Vazirlik Toshkent — Moskva yoʻnalishidagi muntazam aviaqatnovlar va chipta narxlari yuzasidan rasmiy izoh berdi

09:50 10 Aprel 2021 Jamiyat
1253 0

Transport vazirligi Toshkent — Moskva yoʻnalishidagi muntazam aviaqatnovlar va chipta narxlari yuzasidan rasmiy izoh berdi.

«Rossiya Federatsiyasi hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Tezkor shtabining 25-mart kuni oʻtkazgan yigʻilishda bir qator mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan qaror qabul qilingan edi.

Mazkur qarorga muvofiq joriy yilning 1-aprel sanasidan eʼtiboran Rossiya Federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga bir marotaba amalga oshirilishiga ruxsat etildi.

Ikki mamlakat aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi kelishuvga binoan Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi 2021-yil 5-aprel sanasidan har yakshanba kunlari Moskva – Toshkent – Moskva yoʻnalishida, “Uzbekistan airways” avikompaniyasi esa 7-aprel sanasidan haftaning har shanba kunlari Toshkent – Moskva – Toshkent yoʻnalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishga kirishdi.

Toshkent – Moskva – Toshkent yoʻnalishida amalga oshiriladigan muntazam reysga Oʻzbekistonning barcha fuqarolari va Rossiya hukumatining 2020-yil 16-martdagi 635-r farmoyishi asosida Rossiyaga kirishga cheklov qoʻyilmagan Oʻzbekistonda doimiy yashash huquqiga ega chet el fuqarolari kiritilishi mumkin.

Ushbu yoʻnalish boʻyicha uchish uchun Rossiyaga kelishdan avval 3 kalendar kunidan oshmagan holda PZR-test (rus yoki ingliz tilida) oʻtkazish talab qilinadi.

Ayni damda aholi vakillaridan mazkur yoʻnalishdagi muntazam qatnovlarga chiptalarning sotuvda qolmaganligi bilan bogʻliq koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu vaziyat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Aynan Rossiya Federatsiyasiga mamlakatimizdan boruvchi yoʻlovchilar oqimining haddan tashqari koʻpligi, bugungi epidemiologik vaziyat tufayli transportning boshqa turlarida qatnovlarning amalga oshirilishiga ruxsat etilmaganligi, aviaqatnovlar sonining ham cheklanganligi talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosiblikning keskin ortib ketishiga sabab boʻlmoqda.

Pandemiyagacha boʻlgan davrda Oʻzbekictonning turli hududlaridan Rossiya Federatsiyasiga “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi haftasiga 87 ta reys bajargan boʻlsa, Rossiya aviakompaniyalari mamlakatimizning turli shaharlariga haftasiga 97 reys amalga oshirgan. Faqatgina aviaqatnovlar orqali haftasiga 40 000 dan ortiq yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatilgan. Bundan tashqari Toshkent – Moskva, Andijon – Moskva, Toshkent – Qozon, Toshkent – Volgograd, Toshkent – Saratov, Toshkent – Novosibirsk, Toshkent – Ufa, Andijon – Ufa yoʻnalishlarida muntazam ravishda haftasiga 13 ta poyezd qatnovlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga Toshkent – Moskva, Toshkent – Sankt-Peterburg, Toshkent – Qozon, Toshkent – Nijniy Novgorod, Toshkent – Omsk, Toshkent – Novosibirsk yoʻnalishlarida haftasiga 12 marotabadan avtobus qatnovlari amalga oshirib kelingan.

Aynan yuqorida keltirib oʻtilgan koʻrsatkichlarning oʻzi haftasiga bor yoʻgʻi bir marotaba amalga oshirilayotgan muntazam aviaqatnovlarga chiptalarning nima uchun ayni damda sotuvda qolmaganligiga izoh boʻla olishi mumkin. Turli transport qatnovlaridan foydalangan yoʻlovchilarning barchasi hozirda oʻrnatilgan cheklov choralari sabab faqatgina aviaqatnovlar orqaligina safarni amalga oshirishga majbur boʻlmoqda.

Aviachipta narxlarini sunʼiy ravishda oshirib sotish maqsadida Uzbekistan airways kompaniyasi agentlari tomonidan chiptalarni oldindan sotib olinganligi toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan daʼvolar esa mutlaqo asossizdir.

“Uzbekistan airways” aviakompaniyasi rahbariyati eng quyi pogʻonadagi xodimlardan tortib, yuqori lavozimlardagi rahbarlarning ham aviachipta sotuvlari bilan bogʻliq turli-tuman koʻrinishdagi noxolis xatti-harakatlarni sodir etishlariga nisbatan toqatsiz munosabatda ekanligini, chipta sotuvlari bilan bogʻliq barcha jarayonlar shaffof tarzda amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatilganligini maʼlum qiladi.

“Uzbekistan airways” aviakompaniyasi tomonidan ayni damda Toshkent – Moskva yoʻnalishida bajarilayotgan muntazam aviaqatnovlar uchun ekonom klass chipta narxi bir tomonga 4 200 000 soʻmgacha, biznes klass chipta narxlari esa 10 736 222 soʻmgacha sotilmoqda.

Shu oʻrinda yoʻlovchilardan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun chiptalarni tezlashtirib xarid qilish xizmatlarini taklif qiluvchi shubhali shaxslarga murojaat etmasligini soʻrab qolamiz. Chiptada koʻrsatilgan va oʻzingiz toʻlagan narxni taqqoslashingizni tavsiya etamiz.

Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasiga Oʻzbekistonning turli hududlaridan charter qatnovlari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi yolgʻon xabarlar tarqatilib, fuqarolarga aldov va tovlamachilik yoʻli bilan chiptalar sotuvini tashkil etayotgan guruhlarning faollashgani kuzatilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi fuqarolarimizdan bu kabi yolgʻon xabarlarga ishonib, aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida charter reyslarini amalga oshiruvchi aviakompaniyalarning parvozni bajarishiga ruxsat etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Fuqaro aviatsiyasi agentligi rasmiy veb-saytidan aniqlashtirib olishlarini tavsiya etadi.

Eslatib oʻtamiz, charter reyslari orqali uchish istagida boʻlgan yoʻlovchilar RF hukumatining 2020-yil 16-martdagi 635-r farmoyishiga koʻra, mamlakatga kirish uchun chipta xarid qilishda asos boʻlishi shart!

Hozirda Transport vazirligi Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam aviareyslar sonini koʻpaytirish boʻyicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Barqaror epidemiologik vaziyat saqlanib turgan taqdirda nafaqat aviaqatnovlarni balki temir yoʻl qatnovlarini qayta tiklash boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda.

Fuqarolarimizdan mavjud vaziyatga toʻgʻri baho berishlariga umid qilib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noxolis maʼlumotlarga chalgʻimasliklarini soʻrab qolamiz» deyiladi vazirlik axborot xizmati maʼlumotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?