Vafot etgani haqida uyiga “qora xat” kelgan otaxon Gʻalabaning 75 yilligini nishonlamoqda

17:45 08 May 2020 Jamiyat
639 0

Taqdir odamlarni turli sinovlarga yoʻliqtiradi. Xivalik Samandar ota Xudoyberganov ham ana shunday mushkul vaziyatlarni boshdan kechirgan inson. Ammo uning qismatida hayotning kutilmagan oʻyinlari ham roʻy bergan.

...1942-yil. U frontda fashizmga qarshi ayovsiz jang olib borayotgan damlar. Ne boʻladiki, Xivaga oʻlganligi haqida “qora xat” keladi. Samandar yolgʻiz farzand edi. Uning dogʻi yaqinlari, ota-onasi qaddini bir zumda bukib qoʻyadi. Ayniqsa, shum xabardan qattiq ezilgan onasi Shirin aya koʻz nuridan ajralib, ogʻir betob boʻlib qoladi.

Aslida “qora xat” notoʻgʻri maʼlumot tufayli joʻnatib yuborilgan edi. Mard oʻgʻlon hamon dushman qarshisida tik turib, unga qarshi ayovsiz kurash olib borayotgandi.

Oʻsha sovuq xabardan keyin oradan 6-7 oy oʻtadi. Samandar Xudoyberganov tinimsiz uyga maktub yozadi. Ammo javob olmaydi. Buning sababchisi tuman pochtachisi boʻlib chiqadi. “Qora xat” kelgan uyga kimdir Samandar nomidan xatlar yozib, ota-onasining yarasiga tuz sepmoqchi”, degan fikrda barcha xatlarni yirtib tashlayveradi. Biroq, maktublarning keti uzilmaganidan keyin oʻylanib qoladi. Shosha-pisha Samandar ilgari ishlagan idoraga nomalardan birini olib boradi. U yerda shogirdlari ustozlarining husnixatini tanib, oʻzi yozayotganini tasdiqlashadi.

Shundan soʻng hammalari birgalashib, farzandini allaqachon xayolan koʻmgan ota-onasiga borib, quvonchli xabarni yetkazishadi. Boʻlgan voqeani hikoya qilib berishadi. Jigarbandining ayriligʻidan qalbi qonga toʻlgan ota-ona boshida bu gaplarga ishonmaydi. Lekin haqiqat ularning goʻyo bitmas yarasiga malham boʻladi...

Urushda ikkinchi marta “dunyoga kelgan” Samandar ota, mana, bir asrlik dovondan oshib, bu yil 102 yoshni qarshi oldi.

Shu oʻrinda bir maʼlumotni keltirib oʻtish joiz. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan gʻalaba qozonishda, albatta, Xorazm ahlining ham munosib hissasi bor. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, urushning birinchi kunlaridanoq mazkur viloyat harbiy komissariyatiga ixtiyoriy ravishda frontga yuborish haqida 1156 ariza kelib tushgan, shundan 47 tasi ayollardan edi. Xorazmdan 67 mingdan ziyod yigit–qiz frontda qatnashadi.

Samandar ota 1941-yilda urushga safarbar etilgan. Kiyev, Sverdlovsk, Xarkov, Mariuopol, Melitopol, Voronej, Jitomir, Dnepropetrovsk oʻlkalaridagi qonli janglarda mardonavor ishtirok etgan. Buyuk Gʻalabadan bir oz oʻtib, aniqrogʻi, 1945-yilning iyun oyi oʻrtalarida Oʻzbekistonga qaytadi.

Afsuski, u kelganida onasi, Shirin momo olamdan oʻtgan edi. Hayot Samandar otani ana shunday ogʻir sinovlarga roʻbaroʻ qildi. Otaxon ularning barchasini qatʼiyat va iroda bilan yengib oʻtdi.

Otaxon 1964 — 1970-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutida tahsil olgan, oila qurgan. Turmush oʻrtogʻi Anabibi aya bilan 7 farzand tarbiyalab, ularning bari oliy maʼlumotli boʻlishiga erishgan.

Bayram munosabati bilan harbiy xizmatchilar urush faxriysi xonadonida boʻlishdi. Tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari Samandar otani tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. Mehmonlar hovlida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirib, ayyomga hozirlab qoʻyishdi. Yuqumli kasalliklardan himoyalash maqsadida hudud dezinfeksiya qilindi.
 

Qisqasi, hayotda “ikki marta tugʻilgan” Samandar ota bugun yuzlab nevara, chevaralar, farzandlar ardogʻida Gʻalabaning 75 yilligini nishonlamoqda.

Temur NARZIYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?