Vatan himoyachilariga zamonaviy uylar kaliti topshirildi

14:03 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
237 0

Foto: Xalq so‘zi

Dasturxon boshida otaxonlar “Yurtimiz tinch, turmushimiz farovon boʻlsin”, deya duoga qoʻl ochadilar. Bu bejiz emas. Dunyoda hech bir narsa tinchlikning oʻrnini bosa olmaydi. Shu nuqtayi nazardan bugun kasb bayramlarini nishonlayotgan davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ona-Vatan sarhadlarini qoʻriqlashda, el- yurt osoyishtaligini taʼminlashdagi oʻrinlari juda katta.

Oʻz navbatida Prezidentimiz, davlatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, Vatan himoyachilari va ular oilasini ijtimoiy jihatdan himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buxoroda davlat xavfsizlik xizmati hamda milliy gvardiya xodimlarining bir guruhiga zamonaviy uy- joylar qurilib foydalanishga topshirilgani fikrimizning dalilidir. Bu uylar shaharning kun sayin koʻrkamlashib borayotgan 7–mavzesida qad rostladi. Yetti qavatli, har birida 42 xonadon istiqomat qilishi koʻzda tutilgan har ikkala uyda yashash uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

— Ikki nafar farzandim bor, — deydi podpolkovnik Farhod Saʼdullayev. — Shu vaqtga qadar ijarada yashab kelayotgan edik.Oilamga 20 yillik imtiyozli kredit asosida uch xonali uy ajratildi. Uyning boshlangʻich badali, yaʼni 91 million soʻmi davlatimiz tomonidan toʻlab berildi. Juda xursandmiz.Bu qulayliklardan soʻng bolalarimdan, oilamdan koʻnglim xotirjam boʻladi, xizmat burchimni aʼlo darajada oʻtash uchun bor kuch-gʻayratim, salohiyatimni ishga solaman, albatta.

Bugun mazkur uylar oldi bayramona tus oldi. Yangi turar-joylar kalitlarini egalariga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat hokimi B. Zaripov ishtirok etib, davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi. Marosimga toʻplangan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilarning yaqinlari shinam va koʻrkam uylarda yaratilgan shart–sharoitlar bilan tanishdilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?