Virus yoʻq boʻlib ketmaguncha shunday sharoitda yashashga, ishlashga majburmiz — A.Qodirov

22:29 29 Avgust 2020 Jamiyat
295 0

Jizzax viloyatida xalq deputatlari Paxtakor tumani Kengashining oʻn birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ishtirok etdi va soʻzga chiqib, dunyoni tashvishga solayotgan pandemiya Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmaganini, hukumatimiz tomonidan xalqimizni virusdan himoya qilish, muhtoj aholi qatlamini moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida qator xayrli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

— Karantinda aholini davlatning oʻzi qatʼiy nazoratga olgan boʻlsa, endi odamlarning oʻzlariga shaxsiy masʼuliyat yuklanyapti, — dedi u. — Oʻzimiz, yaqinlarimiz sogʻligini oʻylasak, uyda, koʻcha-koʻyda va ishda belgilangan masofani saqlab, niqob taqish, ozodalikka qatʼiy rioya qilishni yana-da kuchaytirishimiz lozim. Endi bu virus hayotimizdan butunlay yoʻq boʻlib ketmaguncha shunday sharoitda yashashga, ishlashga majburmiz.

Mahalliy kengash deputatlari bu borada targʻibot-tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirib, bugun eng muhim masala sifatida belgilangan ishsizlar bandligini taʼminlash orqali kambagʻallikni tugatish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish ishlarida faol ishtirok etmogʻi lozim.

Sessiyada ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, byudjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilib qaytganlarni ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tuman xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 18 ta maktabda pandemiya sharoitida oʻquv jarayonlarini boshlash yuzasidan ota-onalar bilan oʻtkazilgan soʻrovnoma yakunlari koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?