Viloyat hokimi xalq bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning murojaatlarini yaqindan oʻrgandi

20:21 01 May 2021 Jamiyat
533 0

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.

Shu maqsadda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov eng chekka tuman Paxtachida 2 kun davomida xalq bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning murojaatlarini yaqindan oʻrgandi.

Tadbirkorlar qabulida fuqarolar tumandagi 113 ta xonadonda bogʻdorchilik va poliz ekinlari, issiqxona qurish, parrandachilik va chorvachilik, tikuvchilik hamda hunarmandchilik yoʻnalishlarida shugʻullanish istagi borligini bildirishdi. Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi asosida jami 2,7 milliard soʻm imtiyozli bank kreditlari ham ajratilgan. Ammo uchrashuvda fuqarolar tadbirkorlikni rivojlantirishda kredit ajratish boʻyicha ayrim muammolarga duch kelayotganligini ham bildirishdi.

— Viloyat hokimining tadbirkorlar bilan uchrashuvida issiqxona shaharchasi barpo qilish uchun bir yarim milliard soʻm kredit mablagʻi lozimligini bildirib, murojaat qildim. Bu muammoga shu joyning oʻzida yechim topildi, — deydi «Mironshox grand 2020» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Maxfuza Qayumova. — Bundan tashqari, issiqxonalarimizda ayni vaqtda hosillar pishib yetilgan, uni eksport qilishda issiqxonaga olib boruvchi yoʻllar talabga javob bermasligini bildirdim. Ushbu muammo ham ijobiy yechim topadigan boʻldi.

Viloyat hokimining tigʻiz kun tartibidagi keyingi manzil Paxtachi tumani 1 sektor hududidagi xotin qizlarning muammolarini oʻrganish boʻldi.

Tumanda bugungi kunda 2832 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga roʻyxatga kiritilgan. Shundan 594 nafari 1-sektor hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 48 nafar kasb-hunarga oʻqish istagida boʻlgan ayollar hunarga yoʻnaltirish boʻyicha tashkil etilgan qisqa muddatli oʻquv kurslariga jalb etilgan va ularga sertifikatlar berilgan.

— Tomorqamda tashkil qilingan issiqxonadan foydalanishda suv yoʻqligidan aziyat chekayotganligim sababli viloyat hokimiga murojaat qildim, — deydi Rayxona Nizomova. - Mazkur murojaatim shu joyning oʻzida ijobiy hal qilinib, menga bank tomonidan suv nasosi olib beriladigan boʻldi.

Tashkil etilgan sayyor qabul davomida ishsiz, bandligi taʼminlanmagan xotin-qizlar ham oʻzlariga munosib ish oʻrinlariga ega boʻlishdi.

Shuningdek, bir necha yillardan buyon uy-joysiz, birovning uyida ijarada yashab kelayotgan xotin-qizlar ham murojaat qildi. Viloyat hokimligi tomonidan ushbu masalaga ham toʻgʻri yechim topildi. Yaʼni, muammolar girdobiga tushib qolgan ayollarga koʻmak koʻrsatish maqsadida homiylik asosida uy qurib berishga kelishib olindi.

— Men yillar davomida uy-joy olish uchun idorama-idora sarson boʻlganman, - deydi fuqaro Sharofat Omonova. - Hattoki, boshlangʻich toʻlovni amalga oshirish uchun ham imkoniyatim boʻlgan, lekin tumandagi masʼullar, bank xodimlari ishni paysalga solib kelayotgan edi. Mana bugungi murojaatim natijasida muammolarimga yechim topildi. Endi mening ham oʻz uyim boʻladigan boʻldi. Bundan juda ham xursandman.

Moddiy jihatdan qiynalgan, ayollar daftarida roʻyxatda turgan xotin-qizlarning 51 nafariga saxovat va koʻmak mablagʻlaridan tikuv mashinasi va pishiriq pechlari berildi hamda ularning bandligi taʼminlandi.

Tadbirkorlik qilish uchun kredit olish istagida boʻlgan xotin-qizlardan 32 nafariga kredit mablagʻlari ajratildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan Paxtachi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi muammolarini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan sayyor qabulning ikkinchi kuni yoshlar bilan uchrashuvdan boshlandi.

Bugungi kunda barcha sektor rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari oldida turgan asosiy vazifalaridan biri bu shubhasiz yoshlar va ayollar bandligini taʼminlashdan iborat. Tumanda ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilgan, jumladan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz boʻlgan 1234 nafar yoshlarga 236,3 gektar yer maydonlari va 71 million soʻmlik urugʻ va koʻchatlar ajratib berildi.

“Hokim va yoshlar” uchrashuvida tumanda istiqomat qiluvchi yoshlar oʻz muammolari bilan viloyat hokimiga yuzlandi. Yoshlar tadbirkorlikni boshlash, sport maydonchalari barpo etish va uy-joy masalasida oʻzlarini qiynab kelayotgan savollarga javob olishdi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan berilgan eng koʻp savol bank tomonidan ajratilgan kreditlarni rasmiylashtirishdagi muammolar boʻldi.

— Men oʻzimni-oʻzim band qilish maqsadida motokultivator olish uchun tuman “Xalq banki”ga murojaat qilgan edim. Lekin, negadir bank xodimlari kredit ajratish boʻyicha arizamni qanoatlantirmadi, - deydi Farrux Saidov. - Shu bois ham viloyat hokimiga murojaat qildim. Muammom shu joyning oʻzida hal boʻlib, 10 daqiqada motokultivatorli boʻldim.

Tumanda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida turli toʻgaraklar tashkil qilingan. Ana shunday toʻgaraklardan mental arifmetika. Bugungi kunda bu toʻgarakda 30 dan ziyod 5 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan yoshlar mental arifmetika sirlarini oʻrganishmoqda.

Tashkil qilingan uchrashuvda mazkur toʻgarakda ayni vaqtda 5 dona kompyuter jamlanmasiga ehtiyoj borligi bildirildi. Viloyat hokimi yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida ular uchun 5 ta kompyuter jamlanmasi olib beradigan boʻldi.

Shu kunning oʻzida tuman aholisi uchun Alisher Navoiy mahallasida “Ommaviy sayyor qabul” oʻtkazildi.

Unda viloyatdagi 4 ta sektor rahbarlari ham ishtirok etib, har bir fuqaroning murojaatini ijobiy hal qilish choralarini koʻrishdi.

— 2 nafar farzandim bor. 10 yildan buyon ota-onamning uyda yashab kelaman, - deydi Sarvar Quvonova. - Sayyor qabulda menga uy-joy qurish va oilaviy sharoitimni yaxshilash boʻyicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, sayyor qabulda “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi” ham tashkil etildi. Unda 114 ta korxona tashkilot oʻzlaridagi 508 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etishdi. Mazkur jarayonlarda 31 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Viloyat hokimi tomonidan oʻtkazilgan “Ommaviy sayyor qabul”da 550 nafar fuqarolar oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolar bilan murojaat qilishdi. Har bir murojaat nazoratga olinib, ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul korxona-tashkilotlar belgilab berildi. Muammolarga tezkor yechim topish maqsadida viloyat sektor, boshqarma va idoralar rahbarlari ham sayyor qabulda ishtirok etishdi hamda hech bir murojaat eʼtibordan chetda qolmadi.

Eng asosiysi ommaviy sayyor qabulda vaqt talab qilinmaydigan murojaatlar shu joyning oʻzida ijobiy hal etildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?