Veterinariya va chorvachilik sohasida koʻkrak nishonlarini berish tartibi belgilandi

20:53 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
711 0

Foto: Illustrativ foto

Hukumat qarori (526-son, 27.09.2022-y.) bilan “Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” va “Oʻzbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” koʻkrak nishonlari toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

Koʻkrak nishonlari bilan quyidagilar taqdirlanadi:

— “Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan – veterinariya sohasini rivojlantirish, sohada nazoratni kuchaytirish va xizmatlar sifatini oshirish, epizootik osoyishtalik, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan fuqarolar;

— “Oʻzbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” koʻkrak nishoni bilan – chorvachilikni rivojlantirish, chorva mollari naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan shaxslar.

Nomzodlar boʻyicha takliflar har yili 1-iyulgacha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga beriladi.

Qoʻmita raisi tomonidan nomzodlarni koʻrib chiqish uchun 5 kishilik komissiyalar tuziladi.

Komissiyalar nomzodlar boʻyicha takliflarni oʻrganib 1-avgustgacha yakuniy xulosalarni qabul qiladi.

Xulosalar asosida Qoʻmita raisining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyruqlari qabul qilinadi.

Koʻkrak nishonlari har yili 1-sentyabr – Mustaqillik bayrami arafasida tantanali topshiriladi.

Koʻkrak nishonlari bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (1,2 mln soʻm) miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va esdalik sovgʻalar beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?