Vladimir Norov Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

14:16 01 Noyabr 2022 Siyosat
409 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2022-yil 1-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Germaniya Federativ Respublikasi Federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan uchrashdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Germaniya kun tartibining hamda koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Germaniya tomoniga asosiy ustuvor yoʻnalishi Markaziy Osiyo etib belgilangan Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy jihatlari va erishilgan natijalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, tashrif va tajriba almashish amaliyotini davom ettirish, turli yoʻnalishlarda qoʻshma tadbirlar tashkil etishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi maʼlum qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Germaniya bozoriga keng turdagi sifatli va raqobatbardosh Oʻzbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Germaniya tomoniga respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, yangi qomus bilan Oʻzbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolati yaratiladi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Vazirlar inson huquqlarini taʼminlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi haqida yakdil boʻldilar. Shu nuqtai nazardan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Germaniya Inson huquqlari instituti oʻrtasida muloqot oʻrnatish zarurligi qayd etildi. V.Norov germaniyalik ekspertlarni joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Inson huquqlari sohasida taʼlim boʻyicha global forumga taklif qildi.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, xususan, “Yashil makon” umummilliy dasturi va Germaniya tashqi ishlar vazirligining “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasidagi hamkorlikning alohida jihatlarini muhokama qildilar.

A.Berbok Oʻzbekistonning Orol dengizi inqirozi oqibatlariga qarshi kurashishdagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi va Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, Afgʻonistondagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Germaniya ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?