“Vatanparvar” tashkiloti bayram munosabati bilan nafaqadagi mehnat faxriylaridan xabar oldi

19:30 01 Oktyabr 2021 Jamiyat
789 0

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov va rais oʻrinbosari Nurmuhammad Mulabayev tashkilotning ilk rahbari, isteʼfodagi general-mayor Jamshir Shaxmardanov holidan xabar oldi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, mehmonlar va mezbon oʻrtasida dildan suhbat qurildi. 1991-1998-yillarda “Vatanparvar” tashkilotiga rahbarlik qilgan J.Shaxmardanov oʻz faoliyati xotiralari haqida soʻzladi.

Suhbat davomida J.Shaxmardanov “Vatanparvar” tashkiloti nufuzini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli saʼy-harakatlarni olqishlashini aytib, uni yoʻqlab kelganliklari uchun tashkilot rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan.

Husan Botirov mehnat faxriysiga istalgan vaqtda “Vatanparvar” tashkilotining aziz mehmoni boʻlib, oʻzining qimmatli maslahat va takliflarini berib borishi mumkinligini aytgan.

Shuningdek, shu kuni “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi boʻlim boshliqlari Turobjon Yakubov va Aziz Isroilov tashkilotning yana bir sobiq rahbari, marhum polkovnik Abdulaziz Abduqahhorov xonadonida boʻlib, uning oila aʼzolari holidan xabar olgan.

A.Abduqahhorovning rafiqasi va yoʻqlovchilar marhumning olijanob hislatlari haqida suhbatlashgan. Ayniqsa, uning ustoz sifatida yosh xodimlarga boʻlgan ajoyib munosabati va ish oʻrgatish uslublari, shuningdek, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga qilgan gʻamxoʻrliklari yodga olingan.

“Vatanparvar” tashkiloti huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori Anvar Kurbaniyazov va markaz xodimlari ham 28 yil davomida tashkilotning Buxoro viloyati kengashi raisi lavozimida ishlagan, nafaqadagi polkovnik Oleg Ovchinnikov xonadonida boʻldi.

Suhbat davomida O.Ovchinnikov ularning tashrifidan nihoyatda mamnun ekanligini bildirib, oʻz faoliyati davomidagi xotiralar bilan oʻrtoqlashgan. U, shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining kelgusidagi ishlariga omad tilagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?