“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining finaliga Qoraqalpogʻistondan qaysi tuman borishi maʼlum boʻldi

15:44 12 Aprel 2021 Jamiyat
457 0

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tashabbusi bilan mamlakatimizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida mudofaa vazirining kubogi uchun anʼanaviy oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi oʻsib kelayotgan yoshlarda harbiylikka havas uygʻotib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshmoqda.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlar negizida oʻtkazilgan musobaqaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi 17 ta shahar va tumanlardan eng sara jamoalarni saflab berdi. Oʻquvchilardagi hayajon, gʻalabaga boʻlgan shijoati, harbiycha qatʼiyat bellashuvning har bir shartida yaqqol koʻzga tashlanib turdi.

Har bir jamoa aʼzolari oʻzgacha harbiy liboslarda safda magʻrur turib, goʻyoki harbiy xizmatga kelgandek oʻzlarini tutishardi. Qatʼiy intizom va gʻalabaga boʻlgan kuchli ishtiyoq bellashuvning har soniyasini his-hayajonga toʻldirardi.

Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ayubjon Rustamov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari Sharofiddin Tajimuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi vakillari, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash fani oʻqituvchilari va oʻquvchilar qatnashdi. Soʻzga chiqqanlar musobaqa ishtirokchilariga zafarlar yor boʻlishini tiladi.

Bellashuvlarning asosiy maqsadi oʻquvchi-yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, oʻzaro madaniy-sport aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarni sport oʻyinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sogʻlom turmush tarzini odat qilishga oʻrgatish, ruhan va jismonan sogʻlom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan.

Musobaqa nizomiga koʻra bellashuvda har jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining 1-shartiga koʻra yoshlar pnevmatik miltiqdan nazorat otish mashqi orqali merganlik mahoratini namoyish etdi.

“Harbiy estafeta” deb nomlangan 2-shartda ishtirokchilar avtomatni notoʻliq qismlarga ajratishi va yigʻishi, gazga qarshi niqobni kiyishi va yuk avtomobilining gʻildiragini aylantirib yugurishi kerak boʻldi. Bu shartda jamoadan 4 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Musobaqaning 3-shartida (“Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”) ikki nafar ishtirokchi 50 metr masofaga zambilni koʻtargancha yuguradi va marrada yotgan shartli jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatadi. Shundan soʻng jabrlanuvchini zambilga ortib, finish tomon yuguriladi.

“Safda qoʻshiq aytish” deb nomlangan keyingi shartda jamoalar safda shahdam qadamlar bilan yurib, harbiycha qoʻshiqlarni jonli ijro etishi belgilangan.

“Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan oxirgi shartda oʻquvchilar 5 tadan savolga javob berishi va ularning har biri uchun qoʻshimcha ball egallashi mumkin boʻldi.

Musobaqaning har bir shartida vaqt mezoni bilan adolatli baholash mexanizmi asosida ishtirokchilarning xatti-harakati baholab borildi.

Musobaqaning yopilish marosimida nutq soʻzlagan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga boʻlayotgan eʼtibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yutuqlarni eʼtirof etib, harbiy okrug hududida mana shunday tadbirlarni oʻtkazish uchun barcha sharoitlar bundan keyin ham yaratib berilishini taʼkidladi.

Nihoyat hayajonli damlar yetib keldi. Dastlab musobaqa shartlarida alohida koʻrsatgichlarga erishgan oʻquvchi-yoshlar va jamoalar taqdirlandi. Unga koʻra “Eng kuchli sportchi” nominatsiyasiga Nukus shahridagi 46-son maktab oʻquvchisi Maksim Soy, “Temur tuzuklari bilimdoni” nominatsiyasida Qoʻngʻirot tumanidagi 35-maktab oʻquvchisi Mansurbek Yusupbayev, “Mohir mergan” degan nomga qoʻngʻirotlik Mehribon Kalbayeva loyiq deb topildi. Jamoaviy tarkibda esa “Mohir mergan” nominatsiyasida Qoraoʻzak tumanidagi 28-son maktab jamoasi, “Harbiylashtirilgan estafeta”da yuqori natija koʻrsatgan Nukus tumanining 31-son maktabi, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish” shartini mahorat bilan uddalagan Taxiatoshning 9-son maktabi jamoasi ragʻbatlantirilgan boʻlsa, Qoʻngʻirot tumani jamoasi “Safda qoʻshiq aytish”da va “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlarida barchani ortda qoldirishi bilan olqishlarga sazovor boʻldi.

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Nukus shahrining 46-son maktab jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Toʻrtkoʻllik yoshlarga ozgina imkoniyat yetmadi va ular faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga esa Kegeyli tumanidagi 41-son maktab jamoasi aylandi. Bu haqda okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplomlar, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Musobaqada gʻalaba qozongan Kegeyli tumani jamoasi endilikda bellashuvning final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri kubogini Qoraqalpogʻiston Respublikasiga olib kelish uchun bellashuvlarda ishtirok etish imkoniga ega boʻldi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar oʻgʻil-qizlarning shijoatiga shijoat qoʻshib, gʻoliblik uchun olib borilgan kuchli kurashda ruhlantirib turdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?