Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi

11:20 20 Oktyabr 2021 Siyosat
269 0

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021-yilning uchinchi choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Senatorlar mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish borasida hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralarni ijobiy baholadilar.

Olib borilgan islohotlar natijasida 2021-yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 106,9 foizni, jumladan, sanoat – 109,0 foizni, xizmatlar – 107,6 foizni, qishloq xoʻjaligi – 104,2 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 167,0 trln soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 109,8 foizga oʻsgan.

Aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida 90,2 ming nafar fuqaro jumladan, 48,6 ming nafardan ortiq yoshlar hamda 59,6 ming nafar ayol kasb-hunarga, tadbirkorlikka oʻqitilgan.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28,6 ming ishsiz fuqaroga 58 mlrd 900 mln soʻm subsidiya ajratilgan. “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqish xarajatlarining bir qismini hamda ular boʻyicha milliy sertifikatlar olish uchun oʻtkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 9 trln 800 mlrd soʻm sarflangan hamda mahalliy byudjetlarga aynan shu maqsadlar uchun 301 mlrd soʻm ssuda ajratilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida jami 27 mln dozaga yaqin vaksina olib kelinib, 23 mln dozaga yaqin vaksina bilan qariyb 5 yarim million aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda toʻliq emlangan.

Shuningdek, mamlakatimizdagi qoʻshma korxonada ishlab chiqarilayotgan “Sputnik V” vaksinasi aholini emlash tadbirlarida foydalanish uchun topshirilgan.

Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilgan islohotlar natijasida 82 ta oilaviy shifokor punkti va 19 ta oilaviy poliklinika tashkil etilgan.

Yalpi majlisda Dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Dasturning 49, 103, 105, 120-bandlardagi topshiriqlar belgilangan muddatlarda bajarilmagani oqibatida ayrim muhim vazifalar ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanmaganiga eʼtibor qaratildi.

Jumladan, hayot sugʻurtasi tarmogʻi hamda shaxsiy sugʻurtani aholi orasida ommalashtirish, ularni keng miqyosda targʻib qilish, shaxsiy sugʻurta turlarini rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Turizm sohasidagi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan onlayn-platforma yaratish topshirigʻi talab darajasida bajarilmagan.

Ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yoʻnaltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish, davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tizimini joriy etish yuzasidan hukumat qarori qabul qilinmagan.

Madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash doirasida barcha madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish hamda milliy roʻyxatini qayta shakllantirish, madaniy meros obyektlari elektron portalini yaratish, uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilish, davlat kadastr hujjatini rasmiylashtirish va davlat kadastrlari yagona tizimiga tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Ayrim hududlarda Yoshlar texnoparklari faoliyatini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz ahvolda ekanligi senatorlarning eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Muhokamalar yakunida davlat dasturidagi barcha topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?