Vatan ichra moʻjaz vatanli boʻlgan oila quvonchi

Bu dunyoda imkonsizlikdan ham ortiq dard bormi? Koʻzingizning oqu qorasi boʻlgan norasida bolangiz uchun doriga pul topa olmay, kechalari bilan goʻdagingizni majolsiz quchoqlab yigʻlab chiqish nechogʻli azobli...
Toʻrt yil elektr nurisiz, tokdan bir shingil uzum uzib yeya olmay, tandirda bir savat non yopolmay, katalakdek qorongʻu uyda ming hadik bilan yashashni tasavvur qila olasizmi? Bolalaringizga yangi kiyim olib bera olmasangiz, oʻynashga, dars tayyorlashga sharoiti boʻlmasa, dodingizni kimga aytasiz?!
Bu oila hayotning kutilmagan qiyinchiliklaridan koʻp aziyat chekdi. 2020-yili uch yoshli Muhammadayub onkologik kasallik tufayli oʻn gulidan bir guli ochilmay soʻldi, oradan yarim yil oʻtib-oʻtmay oila sohibi Ilhom Hayitov 41 yoshida jigar xastaligidan vafot etdi.
Ikki bemorda qayta-qayta jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilib, oilaning iqtisodiy ahvoli oʻta nochor ahvolga tushgan edi. Kelin boʻlib tushgan uyida roʻshnolik koʻrmagan Shahnoza Hayitova turmush oʻrtogʻidan yodgor ikki nafar qizlari – 11 yoshli Shahlo va 7 yoshli Lobar bilan ota uyida yashay boshladi. Yurtimizda xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalarga koʻrsatilayotgan eʼtibordan ruhlanib, Oliy Majlis Senatiga uy-joy qurishda yordam soʻrab murojaat qildi. Senat aʼzosi, “Nuroniy” jamgʻarmasi Fargʻona viloyati boʻlimi raisi Topvoldi Xoldorov bu oila sharoitini yaxshilab oʻrgandi.
Fargʻona viloyat hokimligi, Fargʻona tuman sektorlari rahbarlari senatorning ushbu oilaga yangi uy qurib berish tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, atigi ikki oy davomida Shahnoza Hayitovaga Vatan ichra kichik vatan qurib berildi.
Ramazon hayiti bayrami arafasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona tumani, Qoʻrgʻontepa qishlogʻi, “Yangi yoʻl” MFYda joylashgan mazkur xonadonda boʻlib, Shahnoza Hayitovaga yangi uyning kadastr hujjati, qimmatbaho esdalik sovgʻalarini tantanali ravishda topshirdi.
— Bugun hech kim davlatimiz, Prezidentimizning mehr-eʼtiboridan chetda emas, —deydi yangi uy sohibasi quvonchdan koʻzlariga yosh olib. – Bunday ragʻbat bizning oila hayotini ham yorugʻlikka olib chiqdi. Yangi uyga koʻchib oʻtgach, koʻrgan qiyinchiliklarimiz bir tushdek ortda qoldi.
Sakkiz sotixli hovlida uch xonali uy – mehmonxona, yotoqxona, oshxona qurilib, barcha xonalar mebellar, oshxona va uy-roʻzgʻor buyumlari bilan jihozlandi. Xonadon tomorqasida barpo etilgan ikki sotixli issiqxona bodring pishyapti. Tomorqaning qolgan qismiga pomidor ekildi. Ikkita qoʻy, oʻnga yaqin tovuq olib berildi.
Qoʻrgʻontepa qishlogʻidagi fermer xoʻjaligi aʼzosi sifatida ish boshlagan Shahnoza Hayitova endilikda oilasi doimiy daromad manbaiga ega boʻlganidan mamnun. Shu tariqa mahallabay oʻrganishlar davomida “ayollar daftari”ga kiritilgan Shahnoza mazkur roʻyxatdan chiqarildi.
Oilaning erkatoy qizlari Shahlo va Lobar ilgari 58-umumtaʼlim maktabiga uzoq yoʻldan qatnashga majbur edi. Bundan buyon nafaqat yoʻl yaqin boʻldi, balki yangi uylarida sinfdoshlari bilan birga dars tayyorlash uchun ham eng yaxshi sharoitlar yaratildi.
— Yolgʻiz oʻgʻlim, turmush oʻrtogʻimning vafotidan keyin hayot koʻzimga qorongʻu koʻringan edi,-deya xotirlaydi oila bekasi. – Ammo yaxshi kunlar kelishiga ishonib yashadim. Xalqimiz «Oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ» deya bejizga aytmagan. Yon-atrofimizda yaxshi insonlar koʻp ekanligi qanday yaxshi!
Maktabning 4-sinfida oʻqiyotgan Shahlo shifokor boʻlish orzusida. Birinchi sinfni tugatayotgan Lobar oʻqituvchi boʻlish niyatida aʼlo baholarga oʻqiyapti. Shahnozaning taʼkidlashicha, rahmatli dadasi ikkinchi qiziga ustoziga havas qilib Lobar ismini qoʻygan edi. Oʻlimi oldidan ham Lobar, albatta, oʻqituvchi boʻlishi kerak, deya vasiyat qilib ketdi.
El chorlaganda xizmatda astoydil kamarbasta boʻlish xalqimizning eng ezgu fazilatlari sirasiga kiradi. Mushtarak maqsad yoʻlidagi ahil-inoqlik tufayli boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand oilaning hayot toʻkisligi taʼminlandi.
Odamiylikning eng oliy mezoni shu emasmi, aslida!
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring