Viloyatga moʻljallangan besh yillik dastur markazida 100 ming yoshni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, barcha sohalarda kamida 450 ming ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda — Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan muloqot qildi

17:42 16 Oktyabr 2021 Siyosat
675 0

Liberal-demokratik partiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 16-oktyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirni nomzodning Toshkent viloyati boʻyicha ishonchli vakili R. Turdiboyeva ochdi. Soʻnggi yillarda davlat idoralari xalq ichiga kirib, amaliy ishlar boshlangani natijasida shahar va tumanlarga, olis qishloq va mahallalarga oʻzgarishlar kirib kelayotgani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi. Dasturda iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, tibbiyot, hududlar ravnaqi, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalarini rivojlantirishga oid maqsadlar oʻz ifodasini topgan.

Nomzod Toshkent viloyatiga moʻljallangan besh yillik dastur markazida 100 ming yoshni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, barcha sohalarda kamida 450 ming ish oʻrni yaratish, aholi daromadini kamida 2 barobarga oshirib, kambagʻallikni qisqartirish, har bir mahallada aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari boʻlishini taʼkidladi.

Shu maqsadda, avvalo, sanoatni rivojlantirish, tabiiy resurslar negizida yirik korxonalar tashkil etish, talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor qaratiladi.

Kelgusi besh yilda viloyatda umumiy qiymati 20 milliard dollar boʻlgan 8 mingta yirik, oʻrta va kichik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 180 mingdan ziyod doimiy ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Xususan, Olmaliq, Angren va Ohangaronda yirik mis klasteri tashkil etilishi aytildi. Chirchiq va Olmaliq shaharlari innovatsion kimyo sanoati markaziga aylantiriladi. Bekoboddagi Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv-prokat majmuasi ishga tushirilib, jami quvvat 2 barobar oshiriladi. Parkent tumanidagi 27 million tonna temir rudasi zaxirasini oʻzlashtirish boshlanadi.

Shuningdek, qurilish materiallari sanoatida 1 milliard 300 million dollarlik 150 ta loyiha, farmatsevtika tarmogʻida 750 million dollarlik 30 ta, toʻqimachilik yoʻnalishida 420 million dollarlik 90 ta, elektr texnikasi ishlab chiqarish boʻyicha 300 million dollarlik 40 ta loyiha rejalashtirilgani qayd etildi.

Umuman, bunday yangi loyihalar hisobiga, kelgusi besh yilda viloyat eksport hajmini 2 barobardan ziyod oshirib, 2 milliard 600 million dollarga yetkazish mumkinligi taʼkidlandi.

Nomzod Toshkent viloyatida shaharlar koʻpligiga eʼtibor qaratib, kelgusida bu shaharlar poytaxtimiz bilan uzviy bogʻlangan holda rivojlantirilishini qayd etdi. Xususan, Toshkent bilan Nurafshon oʻrtasidagi yoʻl kengaytirilib, tezyurar elektrobus qatnovi yoʻlga qoʻyilishi, Nurafshon davlat universiteti va koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etilishi aytildi. Nurafshon, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyoʻl shaharlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishi, Toshkentdan bu shaharlarga tezyurar elektropoyezd harakatlanishi koʻzda tutilgan.

Toshkent viloyatida xizmatlar sohasi boʻyicha ham ulkan imkoniyatlar borligi taʼkidlandi. Masalan, hudud ham yozgi, ham qishki turizm uchun eng qulay. Shu bois viloyatda turizm boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish moʻljallangan. Amirsoy, Chimyon, Chorvoq suv ombori va “Toshkent dengizi” atrofida, Ohangaron va Angrendagi togʻli hududlarda qoʻshimcha turistik zonalar barpo etish uchun 1 milliard dollar investitsiya jalb etib, 80 ming ish oʻrni yaratish mumkin. Parkent tumanida infratuzilmani rivojlantirishga 100 milliard soʻm ajratib, turizm uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi.

Shuningdek, yuk tashish, agrologistika majmualari va savdo zonalari tashkil etish boʻyicha loyihalar maʼlum qilindi.

Qayd etilganidek, ilmiy-innovatsion yondashuv asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga oshiriladi. Yerlarni aholiga ijaraga berish orqali 30 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Meva-sabzavotchilik va koʻchatchilik klasterlari, 20 ming gektarda intensiv bogʻ va tokzorlar, 6 ming gektar maydonda yongʻoq, bodom va pista plantatsiyalari, 45 ta yirik chorvachilik kompleksi barpo etiladi.

 Shavkat Mirziyoyev “inson qadri uchun” tamoyilining muhim boʻgʻinlari sifatli taʼlim va tibbiyot ekanini taʼkidlab, bu boradagi vazifalarni ham aytib oʻtdi.

– Biz bugun nimalarni rejalashtirayotgan boʻlsak, ularning barchasi yagona va ulugʻ maqsadga – xalqimizning gʻururi va qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, har bir insonning erkin va farovon hayot kechirishini taʼminlashga qaratilgan. Men ularni amalga oshirishda, avvalo, xalqimizga, uning fidoyi, jonkuyar va faol vakillariga, katta mehnat va hayot tajribasiga ega boʻlgan Toshkent viloyati ahliga tayanaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda partiya aʼzolari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy muloqot boʻldi. Ular viloyatdagi oʻzgarishlarni qayd etib, oʻz fikr va takliflarni bildirdi. Shavkat Mirziyoyev bu takliflarini qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga soʻz berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?