Vladimir Norov Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon bin Abdulla Al Saud bilan muzokara oʻtkazdi

08:26 08 Sentyabr 2022 Siyosat
306 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2022-yil 7-sentyabr kuni Ar-Riyod shahrida “Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo” Strategik muloqotining birinchi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon bin Abdulla Al Saud bilan muzokara oʻtkazdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-19-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi Oʻzbekiston-Saudiya munosabatlari tarixida yangi davrni belgilab, ikki mamlakatning umumiy qarashlari va intilishlarini yaqqol namoyon etdi.

Tomonlarning oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini, shu jumladan maxsus “Yoʻl xaritasi” doirasida har tomonlama amalga oshirishni taʼminlashga tayyorligi bildirildi.

Muloqot chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro manfaatli aloqalarni ikki tomonlama darajada hamda “Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo” formatida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ishbilarmon doiralarning toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarini har tomonlama ragʻbatlantirish, oʻzaro savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish, sanoat mahsulotlarining qoʻshma koʻrgazmalarini tashkil etish, sayyohlik almashinuvlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, Saudiya jamoatchiligini Oʻzbekistonning tarixi va zamonaviy taraqqiyoti bilan tanishtirish maqsadida 2023-yili Ar-Riyod va Jidda shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?