Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida koronavirus aniqlandi

15:04 18 Iyun 2020 Jamiyat
951 0

Avval xabar qilganimizdek, 16-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 230 nafar bemorning 20 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, kecha 17-iyun kuni esa 189 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik maʼlumotga koʻra, umumiy kasallanish koʻrsatkichi ham, aholi orasida koronavirusga chalinish holati ham kishida xavotir uygʻotishi tabiiy.

17-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Toshkent shahrida 5 nafar, Buxoro viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida ham 3 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida, Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda (ikkalasida ham tana harorati koʻtarilgan va tomoqda ogʻriq kuzatilganligi sababli oʻzlari borib namuna topshirgan), “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJning 2 nafar mutaxassisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisi va uning oʻgʻlida (tana harorati koʻtarilgan va Bekobod tumanidagi shifoxonaga yotqizilgan), Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati koʻtarilgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), Buxoro viloyati koʻz kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infeksiya aniqlangan.

Bugun ayni paytga qadar kasallik aniqlangan 15 nafar bemordan 9 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, ular orasida Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Hozirda paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?