Vazirlikda amalga oshirilgan yangi tayinlov haqida notoʻgʻri mulohazalar aylanmoqda — Energetika vazirligi

18:27 17 Avgust 2023 Jamiyat
430 0

Ijtimoiy tarmoqlarda bugun Energetika vazirligida amalga oshirilgan yangi tayinlov haqida notoʻgʻri mulohazalar aylanmoqda.

Xususan, U.Mamadaminovning bunga qadar Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgani odamlarda notoʻgʻri tasavvurlar uygʻotyapti. Ularning aksariyati “Agronom Energetika vazirligida ishlaydimi?” degan savollarni bermoqda, ayrimlar buni mamlakatda olib borilayotgan islohotlar bilan bogʻlab, ularning izchilligiga shubha bildirishayotir.

Shuni alohida qayd etish kerakki, U.Mamadaminovning asl kasbi — energetik. U avval maʼlum qilinganidek, 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini, 2015-yilda esa Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oregon texnologiya institutini aynan energetika yoʻnalishida tamomlagan. Mutaxassisligi sanoat elektronika muhandisi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridir.

U.Mamadaminov mehnat faoliyatini “Global Tarding and Consulting Service” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari vazifasidan boshlagan. Keyinchalik Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Stantec Consulting Services” kompaniyasi loyiha dizayneri vazifasida mehnat qilgan. Oʻzbekistonga qaytgach, “TCT Agro Cluster” MCHJ takroriy ekinlar boʻlimi boshligʻi, undan keyin esa “Evergreen Agriculture” MCHJ qoʻshma korxonasi direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.

U mehnat faoliyati davomida sohada ilgʻor tajribaga ega boʻlgan davlatlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr ishlab chiqarishga doir loyihalarni amalga oshirishda qatnashgan.

U.Mamadaminov tadbirkor sifatida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga ham munosib hissa qoʻshgan. 2021-yili mamlakatning eng yirik eksportyor tadbirkoriga aylangan. Uning ana shu xizmatlari inobatga olinib, 2023-yilning fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

Aytish kerakki, U.Mamadaminov elektr energetika tarmogʻida roʻyobga chiqarilayotgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni hayotga tatbiq etish mexanizmlarini yaxshi biladigan salohiyatli kadrdir.

Yuqoridagi faktlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan gap-soʻzlarning asossiz va notoʻgʻri ekanligini isbotlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер