Valiysifat olim edi

22:56 03 Aprel 2022 Jamiyat
557 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, akademik Botirxon Valixoʻjayev haqida oʻylaganimda koʻz oldimda farishtasifat, odamiylik va olimlikni oʻzida mujassamlashtirgan inson gavdalanadi. Domla bilan birga ishlash, suhbatlashish, yaqin hamkorlik qilish baxtiga muyassar boʻlganimdan faxrlanib yuraman. Va halollik, kamtarinlik, mehr-oqibat nima ekanligini bilmoqchi, anglamoqchi boʻlganlar Botirxon Valixoʻjayev siymosini koʻz oldilariga keltirishi kerak, deb hisoblayman.

Ilm-fan fidoyilari

Umrimning ellik yili oliy taʼlim dargohlarida oʻtgan boʻlsa, Botirxon Valixoʻjayevday fidoyi, xokisor, bagʻrikeng, hassos insonni ham, olimni ham boshqa koʻrmadim, desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Domla mansab, shon-shuhrat tushunchalaridan juda-juda yiroq edi. U kishi nihoyatda vaqtni qizgʻanar, shu bois behuda ishlardan oʻzini olib qochardi. Imkoni boricha umrining har bir daqiqasini ilm-fan va taʼlimga bagʻishlardi. Eng asosiysi, domla haqida biron joyda, birorta insondan salbiy fikr eshitmaganmiz. Na kasbdoshlariga, na mahalladoshlariga va na oila aʼzolariga biror marta baland ovozda gapirganini hech kim eslolmaydi.

Botirxon Valixoʻjayev nafaqat katta olim, balki tom maʼnodagi pedagog ham edi. U kishi Samarqand davlat universitetidagi faoliyati davomida halollik timsoliga aylangandi. Nihoyatda oddiy yashashi, oʻta sodda yurib-turishi, taʼbir joiz boʻlsa, hatto chumoliga ham ozor bermaslik uchun ehtiyot boʻlib qadam tashlashi ibrat maktabidir. Olimdan hashamatli imoratlar, mol-dunyo qolgani yoʻq. Yaxshi nom qoldi, ulkan maʼnaviy meros qoldi.

Domla butun umrini oʻzbek adabiyoti tarixini tadqiq etishga bagʻishladi. Aniqroq qilib aytganda, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xoja Ahror Valiy haqidagi bebaho asarlari bugungi kunda millat mulkiga aylandi. Olimning asarlari, ilmiy tadqiqotlari nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun dunyoda maʼlumu mashhur edi.

Baʼzan oʻylab qolaman: qani endi hamma olimlar ham Botirxon Valixoʻjayevday boʻlsa. Domladay oʻz xalqini sevsa, Vatanini, millatini, ajdodlarini, tarixini oʻrgansa. Ushbu izlanishlar natijalarini jild-jild kitoblarga joylasa! Nazarimda, umr qadrini, vaqt qadrini hech kim ushbu alloma darajasida anglab yetmagan. Domla nafaqat oʻzbek, balki tojik adabiyotining ham haqiqiy bilimdoni edi. Xalqlarimiz doʻstligi haqida balki minbarlarda joʻshib gapirmagandir, lekin Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy timsolida oʻzbek va tojik xalqlari doʻstligiga haykal qoʻygandi.

Botirxon Valixoʻjayev bir paytlar Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Saʼdiy, Vohid Abdulla tomonidan asos solingan oʻzbek adabiyoti tarixining Samarqand maktabi salohiyatini butun jahonga namoyon etdi.

Ilmning ham bir qator yoʻllari borligini inkor etmasligimiz kerak: fan doktori, fan nomzodi yoki professor boʻlish bu olimlik martabasiga erishdi, degani emas. Afsuski, yozilgan dissertatsiyalar, chiqarilgan kitoblarning barchasi ham akademik ilm talablariga javob beravermaydi. Botirxon Valixoʻjayev bu borada ham mamlakatimiz olimlariga oʻrnak, namuna boʻladigan alloma edi. U kishi tomonidan yozilgan maqolalar, monografiyalar, bajarilgan ilmiy tadqiqotlar oʻta zalvorli. Ular, asosan, fanimiz uchun yangilik, kashfiyot edi. Lekin domla bu haqda biror joyda gapirmas, oʻzi toʻgʻrisida fikr yuritishga, hatto yubileyini oʻtkazishga ham yoʻl qoʻymasdi.

