Vazir oʻrinbosari Konstitutsiya loyihasining mohiyatini yetkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi
Bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakili ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. Unda vazir oʻrinbosari Alisher Karimov adliya organlari tomonidan yangi Konstitutsiya loyihasining mohiyati hamda ahamiyatini yetkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Xususan, A. Karimov oʻz soʻzida quyidagilarni maʼlum qildi:
— Ertaga xalqimiz va davlatimiz hayotida Konstitutsiyaviy islohotlarni umumxalq referendumi orqali amalga oshirilishi bilan bogʻliq katta siyosiy jarayon boʻlib oʻtadi.
Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmunini keng aholi qatlamiga yetkazish ularning referendum jarayonlarida asosli qaror qabul qilishi uchun imkon yaratadi.
Bu esa, oʻz navbatida, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining tub mohiyati va ahamiyatini sodda, xalqchil tilda keng jamoatchilikka xolis hamda malakali mutaxassislar tomonidan yetkazilishiga bogʻliq.
“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisidagi” Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Shundan kelib chiqib, Adliya vazirligi qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari hamda ularning loyihalarini keng aholi qatlamiga yetkazilishini taʼminlab kelmoqda.
Shu jumladan, Yangi Konstitutsiya loyihasining har bir yangi normasini xalqimizga yetkazish maqsadida ham Adliya vazirligi tomonidan bir qator yoʻnalishlarda tizimli va maqsadli ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, Konstitutsiya loyihasidagi yangiliklardan aholini xabardor qilish hamda ularning referendum qonunchiligiga oid huquqiy savodxonligini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bunda, Adliya vazirligi tomonidan Qonun normalarini tushuntirish boʻyicha tashkiliy guruhlari shakllantirildi.
Mazkur guruhlarga loyihani ishlab chiqishda ishtirok etgan ekspertlar, huquq sohasi mutaxassislari, Adliya organlarining xodimlari va Toshkent davlat yuridik universitetining professor-oʻqituvchilari kiritildi.
Mazkur ekspertlar guruhi tomonidan hududlarda bevosita aholiga tushuntirish ishlarini olib boruvchi adliya organlarining va boshqa hamkor tashkilotlarning mutaxassislari oʻqitildi.
Adliya organlari tomonidan Konstitutsiya loyihasining mazmunini muvozanatli tushuntirish boʻyicha tashkil etilgan tadbirlar ayni shu guruhlar tomonidan oʻtkazildi.
Bunda tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha (joyi, vaqti, aholi qatlami koʻrsatilgan holda) alohida reja-grafiklar ishlab chiqildi.
Tasdiqlangan reja-grafiklarga asosan 24 yarim mingdan ortiq tadbirlar davlat organlari, mahallalar, qishloqlar, mehnat jamoalari kesimida seminar, davra suhbati, savol-javob va boshqa shakllarda tashkil qilinib qariyb 5 mln. aholi qamrab olindi.
Tadbirlarda Konstitutsiya loyihasining mazmunini moddama-modda manzilli ravishda obyektiv va xolis tushuntirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikkinchidan, aholi tomonidan vizual axborotni yaxshi qabul qilinishini inobatga olgan holda yangilanayotgan Konstitutsiyaning mohiyatini ochib berishga qaratilgan media-materiallar tayyorlandi. Bu boʻyicha alohida dastur tasdiqlandi.
Mazkur dastur asosida Vazirlikning Media markazi tomonidan jami 150 ta video-materiallar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi.
Bundan tashqari, tele- va radio studiyalarda referendum qonunchiligi boʻyicha maxsus koʻrsatuvlar va eshittirishlarga intervyu berish uchun vazirlik xodimlari va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilaridan iborat ekspert guruhi tashkil qilindi.
Jumladan, “Ekspert fikri” rukni ostida intervyular, “Yangilanayotgan Konstitutsiyadagi oʻzgarishlardan xabardormisiz?” rukni ostida ijtimoiy tarmoqlar uchun info-videoroliklar tasvirga olindi va tarqatildi.
Umuman olganda, vazirlik ekspertlari tomonidan Konstitutsiyaning moddama-modda sharhini tushuntirish boʻyicha jami televideniye orqali 672 ta, radioda esa 1 338 ta chiqishlar qilindi.
Uchinchidan, bugungi kunda Internet tarmogʻi rivojlanib, katta auditoriyaga ega boʻlgan tarmoqlar aksariyat ijtimoiy faol fuqarolarimizning kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.
Shuni inobatga olgan holda, Biz ijtimoiy tarmoqlar, ulardagi guruhlar va kanallar orqali Konstitutsiya loyihasiga oid axborotlarni sodda, qisqa kontentlar shaklida tayyorlab tarqatdik.
