Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

18:23 20 Sentyabr 2022 Siyosat
662 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2022-yil 19-sentyabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

V.Norov taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston BMTni osoyishtalik va barqaror rivojlanishni taʼminlash, butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha universal va ishonchli xalqaro tuzilma, deb biladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatidagi ishtiroki jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining turli yoʻnalishlardagi beshta rezolyutsiyasi qabul qilindi. BMT yuqori darajadagi delegatsiyasi oʻtgan hafta Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT sammitida ishtirok etdi.

A.Guterrish Oʻzbekiston Rahbariyatining ortga qaytmas xususiyatga ega ilgʻor keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirishga boʻlgan siyosiy irodasi va qatʼiyatini yuqori baholadi. BMT Oʻzbekistonni ochiqlik va islohotlar siyosatini amalga oshirish yoʻlida har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlandi.

Bosh kotib Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida jadal kengayib borayotgan hamkorlikni olqishladi. «Oʻzbekiston tinchlik, xavfsizlik, inson huquqlari masalalaridan tortib iqlim va barqaror rivojlanishgacha boʻlgan barcha sohalardagi ishonchli hamkorimizdir. Mamlakat BMTning koʻp tomonlama kun tartibini ilgari surishda etakchi oʻrinni egallaydi», dedi A.Guterrish.

Oʻzbekistonning Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyi aholisining turmush darajasi va sifatini oshirish, mintaqada zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy va sanoat infratuzilmasi obyektlarini qurish borasidagi saʼy-harakatlari BMT tomonidan yuqori baholanishi maʼlum qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, «Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar» temir yoʻlini qurilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi maʼlum qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha yaqin muloqotni davom ettirish toʻgʻrisida kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер