundagi Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomada munosabatlarimizning asosiy tamoyillari, jumladan, mustaqillik va davlat suverenitetini oʻzaro hurmat qilish, teng huquqlilik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, davlat darajasida ham, xoʻjalik yurituvchi subyektlar darajasida ham oʻzaro manfaatli iqtisodiy sheriklik aloqalarini oʻrnatishga intilish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan edi. Ammo haqiqat shu ediki, bu hujjatlar, asosan, qogʻozda qolib, amaliy tomondan hamkorlikka huquqiy asos boʻla olmadi...

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritayotgan oqilona siyosati natijasida soʻnggi yillarda mamlakatlarimizning koʻp qirrali hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi, xalqlarimiz doʻstligi mustahkamlandi.

Oʻtgan qisqa davr ichida davlatlarimiz munosabatlarini mustahkamlash uchun juda kuchli turtki berildi. Ulkan oʻzgarishlar sodir boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning mart oyida davlat tashrifi maqomida amalga oshirgan Tojikistonga safari bilan ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochildi.

Dushanbeda doʻstona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirish omili sifatida xizmat qildi.

Oʻsha yilning avgust oyida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Eʼtiborlisi, Tojikiston yetakchisi mamlakatimizga tashrifini uzoq tanaffusdan soʻng, yaʼni 2001-yildan keyin amalga oshirdi.

Toshkent va Dushanbe shaharlarida siyosat, savdo, energetika, transport, madaniyat, ilm-fan, taʼlim, xavfsizlik sohalarida imzolangan 60 dan ortiq davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitimlar, memorandumlar, dasturlar va “Yoʻl xaritalari”dan iborat hujjatlarning salmoqli toʻplami davlat tashriflarining yuksak natijalaridan dalolat beradi. Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomaning qabul qilinishi ikki mamlakat hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil iyun oyida Tojikistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi oʻzaro munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi oʻsish surʼatini namoyon etdi.

Bugun har ikki mamlakat rahbarlari koʻp tomonlama sheriklikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qatʼiy xohish, shuningdek, yangi marralarni yelkama-yelka turib zabt qilishga boʻlgan intilishni koʻrsatmoqda. Oʻzaro doʻstona aloqalar aniq amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda, oʻsib boruvchi trayektoriya boʻylab rivojlanmoqda.

2016-yil sentyabrdan to shu kunga qadar Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari 9-marta uchrashdilar, qator telefon muloqotlari amalga oshirildi. Muloqot xarakteri koʻp jihatdan Prezidentlar oʻrtasida shakllangan oʻzaro ishonchdan kelib chiqadi. Bu jihat davlatlar yetakchilari bir-birlariga “qadrli birodarim” deya murojaat qiladigan norasmiy munosabatda ham namoyon boʻladi.

Oliy darajada oʻrnatilgan ochiq, samimiy muloqotlar hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish uchun mustahkam poydevor qoʻydi.

— Soʻnggi yillarda davlatlarimiz oʻrtasida barcha sohalar rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda siyosiy sohadagi hamkorlik muhim oʻringa ega. Shular xususida soʻzlab bersangiz.

— Bizda barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq kelishuvlar mavjud “Yoʻl xaritalari” asosida munosabatlarimizni mustahkamlab kelyapmiz. Bugungi kunda Oʻzbekiston — Tojikiston hamkorligining shartnomaviy-huquqiy bazasi 200 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlardan iborat boʻlib, ularning qariyb yarmi, aniqrogʻi 97 tasi soʻnggi toʻrt yil ichida imzolangan.

Qonun chiqaruvchi idoralar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadida 2017-yil dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Parlamenti bilan hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo guruhi tuzildi.

Har ikki davlat uchun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, ichki ishlar sohasida terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosiga qarshi kurashish, tezkor axborot almashinuvi boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Mudofaa sohasida, jumladan, harbiy-texnikaviy yoʻnalishda oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasidagi ishlar ham davom ettirilyapti.