Amin boʻlganim: manfaat nimaligini bilmaslik, oʻziga ortiqcha baho bermaslik, oʻz ishidan qoniqmaslik, oʻzgalarda yoʻq boʻlgan xislatlarni ularga nisbat berish, sabr-toqat, haqiqiy tasavvufona hayot sohibi edi. Domla ustozlariga, shogirdlariga cheksiz ehtirom koʻrsatardi. Lekin oʻziga Gʻamxoʻrlik qilishlariga hech qachon yoʻl qoʻymasdi.

Hayot ekan, rahbarlik lavozimlarida ishlash davomida unvon, orden, medal, mansab talashganlarni koʻp koʻrdim. Yubileyini oʻtkazib berishimizni soʻraganlarga guvoh boʻldim. Lekin Botirxon Valixoʻjayevdan “Bizga nima xizmat bor?” deb soʻralganda, kitoblarini nashr etishimizni iltimos qilgan edi...

Olimlik chin maʼnoda, fidoyilik, oʻzini baxsh etish, oʻzini anglab yetish ekanligi Botirxon Valixoʻjayevning hayoti va ilmiy faoliyati misolida yaqqol koʻrinadi. Domlaning eng ulkan tadqiqotlaridan biri bu, shubhasiz, «Samarqandda oliy taʼlim — madrasai oliya, universitet tarixidan lavhalar» asaridir. Mazkur tadqiqot jahon oliy taʼlim tarixiga oid ulkan haqiqatlarni, qimmatli maʼlumotlarni tadqiq etgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu asarning 2003-yilda Istanbulda chop etilishi maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda eng ulugʻ voqealardan biri boʻlgan edi. Kamina ushbu asar yozilishida, chop etilishida qatnashganimdan, garchi nokamtarlik boʻlsada, tashabbuskor boʻlganimdan faxrlanaman. Samarqand davlat universitetida yaratilgan ushbu tadqiqot jahon oliy taʼlimi tarixini qaytadan oʻrganish, tadqiq etish zarurati borligini butun dunyoga koʻrsatgan va anglatgan edi. Olimning bu asari Samarqand jahon ilm fanining markazlaridan biri boʻlganligini, oliy taʼlimning beshigi ekanligini, bugungi ilk ilmiy-tadqiqot institutlari Ulugʻbek observatoriyasi misolida Samarqandda barpo etilganligini butun dunyoga isbotlab berdi.

Botirxon Valixoʻjayev hayot boʻlganida kecha 90 yoshni qarshilagan boʻlardi. Lekin insonning jismi abadiy emas. Shunday umrlar borki, ular boqiy yashaydi. Bu insonning ikkinchi umridir. Taassufki, bunday ikkinchi umr hammaga ham nasib etmaydi. “Jismimiz yoʻqolur, nomimiz qolur...” deganda shoir balki Botirxon Valixoʻjayevday olimlarni, ularning barhayot umrini nazarda tutgandir, ehtimol.

Samarqand davlat universiteti maʼmuriyati Botirxon Valixoʻjayevning 90 yilligi munosabati bilan olimning butun ilmiy merosini nashrga tayyorlash, chop etish, ushbu bebaho durdonalardan xalqimizni bahramand qilish borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Maqolaga «Valiysifat olim edi» deb sarlavha qoʻyar ekanmiz, bunda zarracha mubolagʻa yoʻq. Rostdan ham olimlarning valiysi boʻlsa, bu, shubhasiz, Botirxon Valixoʻjayevdir.

Rustam XOLMURODOV,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand

davlat universiteti rektori, professor, 

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?