Viloyat hokimiga “Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish” loyihasi taqdim etildi

13:43 08 Aprel 2021 Jamiyat
184 0

8-aprel kuni Samarqand viloyati hokimiyatida innovatsion va investitsion loyihalarning taqdimoti oʻtkazildi. Loyihalar taqdimotida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Qozogʻistonning “AlmaU” Almati menejment universiteti rektori Yerbol Suleymenov, vazirlik va hokimlik mutasaddilari qatnashdilar. Innovatsion rivojlanish vazirligi masʼul xodimlari tadbir ishtirokchilariga taqdimotini oʻtkazdilar.

Mazkur loyiha doirasida qishloq xoʻjaligi, xususan dorivor va texnik oʻsimliklarni yetishtirish, yoʻl qurilishi, elektrotexnika, avtomobilsozlik sohalariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish takliflari berildi. Urgut tumanidagi 760 ga yer maydonini dorivor oʻsimliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash boʻyicha taklif muhokama qilinarkan, urugʻ yetishtirish va seleksiya qilish yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish uchun laboratoriya va zavod qurish zarurati haqida gapirildi. Mazkur zavod 400 tonna urugʻ, 4000 litr yogʻ, 1500 tonna tola, 7500 tonna poya ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Qozogʻistonning “Almau” Almati menejment universiteti rektori Yerbol Suleymenov 2000 nafar talabani oʻqitish imkoniyatini beradigan universitet filialini ochish taklifini ilgari surdi. Unda yoshlarga bakalavriat, magistratura va MBA bosqichlarida menejment, muhandislik menejmenti, tadbirkorlik va innovatsiyalar, turizm sohasida bilim berish rejalashtirilgan. Urgut tumanidagi 143 ta maktabni har yili 4000-500 ming nafar yoshlar bitirib chiqishi inobatga olinsa, bu hududdagi yoshlarning oliy taʼlimga boʻlgan ehtiyojini qondiradi, inson kapitalining rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etishning eng muhim omillaridan biri – yoʻllarning sifatini oshirish maqsadida yoʻl qurilishiga Avstraliya texnologiyasini tatbiq etish taklif etildi. Agar anʼanaviy qurilish ishlari amalga oshirilganida 1 smenada 250 kv.m yoʻl qurilsa, bu texnologiyada 5 ming kv.m yoʻl qurilishiga erishiladi. Yoʻl qurilish xarajatlari 1 kvadrat metri 120 ming soʻmdan 50 ming soʻmga qisqaradi, yoʻldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi. Bundan tashqari, yoʻl qurilishining ekologik xavfsizligi ham taʼminlanadi.

Shuningdek, tumanda alkotester, avtomobillar uchun SOS qurilmasi, avtomobil muzlatkichlari, elektron turniket ishlab chiqarish hamda Samarqand viloyati koʻzi ojizlar jamiyati uchun loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi vakillari Samarqand viloyati hokimiga aqlli shahar konsepsiyasi taqdimotini oʻtkazdilar.

Yoshlarni ilm-fanga qiziqishini oshirish maqsadida “TexnoBus” mobil taʼlim platformasini joriy etish masalasi ham kun tartibida boʻldi. “TexnoBus” chekka hududlarda yashovchi yoshlarning zamonaviy taʼlim yoʻnalishlarida bilim olishlari uchun moʻljallangan boʻlib, unda robototexnika, dasturlash, VR/Ar texnologiyalari, qayta tiklanadigan energiya manbalari, 3D protiplash, sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida taʼlim beriladi. Ushbu platforma Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparklarining asosini tashkil etish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirishga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?