Vazirlik va davlat tashkilotlari rahbarlariga sertifikat va navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

10:45 03 Dekabr 2019 Jamiyat
642 0

Milliy armiyamiz negizida amalga oshirilayotgan majmuaviy islohotlar boʻgʻini sifatida xalq va armiyaning hamjihatligi muhim oʻrin tutadi. Yangi tahrirdagi Mudofaa Doktrinasida ham aynan ochiqlik, oshkoralik tamoyillari ustuvor vazifa etib belgilangan.

“Chirchiq” umumqoʻshin dala-oʻquv maydonida vazirliklar va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari tarkibi bilan oʻtkazilgan besh kunlik yigʻin davomida koʻzlangan natijalarga erishildi.

Yigʻin ishtirokchilari bilan mashgʻulotlar chogʻida dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyatlar qiyosiy tahlil etildi. Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, tinchlik va urush davrida front orti taʼminotini tezkor tashkillashtirish yuzasidan muhim koʻnikmalar hosil qilindi.

Mudofaa tizimida harbiy hizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini oshirib borish, kuch tuzilmalarining vazifalari va imkoniyatlari xususida mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi. Shuningdek, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni ona-yurtga sadoqat, fidoyilik, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatga ishtiyoqini yanada oshirish borasida ham fikr-mulohazalar yuritildi.

Ishtirokchilar dala-oʻquv maydonida bajargan amaliy mashgʻulotlari mobaynida jismoniy, saf, topografiya va taktik tayyorgarliklar, oʻqotar qurollardan otish, jangovar texnikalarni boshqarish kabi qator sinovlardan oʻtishdi.

Yigʻin yakuniga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev ishtirok etib, yigʻin qatnashchilariga sertifikat, bir guruh zahiradagi harbiy xizmatchilarga navbatdagi ofitserlik unvonlari topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu yigʻin mashgʻulotlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning dekabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va

ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?