Vazir Onkologiya markazining yangi binosi qurilishi bilan tanishdi — SSV

16:33 14 Iyun 2023 Jamiyat
326 0

Shu kunlarda poytaxtimizning Olmazor tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi binosi bunyod etilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ushbu kompleks hududida boʻlib, qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Taʼkidlash lozimki, Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan mazkur 8 qavatli zamonaviy binoni barpo etishda ayni paytda 1000 nafar quruvchi ishtirok etib, ishlar jadal suratda davom etmoqda.

Joriy yil foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yangi tibbiyot muassasasi 650 oʻrinli statsionar, 100 oʻrinli kunduzgi statsionar hamda 500 qatnovga moʻljallangan poliklinikadan iborat boʻlib, barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.

Jumladan, 16 ta operatsion xona, 40 oʻrinli reanimatsiya hamda transplantatsiya boʻlimlari va ilmiy laboratoriya eng soʻnggi texnologiyalar bilan taʼminlanib, intensiv terapiya boʻlimida bemorlar uchun yurak monitorlari, oʻpkani sunʼiy shamollatish moslamalari bilan jihozlangan konsolli funksional oʻrinlar tashkil qilinadi.

Qolaversa, 9 ta bunkerdan iborat radioterapiya arsenalining ishga tushirilishi orqali davo muolajalarining uzluksizligi taʼminlanadi.

Vazir bino qurilishini koʻzdan kechirar ekan, mazkur tibbiyot muassasasi yurtimizda aholiga onkologiya sohasida sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, saraton xastaliklarini oʻz vaqtida tashxislash va davolash ishlarini butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?