Mamlakatlarimiz bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavfsizlikka raxna solishi mumkin boʻlgan tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik mustahkamlanishidan manfaatdorligini bildirmoqda. Oʻzbekiston va Tojikiston yakdillik bilan umumiy farovonlik va taraqqiyotga erishish maqsadlarida mintaqa doirasida birgalikda harakat qilish niyatini namoyon etyapti.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Tojikiston suv-energetika resurslaridan mintaqa mamlakatlari manfaatlari bilan hisoblashgan holda oqilona va tenglik asosida foydalanish zarurati haqida bir toʻxtamga keldi. Xorijiy ekspertlar qayd etganidek, ushbu yoʻnalishdagi oʻzbek — tojik munosabatlarining konstruktiv xarakteri Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mintaqaviy harakatlarni faollashtirishga ijobiy taʼsir etishi mumkin.

Hududlararo hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo bitim imzolangan boʻlib, uning doirasida Toshkent va Dushanbe shaharlari, Surxondaryo va Xatlon, Samarqand va Soʻgʻd viloyatlari hokimliklari oʻrtasida oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Xavfsizlikning zamonaviy tahdidlariga qarshi kurashish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik tartibini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va xalqaro kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar boʻyicha Oʻzbekiston va Tojikistonning pozitsiyalari oʻxshashdir.

— Mutaxassislarning fikricha, Oʻzbekiston va Tojikiston erishgan eng katta va muhim muvaffaqiyatlardan biri, bu chegara masalasining hal qilinishi boʻldi. Shu masalaga ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— 2018-yilning 1-martida ikki mamlakat fuqarolari hayotida chinakam unutilmas baxtli onlar boshlandi. Zero, shu kundan Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq misoli oʻlaroq, Oʻzbekiston va Tojikiston Davlat chegarasi orqali 9 ta oʻtish punkti tantanali ravishda ochildi.

Keyingi yillarda davlat chegaralarida jami 17 ta oʻtkazish punkti ochilib, shu munosabat bilan tashkil qilingan marosimlarda tutash tumanlar aholisi ishtirok etib minnatdorligini bildirdi.

Qardosh xalqlarimiz sabrsizlik bilan kutgan mazkur voqelik fuqarolarning bordi-keldisini osonlashtirishga imkon yaratdi. Bu esa, oʻz navbatida, ikki mamlakat doʻst xalqlarining qarindoshlik aloqalarini saqlashga va mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Yuqorida taʼkidlaganimdek, 2016-yildan soʻng chegaralar ochilib, “devor”lar quladi, sim toʻsiqlar oʻrnini “doʻstlik darvozalari” egalladi.

Xalqlarimiz qiz olib, qiz bergan, qarindosh boʻlgan. Urf-odatlari ham ikki tomchi suv kabi bir-biriga oʻxshashdir. Ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi munosabatlarning iliqlashishi, birinchi navbatda, oddiy odamlar hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Buning tasdigʻi sifatida nazorat­punktlarining ochilishi, davlatlarimiz oʻrtasidagi temir yoʻl va aviaqatnovning tiklanishi xalqlarimiz tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Chegarani kesib oʻtayotganlar oʻzgarishlarni darrov sezishdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil mart oyida Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga koʻra, ikki davlat yetakchilari umumiy chegarani minalardan tozalash boʻyicha barcha ishlar 2019-yil oxirigacha yakunlanishiga kelishib olishgandi.

2020-yilning ilk kunlarida mamlakatlarimiz rasmiylari Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegaralarga oʻrnatilgan minalar butunlay tozalanganini eʼlon qildi. Oddiy fuqarolar, ayniqsa, Oʻzbekiston bilan chegaraga yaqin joylarda yashayotgan kishilar chegaralar minadan tozalangani haqidagi xabarni quvonch bilan kutib olishdi.

— Savdo-iqtisodiy va transport-logistika oʻzaro munosabatlarimizda muhim oʻrin tutadi. Ayni shu yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?

