Vazirlik tibbiyot muassasalarini qurish uchun loyiha va pudratchi tashkilotlarni tanlash jarayonida ishtirok etmagan — SSV

13:35 16 Avgust 2022 Jamiyat
405 0

Foto: Arxiv surat

Ijtimoiy tarmoqlarda sogʻliqni saqlash tizimiga qarashli yirik davolash-profilaktika muassasalarida qurilish ishlari vazirlik rahbarlariga tegishli korxonalar tomonidan amalga oshirilayotganiga doir asossiz xabarlar tarqaldi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Har yili mamlakatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tegishli qarorlari asosida Investitsiya dasturi tasdiqlanadi.

Avvalo, obyektlarni loyihalashtirish va bunyod etish uchun loyiha va pudrat tashkilotlarini tanlash bilan bogʻliq tender (tanlov) savdolarini oʻtkazish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Qolaversa, barcha qurilish ishlarining texnik nazorati Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan olib boriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot qurilish injiniring” davlat unitar korxonasi bugungi kunda 11 ta obyektga buyurtmachilik vazifasini bajarmoqda. Ushbu inshootlarning barchasi 2018-2021-yillarda qurilishi boshlangan va yildan yilga oʻtuvchi obyektlardir.

Shu maʼnoda, ijtimoiy tarmoqlarda savol ostiga olinganidek, joriy yilning oʻtgan davrida “Tibbiyot qurilish injiniring” DUK tomonidan pudratchilarni tanlab olish boʻyicha hech qanday tender (tanlov) savdolari oʻtkazilmagan.

Sodda qilib aytganda, Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalarini qurish boʻyicha loyiha va pudrat tashkilotlarini tanlash jarayonida bevosita ham, bilvosita ham ishtirok etmagan.

Shu oʻrinda, jurnalist va blogerlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali haqiqatdan yiroq, tekshirilmagan va notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatish uchun javobgarlik muqarrar ekanligini yana bir bor eslatib oʻtamiz. Bundan keyin vazirlik bu kabi yolgʻon va asossiz axborotlar tarqatish holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlib, oʻz obroʻ-eʼtibori, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli huquq-tartibot organlariga murojaat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер