Vaksinatsiya – jamoaviy immunitet kafolati!

13:13 06 Iyul 2021 Jamiyat
250 0

Bugun koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olishdan ogoh etuvchi eng samarali chora – vaksinatsiya ekanligi hech kimga sir boʻlmay qoldi. Hozirda dunyo mamlakatlarida koronavirusga qarshi vaksinaning u yoki bu turi bilan emlangan aholining hissasi tobora oshib borayotganligini koʻrishimiz mumkin. Raqamlarga murojaat qilsak, bugungi kunga qadar Buyuk Britaniyada aholining 66 foizi, Italiyada - 57 foizi, Germaniya va AQSHda - 55 foizi, Fransiyada -52 foizi, Xitoy va Turkiyada 43 foizga yaqini koronavirusga qarshi emlandi.

Vaksinatsiya hozircha koronavirusdan himoya qiluvchi eng yaxshi vosita hisoblanadi. Afsuski, baʼzida ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jarayon haqida noxolis tanqidlarga duch kelamiz. Goʻyoki, vaksinatsiya hech qanday samara bermaydi, emish. Bunday daʼvolar asossiz boʻlib, hech qanday zaminga ega emas. Bu aslida ayrim shaxslarning vaksinatsiyadan keyin u keltirib chiqaradigan vaqtinchalik asoratlar haqidagi uydirmasidan boshqa narsa emas. Albatta, har qanday darmondori singari vaksinaning ham oʻziga xos qoʻshimcha taʼsirlari mavjud. Ammo emlanmagan odam koronavirusni yuqtirib, bu laʼnati dardga mubtalo boʻlganidan koʻra, emlanish asoratidan vaqtinchalik jabr koʻrgani yaxshiroq emasmi, aslida?!

Oʻzbekistonda ham soʻnggi 3 oy ichida 700 mingga yaqin kishi (aholining 2 foizi) COVIDdan toʻliq emlandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda jami 7,4 million doza (shundan 6,5 million — Xitoy-Oʻzbekiston vaksinasi ZF Uz-VAC 2001 vaksinasi, 660 ming — AstraZeneca vaksinasi va 240 ming dona «Sputnik V” vaksinasi) mamlakatimizga olib kelindi. ZF Uz-VAC 2001 bilan emlashning toʻliq kursi uchun uchta doza, boshqa vaksinalar uchun ikkita doza zarurdir.

Vaksinatsiya yoʻlida ilk qadamlar qoʻyilgani ayni muddao. Biroq tan olish kerakki, respublikamizda emlash rejalari oʻz vaqtida bajarilmayapti. Vaholanki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti aholida kasallikka qarshi jamoaviy immunitet shakllanishi uchun u albatta emlanishi zarurligini taʼkidlab kelmoqda. Jamoaviy immunitet-shakllanishi uchun esa kamida 60-70 foiz aholi emlangan boʻlishi kerakligi aytilmoqda.

Shu bois, yurtdoshlarimizning albatta vaksina olishlari umumning manfaati uchun nihoyatda zarurdir. Bu jarayon qanchalik tez oʻtsa, shuncha yaxshi. Men oʻzim «Sputnik V” vaksinasi bilan 2-marta emlangan shaxs sifatida barcha yurtoshlarimizni vaksina qabul qilishga chaqirib qolaman. Zero, koronavirusga qarshi jamoaviy immunitetni shakllantirishning birdan bir yoʻli unga qarshi emlashdir.

Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?