Vatan himoyachilariga davlat mukofotlari topshirildi

20:31 13 Yanvar 2023 Siyosat
818 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12-yanvardagi farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

13-yanvar kuni Prezident Administratsiyasida ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini mazkur shonli sana bilan tabrikladi.

– Mamlakatning harbiy salohiyati zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan birga botir askar va ofitserlar bilan, ularning jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, milliy armiyamizning chinakam qudrati bu avvalo sizlar – oʻz hayotini Vatan himoyasidek muqaddas ishga bagʻishlagan jonkuyar va fidoyi insonlardir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimizda ixcham va tezkor, katta harbiy salohiyatga ega zamonaviy armiya barpo etildi. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining yangi, munosib avlodi shakllandi. Prezidentimiz gʻoyasi asosida xalq bilan armiya bir tanu bir jon boʻldi. Harbiylik obroʻ-eʼtiborli kasbga, yoshlar orzu qiladigan sohaga aylandi.

Davlatimiz rahbari bugungi qudratli armiyani barpo etishda ming-minglab fidoyi insonlarning ulkan xizmatlari borligini taʼkidladi.

– Barcha islohotlarimiz zamirida “insonni qadrlash” degan olijanob maqsad mujassam, – dedi Prezident. – Bu, eng avvalo, har bir fuqaroning oilasini, mahallasi tinchligini, yurt osoyishtaligini taʼminlash degani. Insonni qadrlash uchun birinchi navbatda osmonimiz musaffo, sarhadlarimiz daxlsiz, chegaralarimiz mustahkam boʻlishi kerak. Bugun sizlar mana shunday vazifani sharaf bilan ado etmoqdasiz.

Marosimda davlatimiz rahbari harbiy unvon toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga mustahkam sogʻlik, azmu shijoat, masʼuliyatli xizmatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Bu yilgi tantanali tadbir yana jihati bilan esda qolarli boʻldi. Maʼlumki, Amir Temur bobomiz bironta jangda yengilmagan, Sohibqironning bayrogʻi hamisha baland hilpirab turgan. U bugungi avlodlar uchun qatʼiyat, harbiy mahorat, gʻurur va iftixor timsolidir.

Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan armiya tizimida “Amir Temur jangovar bayrogʻi” mukofoti taʼsis etildi. Bu borada oʻtkazilgan tanlovda Markaziy harbiy okrug gʻolib boʻldi.

Marosimda ushbu okrug qoʻmondoniga ilk bor “Amir Temur jangovar bayrogʻi” tantanali ravishda topshirildi.

– Bu okrug oʻtgan qisqa davrda harbiy xizmatchilarni jismoniy va maʼnaviy tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy qismlarda oʻquv-moddiy bazani mustahkamlash boʻyicha muhim natijalarga erishdi. Bu ijobiy tajribani chuqur oʻrganib, uni barcha qoʻshinlarga tatbiq etish zarur, deb hisoblayman. Shu bilan birga, barcha harbiy okruglarimizga Amir Temur bobomizning muzaffar bayrogʻiga sazovor boʻlish baxtini tilayman, – dedi Oliy Bosh Qoʻmondon.

Mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar yuksak ishonch va eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?