Vaksinalash jarayonini yanada tezlatish zarur! — deputat

09:18 19 Aprel 2021 Jamiyat
581 0

Koronavirus pandemiyasini yengishda yana bir muhim omil bu shubhasiz vaksina hisoblanadi. Avval ham koʻp bora aytganimizdek, aholini katta qismini, ayniqsa xavfli kategoriyaga kiruvchilarni vaksina bilan emlash ishlarini tezroq tugatishimiz kerak.

SSV bergan maʼlumotga koʻra, 1-apreldan boshlangan emlash jarayonida 17-aprelga kelib jami 400 mingdan oshiq aholi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlangan. Oxirgi bir sutkada emlanganlar soni esa 33 mingtani tashkil etgan.

Vaholanki, vaksina boʻyicha parlamentda boʻlgan muhokamada bir kunda qancha odamni emlash quvvatiga ega sizlar deb soʻragan savolimga, SSV rahbariyati respublika boʻyicha jami emlash ishlari uchun 3 ming 138 ta emlash punkti, 862 ta harakatdagi mobil brigada faoliyati yoʻlga qoʻyilib, bitta emlash punktlarida bir kunda oʻrtacha 70 nafar fuqaroni emlash (kuniga jami 200 mingdan ortiq fuqaro degani) imkoniga ega ekanliklarini aytishgan edi. Lekin amalda emlanganlar soni tahlil qilinsa, bir kunda bitta emlash punkti 70ta emas, balki atigi 10 nafardan ham kamroq fuqaro emlanayotganini anglatadi.

Toʻgʻri, hozir faqat 65 yoshdan katta aholi emlanmoqda, lekin baribir bu koʻrsatkich juda past. Ehtimol mavjud vaksina zaxirasidan kelib chiqib, emlash jarayoni shu tezlikda amalga oshirilayotgandir? Yoki aholi orasida yaxshi targʻibot yoʻlga qoʻyilmagani sababli vaksina bilan emlanishni istovchilar soni kamligi uchun jarayon shunday sekin davom etyaptimi? SSV bunga aniqlik kiritsa, yahshi boʻlardi.

Kecha MK yigʻilishida Bosh vazir Abdulla Nigmatovich maʼlum qilishicha, aprel oyi oxiriga qadar mamlakatga 1 mln. dona Sputnik V vaksinalari keltiriladi. Shuningdek, Xitoy-Oʻzbek vaksinasidan ham yana 1 mln. dona olib kelinishi belgilangan. May oyida esa COVAX tomonidan yana 1 mln dozaga yaqin AstraZeneka vaksinalari joʻnatilishi kutilmoqda. Natijada, aholiga taqdim etiladigan vaksinalar turi 3 taga yetadi.

Umid qilamanki, vaksinalarning keyingi partiyalari olib kelinishi ortidan vaksina bilan emlanayotganlarning kunlik soni ham ortib bordi. Hech boʻlmasa bir emlash punktida kunlik 30 fuqaroni emlash koʻrsatkichiga chiqib olinsa, shunda 1 kunda oʻrtacha 100 mingga yaqin fuqaro emlanadi. Bir kishiga 2 doza vaksina qilinishi hisobga olinsa, shunda ham vaksina bilan birinchi navbatda emlanishi belgilangan 4,1 mln. fuqaroni emlash uchun kamida yana 3 oy vaqt ketadi.

Shuningdek, MK raisi aytishicha, oʻzbek olimlari tomonidan ham vaksina ishlab chiqarish boʻyicha jiddiy izlanishlar olib borilmoqda. Hozirda olimlarimiz tomonidan yaratilayotgan 2 turdagi vaksina Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti nomzod-vaksinalar roʻyxatiga kiritilib, vaksina ustidan klinik oldi sinovlar oʻtkazilmoqda ekan (https://www.who.int/publications/m/item/draft-landscape-of-covid-19-candidate-vaccines). Agar vaksina tadqiqotlari muvaffaqiyatli oʻtsa, yil oxirigacha Oʻzbekiston oʻz vaksinasini chiqarishi mumkin.

Bu ham albatta quvonarli xabar. Insoniyat koronavirus bilan hali uzoq yillar birga yashashga majbur ekanligini hisobga olsak, menimcha, har yili xuddi grippga qarshi vaksina kabi koronavirusga qarshi vaksina olish ham normal holatga aylanadi. Shundan kelib chiqib, kelajakda arzon, samarali va xavfsiz boʻlgan oʻz vaksinamizga ega boʻlishimiz foydadan holi boʻlmaydi.

Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?