— 2021-yil yakuniga koʻra, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 600 million AQSH dollarini tashkil etdi. Qoʻshma korxonalar soni 10 barobar oʻsdi. Agar 2017-yilda Oʻzbekistonda 24 ta korxona faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2021-yil oxiriga kelib Tojikiston kapitali ishtirokidagi 240 ta korxona ishlay boshladi.

Tojikistonda Oʻzbekiston sarmoyasi kiritilgan 61 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan “TALKO-KRANTAS” maxsus kommunal va qurilish avtomobillarini yigʻish hamda sozlash boʻyicha qoʻshma ishlab chiqarish korxonasining ochilishi yana bir muhim voqea boʻldi.

Ayniqsa, Ustav fondi 50 million AQSH dollari boʻlgan Oʻzbekiston — Tojikiston investitsiyaviy kompaniyasining tashkil etilishi munosabatlarimiz rivojida alohida oʻringa ega.

Tojikistonda «Navoiyazot» (Xoʻjand), “Oʻzbekiston” savdo uyi (Xoʻjand), «Ravon Motors Tojikiston» (Dushanbe) va “Artel” (Dushanbe) kompaniyalarining savdo uylari tashkil etildi.

Iqtisodiy hamkorlikning alohida vektori transport-logistika sohasidagi aloqalardir.

Oʻzbekistonning qulay geografik joylashuvi va sertarmoq transport infratuzilmasi Tojikistonga tashqi bozorlarga chiqish yoʻllarini diversifikatsiyalash imkoniyatlarini ochadi. Umumiy transport-kommunikatsiya salohiyatini toʻliq ishga solish nafaqat oʻzaro savdoni oʻstirishga yordam beradi, balki mintaqalararo darajada gumanitar aloqalarni mustahkamlaydi ham.

2017-yilda Gʻalaba — Amuzang temir yoʻl aloqasi tiklandi, Samarqand — Panjikent uchastkasida A-377 xalqaro avtomobil yoʻli ochildi. Toshkent va Dushanbe oʻrtasidagi aviaqatnovlar tiklandi. Hozirda parvozlar “Uzbekistan Airways” AJ va «Somon eyr» aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 2-marta amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda “Toshkent — Xoʻjand”, «Qoʻqon — Shaydon» xalqaro avtobus yoʻnalishlari muntazam yoʻlga qoʻyilgan. “Samarqand — Dushanbe” va “Samarqand — Panjikent” yoʻnalishlarida avtobuslar qatnovini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda “Oʻzbekiston — Tojikiston — Xitoy” yoʻnalishidagi transport koridorining ahamiyati nechogʻliq muhimligini aytib oʻtmoqchiman. Mazkur loyiha «Termiz — Sariosiyo — Dushanbe — Vahdat — Koʻlob — Qalʼayi Xumb — Xorugʻ — Kulma — Qoshgʻar» yoʻnalishida harakatlanib, umumiy hisobda 1422 km. masofani bosib oʻtadi.

Ikki davlat temir yoʻl maʼmuriyatlari oʻrtasidagi munosabatlar, jumladan, xalqaro temir yoʻl tuzilmalari, xususan, MDHga aʼzo davlatlarning Temir yoʻl transporti boʻyicha markaziy kengashi, Temir yoʻllar hamkorligi tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham samarali rivojlanmoqda.

— Oʻzbek xalqining madaniy merosini tojiklar eʼzozlashadi. Tojik madaniyati durdonalari esa oʻzbeklar tomonidan hamisha qadrlangan. Oʻzbeklar va tojiklar xursandchilikda ham, gʻamda ham doimo birga boʻlganlar. Shu maʼnoda, madaniy-gumanitar sohadagi rishtalar qanday rivojlanib kelmoqda?

— Haqiqatan ham, Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarini birodarlikning oʻziga xos rishtalari bogʻlab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon yashab, ular tarixiy maʼnaviy ildizlar, madaniyatlar, anʼanalar, odatlarning uygʻunligi bilan bogʻlangan. Ularni bir-biridan ayri holda tasavvur ham qilib boʻlmaydi.

Buyuk ajdodlarimiz va mutafakkirlarimiz Navoiy va Jomiy, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy, Gʻafur Gʻulom va Mirzo Tursunzoda, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali oʻzbeklaru tojiklarning samimiy va sof doʻstligini tarannum etganlar.

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning ikki xalq turmush tarzi, oʻxshash jihatlarini ifoda etuvchi quyidagi satrlarini aytib oʻtishni joiz deb bildim:

Doʻstu qardoshdir azaldan

Oʻzbegim tojik bilan,

Ikkisi bir bayt gʻazaldan

Oʻzbegim tojik bilan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykal oʻrnatilishi Tojikistonda ham, Oʻzbekistonda ham katta xursandchilik bilan kutib olindi.

Oʻzbekiston va Tojikistonda ikki xalqning madaniyati va sanʼatini oʻrganishga, oʻzaro boyitishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi davomida imzolangan hujjatlar bunga yanada keng imkoniyat yaratadi. Xususan, Madaniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim xalqlarimizning maʼnaviy aloqalarini mustahkamlash, yoshlarimizni umumiy manfaatlar atrofida jipslashtirishga yoʻnaltirilgan qator loyihalarni koʻzda tutadi.

Tojikiston vakillari Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan maqom, baxshichilik sanʼati anjumanlari, “Boysun bahori”, “Sharq taronalari” xalqaro festivallarida doimiy ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, 2018-yil Shahrisabzda oʻtgan maqom sanʼati xalqaro forumida “Gran-pri”ni ilk bora Tojikiston “Shashmaqom” akademiyasi qoʻlga kiritdi.

Oʻzbekistonda ham, Tojikistonda ham ikki xalq madaniyati va sanʼati kunlari boʻlib oʻtdi. Chegara hududlarda ikki davlat sanʼat ustalari tomonidan muntazam konsertlar tashkil etish anʼanaga aylangan. 2021-yil may oyida Tojikistonda Oʻzbek kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Oʻzbek va tojik xalqlarining atoqli mutafakkirlari Navoiy va Jomiy doʻstligi va ijodi haqida soʻnggi 30 yil ichida ilk bor qoʻshma toʻliq metrajli badiiy, tarixiy film yaratilmoqda. Yevropa, Amerika va Hindistonning bir qator taniqli kinoijodkorlari ushbu filmda ishtirok etish istagini bildirgan.

Oʻzbekistonda, barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda bir million olti yuz mingdan ziyod tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, oʻqituvchi hamda shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.

Mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda taʼlim tojik tilida olib borilayotir. Bir qator oliy oʻquv yurtlarida shunday fakultetlar va boʻlinmalar faoliyat yuritmoqda.

Yurtimizda keyingi yillarning oʻzida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldi.

3-may — Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan jurnalistika sohasida oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida mana, ikki yildan buyon Tojikiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar gʻoliblar safidan joy olib kelmoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalar sport va taʼlim yoʻnalishlarini ham qamrab olgan. Xususan, ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida 65 shartnoma va memorandumlar imzolandi. Natijada hozirgi kunda Oʻzbekistondagi 30 ta oliy oʻquv yurti Tojikistondagi 15 dan ortiq universitetlar bilan muntazam hamkorlik qilib kelyapti.

Keyingi besh yil ichida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi oʻrtasida hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishda ulkan qadamlar tashlandi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi davomida Xatlon viloyati Koʻbodiyon tumanida Oʻzbekiston tomonidan tibbiyot majmuasi qurib foydalanishga topshirildi. Ushbu 250 oʻrinli zamonaviy koʻp tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorlarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, boʻlib oʻtishi kutilayotgan Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining uchrashuvi oʻzaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.

Oʻtkir RAHMAT suhbatlashdi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер