Vatanparvarlik va fidoyilik– eng ulugʻ fazilat

19:26 07 Iyul 2022 Jamiyat
493 0

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga tayyorlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Vatanparvar — mening tanlovim!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kunlari”, «Uch avlod uchrashuvi», “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni”, “Biz — vatanparvarlarmiz”, “Mard askar — yoshlarga namuna” kabi koʻngilochar uchrashuv va tadbirlarning vaqti-vaqti bilan oʻtkazib kelinayotgani oʻgʻil-qizlarning koʻngilli hordiq chiqarishi bilan birga, ona yurtga, oʻzi kamolga yetgan muqaddas zaminga boʻlgan muhabbatini yuksaltirmoqda. Bu haqda OAV xodimlari ishtirokida “Yoshlarga uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar” mavzuida matbuot anjumanida aytib oʻtildi.

Qayd etildiki, joriy yilning fevral — aprel oylarida “Milliy armiyamiz — yoshlar nigohida” shiori ostida mahallalardagi yoshlar oʻrtasida tashkil etilgan harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida tashkilot oʻzining koʻrgazmali namoyishlari va jangovar karvonlari bilan faol ishtirok etdi. Mudofaa vaziri kubogi uchun umumtaʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida harbiy-sport musobaqasi esa unib-oʻsib kelayotgan farzandlar qalbida sadoqat tuygʻularini uygʻotdi.

Tashkilot sportchilari har yili jahon arenalarida yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. 2021-yilda sportchilar Oʻzbekiston milliy terma jamoalari tarkibida 5 ta xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, 16 ta medalga sazovor boʻldi. Shulardan 5 ta oltin, 8 ta kumush, 3 ta bronza medali hamda zotli itlar koʻrgazmalarida 6 ta medal va 22 ta diplom bilan taqdirlandilar.

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Joriy yilning may oyida Germaniyaning Zul shahrida sportning oʻq otish turi sporti boʻyicha yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan Jahon kubogi musobaqasida ishtirok etgan “Vatanparvar” tashkilotining 18 yoshli sportchisi Muhammad Kamolov 10 metr masofaga toʻpponchadan otish musobaqasida 3-oʻrinni egalladi. Joriy yilning may oyida Qozogʻiston Respublikasida karting boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan chempionatning birinchi bosqichida “Vatanparvar” tashkilotining 14 yoshli sportchisi Yasmina Egamberdiyeva «OK-junior» sinfida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, aprel va may oylarida Qozogʻistonda karting boʻyicha oʻtkazilgan respublika chempionatlarida 11 yoshli sportchi Amir Hamrayev ikki marotaba 1-oʻringa sazovor boʻldi

2021-yildan tashkilot tizimida ommaviy texnik kasblarga tayyorlash muassasalarida “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari imtiyoz asosida oʻqitilmoqda. Oʻtgan yili 14 275 nafar ehtiyojmand fuqarolar avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida oʻqitilgan boʻlsa, yana 2 840 nafar fuqaro mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan 10 xil texnik kasb mutaxassisliklariga tayyorlandi. Ushbu saʼy-harakatlar davom ettirilib, joriy yilning 6 oyida “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv muassasalarida oʻqiyotgan ehtiyojmand fuqarolar soni 3 731 nafarni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, oʻtgan yildan buyon “Vatanparvar” tashkiloti hamda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirliklar va idoralar oʻrtasida tuzilgan hamkorlik memorandumlariga koʻra, muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida va yana 10 xil texnik kasblarga moʻljallangan oʻquv kurslarida oʻqitilishi yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan yili 723 nafar harbiy xizmatchilar oʻqitilgan boʻlsa, 2022-yilda ushbu koʻrsatkich 1 548 nafarni tashkil etmoqda. Ahamiyatli tomoni shundaki, yoshlar muddatli harbiy xizmatni yakunlaganidan soʻng, ular nafaqat Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni ado etadi, balki “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv kurslarida egallagan kasb-hunarlari guvohnomalari bilan uylariga qaytadilar.

Yoshlar sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan sport seksiyalari va toʻgaraklarida bepul shugʻullanishlaridan tashqari sport sohasida muvaffaqiyatlar qozongan taqdirda, respublika, MDH, Osiyo va jahon chempionatlari musobaqalarida “Vatanparvar” tashkiloti mablagʻlari hisobidan ishtirok etadilar.

Shuningdek, tashkilot tomonidan viloyatlar miqyosida oʻtkazilgan sport musobaqasida gʻolib boʻlgan yoshlar tashkilot tizimidagi ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash oʻquv kurslarida 30 foiz chegirma asosida, respublika musobaqasida gʻoliblikni qoʻlga kiritganda 50 foiz chegirma asosida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladilar. Eng muhimi, esa sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yoshlar oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadilar.

Matbuot anjumanida yoshlar qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va yurtga sadoqat tuygʻularini tarbiyalash asnosida ularni ham jismonan, ham maʼnan yetuk boʻlib voyaga yetishi yoʻlida olib borilayotgan tashkilot faoliyatining boshqa qirralari xususida ham maʼlumot berishdi.

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?