Vladimir Norov Belgiya tashqi ishlar vaziri Haja Lahbib bilan uchrashuv oʻtkazdi

01:11 07 Sentyabr 2022 Siyosat
652 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2022-yil 6-sentyabr kuni Bryusselga tashrif doirasida tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Belgiya tashqi ishlar, Yevropa ishlari, tashqi savdo va federal madaniyat muassasalari vaziri Haja Lahbib bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston va Belgiya oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar oʻsib borayotgani mamnuniyat ila qayd etildi.

Ikki tomonlama muloqotni jadallashtirish, jumladan, turli darajadagi tashriflarni tashkil etish, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida maslahatlashuvlarni oʻtkazish, xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashning muhimligi qayd etildi.

Tomonlar 2021-yil noyabr oyida Valloniya eksport va xorijiy investitsiyalar agentligi (AWEX) va Flamandiya investitsiya va savdo agentligi (FIT) tomonidan tashkil etilgan Belgiya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistonga biznes-missiyasi samarali natijalarga olib kelganini olqishladilar. Shu bilan birga, savdo va investitsiyalar sohasida foydalanilmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Oʻzbekiston va Belgiya barcha yoʻnalishlarda aloqalarni jadallashtirishga tayyorligi bildirildi. Joriy yil oxirida Toshkentda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini oʻtkazish masalasini ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.

Belgiya tashqi ishlar vazirligi rahbariga Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida axborot taqdim etildi. Konstitutsiyaviy islohotlar jamoatchilik fikri va takliflarini, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini, shuningdek, xorijiy ekspertlarning baholarini hisobga olgan holda ochiq, shaffof va erkin jamoatchilik muhokamasi sharoitida amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?