Telegramda bizning 3 tilli “Huquqiy axborot” kanalimiz bor, 300 mingdan ortiq faol aʼzolarga ega, mazkur kanalda #Yangi_Konstitutsiya rukni tashkil qilinib, 54 ta kontentlar berildi, mazkur kontentlar 3,5 mln marotaba koʻrildi.
Bundan tashqari, vazirlikning Feysbuk, instagramdagi rasmiy sahifalarida, “Hudud24” elektron nashrida, hududiy adliya organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ham maʼlumotlar infografika, poster, kontent shakllarida joylashtirilib virtual tarzda aholining aksariyat qismini qamrab olindi.
Toʻrtinchidan, davlatimiz aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil qiladi, bu esa huquqiy axborotni ularning dunyoqarashiga mos tarzda yetkazishni taqozo etadi.
Bu yoʻnalishda ham samarali usullardan foydalandik. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilari va koʻngilli talabalari tomonidan hududlarda yoshlarning yangilanayotgan Konstitutsiya boʻyicha huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida “Yangilanayotgan Konstitutsiyani oʻrganamiz” loyihalari amalga oshirildi.
Mazkur loyihalar davomida 70 dan ortiq oliy va professional taʼlim muassasalari, 50 dan ortiq korxona va tashkilotlar, 30 dan ortiq aholi yashash manzillari, harbiy qismlar va istirohat bogʻlarida tadbirlar oʻtkazildi hamda
ularda 100 mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan har yili anʼanaviy tarzda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan huquqiy aksiyalar oʻtkazilib kelinadi.
Joriy yilgi aksiya Yangilanayotgan Konstitutsiya mazmunini tushuntirishga qaratilib, butun respublika boʻylab oʻtkazildi.
Mazkur aksiyalar doirasida konstitutsiyaviy yangiliklar, referendumga qatnashish tartibi va referendum qonunchiligi mazmun-mohiyati fuqarolarga tushuntirildi, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Tadbirlar davomida respublika boʻyicha 100 mingga yaqin fuqarolar, shu jumladan yoshlar ishtirok etdi hamda
40 mingdan ortiq nusxadagi buklet, flayer, infografikalar va boshqa turli shakllardagi axborot-materiallar tarqatildi.
Beshinchidan, navbatdagi yoʻnalishda Internet tarmogʻidan faol foydalanmaydigan aholi qatlami, asosan yoshi katta fuqarolarimiz uchun referendum qonunchiligi hamda yangilanayotgan Konstitutsiyaning mohiyatini tushuntirishga qaratilgan qoʻllanma va risolalar tayyorlandi.
Bu oʻrinda quyidagi materiallarni taʼkidlab oʻtishimiz lozim:
– Referendum qonunchiligi boʻyicha oʻquv amaliy qoʻllanma – oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida 35 762 nusxada;
– Oʻzbekiston Respublikasi Referendumiga oid qonunchilik hujjatlari toʻplami – 12 781 nusxada;
– “Yangilanayotgan Konstitutsiya boʻyicha 100 savolga 100 javob kitobi” – 22 000 nusxada chop etilib tarqatildi.
Shuningdek, markaziy va mahalliy gazetalarda 336 ta tahliliy maʼlumotlar va maqolalar chop etildi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar haqidagi maʼlumotlarni aholining barcha qatlamlariga yetib borishini taʼminlash maqsadida infografika va boshqa tarqatma materiallar barcha tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO boʻlimlariga kelgan fuqarolarga jami 20 ming nusxada tarqatildi.
Oltinchidan, odamlarimizda referendum oʻtkazish boʻyicha va yangilanayotgan Konstitutsiya boʻyicha yuzaga kelayotgan savollarga tezkor ravishda javob berish uchun biz ishonch telefoni faoliyatini yoʻlga qoʻydik.
1008 ishonch telefoniga fuqarolarimiz tomonidan referendum va konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha 400 ga yaqin savollar kelib tushdi va bu savollarga mutaxassislarimiz malakali javob berishdi.
Bundan tashqari, Advice.uz portalida Referendum-2023 boʻlimi yaratildi. Mazkur portalning onlayn chati orqali
1000 dan ortiq murojaatlarga javob berildi.
Oʻzbekiston jamiyatida soʻz erkinligi va demokratlashtirish tobora rivojlanib borar ekan, fikrlar turli tuman, gʻoyalar har xil, yaʼni plyuralizm prinsiplari chuqurroq singib bormoqda. Yangi qabul qilinadigan loyihalarimiz va islohotlarga ham ochiq fikrlar bildirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida Konstitutsiyaviy islohotlarga boʻlgan qiziqish yuqori ekanligini bildiradi.
Bunday demokratik jarayonlarda bizning asosiy vazifamiz – islohotlarni fuqarolarimizga xolis, adolatli va xalqchil tilda tushuntirishdan iborat va yuqorida qayd etilgan barcha tadbirlarni shu prinsiplarga tayangan holda amalga oshirdik” dedi vazir oʻrinbosari.
Brifingda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring